Home / FOTO LAVHALAR / “Imom Buxoriy va Sukarno” spektakli Indoneziyada namoyish etildi

“Imom Buxoriy va Sukarno” spektakli Indoneziyada namoyish etildi

Jakartada Kattaqoʻrgʻon shahar drama teatri hamda ushbu mamlakatning “Bumi Purnati” teatri hamkorligida sahnalashtirilgan “Imom Buxoriy va Sukarno” spektaklining premyerasi boʻlib oʻtdi.

Samarqand viloyati hokimligi va Oʻzbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan spektakl namoyishida Sukarnoning qizi, Indoneziyaning 5-prezidenti Megavati xonim, Indoneziya madaniyat vaziri, Jakarta shahar hokimi, Sukarno oilasi hamda viloyat hokimining oʻrinbosari R.Qobilov rahbarligidagi delegatsiya aʼzolari ishtirok etdi.

Taʼkidlash oʻrinliki, ushbu spektaklning ilk premyerasi 2024-yilning noyabr oyida Samarqandda, indoneziyalik teatr ixlosmandlari, delegatsiya aʼzolari ishtirokida oʻtkazilgan эди.

Xoʻsh, buyuk muhaddis Imom Buxoriy va Indoneziyaning davlat va jamoat arbobi Sukarno oʻrtasidagi bogʻliqlik nimalarda namoyon boʻladi?

Buyuk allomaning eng muhim asari – “Al-jomeʼ as-sahih”. Bu asar «Sahihul Buxoriy» nomi bilan ham mashhur. Uning gʻoyat ahamiyatli tomoni shundaki, Imom Buxoriygacha oʻtgan muhaddislar oʻz toʻplamlariga eshitgan barcha hadislarini tanlab oʻtirmay qatorasiga kiritaverganlar. Imom Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga boʻlib, ularning ishonchlilarini ajratib, alohida kitob yaratdi.

Imom Buxoriy toʻplamlariga kiritilgan hadislar faqat islom taʼlimotiga oid umumiy qoidalarni aks ettirish bilan cheklanib qolmaydi. Ular mehr-muhabbat, saxiylik, ochiq koʻngillik, ota-ona, ayollar va kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir-bechoralarga himmat, Vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va halollikka daʼvat etish kabi haqiqiy insoniy fazilatlar va namunali tartibotlar majmuasidir. Unda nima yaxshi, nima yomon, nimani qilish kerak, nimadan oʻzni tiyish lozimligi haqida hozirgi jamiyatimiz ahli, ayniqsa, yosh avlod uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega yoʻl-yoʻriqlar, pand-nasihat va oʻgitlar aks ettirilgan.Shu sababli Imom Buxoriyning asarlari jahon miqyosida katta eʼtibor va eʼtirofga sazovor.

Bugun ham ijtimoiy tarmoqlar orqali sharhlanayotgan Qurʼoni Karim suralarining oyatlari, duolar, hikmatli naqllarda, albatta, buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning nomi ehtirom bilan tilga olinadi.

Maʼlumki, Indoneziya dunyoda eng koʻp musulmon aholisiga ega boʻlgan davlat sanaladi. 1945-1967-yillarda ushbu mamlakatning davlat rahbari boʻlgan Sukarno 1956-yilda Moskvaga keladi. Tashrif davomida u hadis ilmining dahosi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish istagi borligini oʻsha davrdagi shoʻrolar saltanatining mutasaddilariga bildiradi. Mustabid tuzum davrida koʻplab buyuk allomalar kabi dunyoga dongʻi ketgan hadisshunos olim Imom Buxoriy soʻnggi qoʻnim topgan maskan qarovsiz, tashlandiq ahvolda edi.

Indoneziyalik mehmonning istagini roʻyobga chiqarishdan boshqa iloji qolmagan shoʻro davrining mutasaddilari oliy martabali mehmon boshchiligidagi delegatsiyaning safar muddatini ataylab choʻzish maqsadida uni Moskvadan Samarqandga poyezd orqali borishini tashkillashtiradi. Bu vaqt oraligʻida esa ulugʻ muhaddisning qarovsiz qolgan maqbarasi atrofi zudlik bilan obodonlashtiriladi. Shunday qilib, aynan Indoneziyaning davlat va jamoat arbobi Sukarno janoblari ikki mamlakat oʻrtasidagi ziyorat turizmiga asos solgan edi.

Oʻzbekiston va Indoneziya teatr ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Imom Buxoriy va Sukarno” spektakli ana shu qiziqarli va hikmatli voqea asosiga qurilgani bilan ahamiyatlidir.

Hamkorlikda sahnalashtirilgan spektakl indoneziyalik tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Nazokat Usmonova,

Check Also

Yassaviya tariqati va maʼnaviy meros: Tarix, tadqiqot va istiqbol

11-iyun kuni Toshkentda “Turk dunyosi va Piri Turkiston: Yassaviy yoʻli va merosi” mavzusida xalqaro ilmiy …