Home / IMOM DORIMIY / BUYUK MUHADDISLAR DOʻSTLIGI

BUYUK MUHADDISLAR DOʻSTLIGI

Movarounnahrning ikki buyuk muhaddisi Imom Dorimiy va Imom Buxoriy nafaqat bir davrning ulamosi, balki oʻrtalarida yaqin doʻstlik munosabatlari qurilgan hamfikr, hammaslak olimlardir. Biri ustoz, ikkinchisi shogird maqomida boʻlsa-da, tarix ularning birodarlik rishtalarini koʻproq madh etgan.

Imom Dorimiy Buxoriydan 13 yil oldin, 797-yil Samarqandda tugʻilgan. Buxoriy esa 810-yili Buxoroda tavallud topgan. Oradagi yosh farqi sabab Dorimiy nisbatan ertaroq mashhurlikka erishgan. Imom Buxoriy hali ilmning ilk bosqichlari chogʻida Dorimiyning nomi Misr va Shomgacha yetib borgan edi.[1]

Aynan yosh farqi Dorimiyning ustoz, Buxoriyning shogird maqomida turishining asosi boʻlgan deyishimiz mumkin. Ular orasida ustoz-shogird munosabati boʻlganini manbalar tasdiqlaydi. Buxoriy “Sahihul Buxoriy”dan boshqa asarlarida Dorimiydan rivoyat qilgan. Shuningdek, Dorimiy Imom Muslim, Abu Dovud va Termiziy kabi muhaddis ulamolarning ham ustozidir.[2]

Bu ikki doʻstni Muhammad ibn Bashshor shunday eʼtirof etadi: “Dunyoda toʻrtta buyuk hofiz bor. Bular: Rayda Abu Zurʼa, Nishopurda Imom Muslim, Buxoroda Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Samarqandda Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy”.[3]

Muhaddislar oʻn birinchi tabaqa roviylar oilasiga mansubdir. Ibn Hajar Asqaloniy sahobalardan boshlab rivoyat asrining soʻngigacha boʻlgan roviylarni oʻn ikki tabaqaga ajratgan. Oʻn birinchi tabaqaga taba tobeindan rivoyat qilganlarni kiritgan boʻlib, Dorimiy[4] va Buxoriyni[5] mazkur tabaqa vakillari sifatida qayd etgan.

Dorimiy ham Buxoriy singari oliy sanad sohibidir. Uning “Sunan”ida uch roviyli 23 ta hadis mavjud. Buxoriyning “Sahih”ida esa bunday hadislar soni 22 ta. Dorimiyning shogirdi va “Sunan” roviylaridan biri Iso ibn Umar mazkur hadislarni toʻplab, “Sulosiyoti Dorimiy” nomi bilan ilm ahliga taqdim etgan.[6] Ushbu asar Abdulhamid Shanuha tarafidan “Sulosiyotul Buxoriy, at-Termiziy, Ibn Moja, ad-Dorimiy” nomli kitobga kiritilgan. U 1985-yil Bayrutda nashr etilgan. 1986-yil Damashqda Ali Rizo Abdulloh va Ahmad Barza tahqiqi bilan nashr etilgan nusxada esa 15 ta sulosiy hadis joy olgan.[7] Ushbu nashrda takrorlangan hadislar chiqarib yuborilgani sababli ularning soni kamaygan boʻlishi mumkin. Chunki Imom Buxoriyning “Sulosiyoti”da ham hadislar sanad jihatidan 22 ta boʻlsa-da, matnga koʻra 17 tadir.[8]

“Sunani Dorimiy” va “Sahihul Buxoriy”da uslub jihatdan baʼzi oʻxshashlik koʻzga tashlanadi. Masalan, boblar uchun tanlangan nomlar mualliflarning fiqhiy va aqidaviy qarashlarini ifoda etadi. Oʻrni kelganda hadislarni takrorlashda ham oʻxshashlikni koʻramiz. Ayniqsa har ikki asarda mavjud “Riqoq” (“Zuhdga targʻib”) boʻlimidagi 25 ta bobga bir xil yoki oʻta oʻxshash nom tanlangani eʼtiborga molikdir. “Sogʻlik va boʻsh vaqt”, “Tilni saqlash va sukut”, “Dunyo neʼmatlari” singari nomlar shular jumlasidan.[9]

Dorimiy Imom Buxoriyni juda hurmat qilgan. Qadrini, darajasini munosib baholagan. Bu olimning tilidan chiqqan quyidagi eʼtiroflarda yaqqol namoyon boʻladi:

Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiydan Solim ibn Abu Hafsaning hadisi haqida soʻrashdi. Imom Dorimiy: “Biz Muhammad ibn Ismoil bilan birga hadis yozgan edik. Shunda Muhammad ibn Ismoil: “Solim zaifdir”, degan edi”, dedi. “Oʻzingiz nima deysiz?” deyilgan edi, u: “Muhammad mendan koʻra biluvchiroq emasmi?” mazmunida javob berdi. Shuningdek, bu rivoyat ikki muhaddisning bir dars halqasida boʻlgani, qanchadir muddat birgalikda taʼlim olganini ham ifodalaydi.

Sulaymon ibn Mujolid bunday deydi: “Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiydan Muhammad haqida soʻradim. U: “Muhammad ibn Ismoil eng bilimdonimiz, faqihimiz, ildizigacha anglovchi va eng izlanuvchimizdir”, deb javob berdi”.

Abu Said Muaddib hikoya qiladi: “Abdulloh ibn Abdurahmondan eshitdim: “Muhammadning hadis oʻrganishi bizning oʻrganishimizga oʻxshamasdi. U biror kishining hadisini muhokama qilsa, uning shaxsiyatini ham toʻliq oʻrganib chiqardi”.[10]

Abdulloh ibn Abdurahmonning kotibi Isʼhoq aytadi: “Abdulloh mendan Muhammad ibn Ismoilning “Adabul mufrad” kitobi haqida soʻradi. “Mutolaa qilishim uchun kitobni menga keltirib bergin”, dedi. Kitobni olib, uch oycha oʻqidi. Undan kitobni qaytarib olayotib: “Biror ortiqcha gap yoki zaif hadisga koʻzingiz tushdimi?” dedim. U: “Ibn Ismoil odamlarga faqat sahih hadis aytadi. Muhammadning hadislari inkor qilinmaydi”, dedi”.[11]

Mazkur eʼtiroflarga mos ravishda Imom Buxoriy ham ustoziga nisbatan hurmat va ehtirom koʻrsatar edi. Isʼhoq ibn Ahmad aytadi: “Biz Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning yonida oʻtirgan edik. Unga Imom Dorimiyning vafot etgani yozilgan maktub keldi. U bundan iztirobga tushib, munkayib qoldi, keyin boshini koʻtarib, istirjo aytdi. Koʻz yoshlari yonoqlariga tusha boshladi. Umrida hech sheʼr oʻqimagan Buxoriyning ogʻzidan quyidagi misralar toʻkildi:

“Oxirida qolsang doʻstlaring oʻlimi achchigʻini totishga majbursan,

Ammo sening oʻliming yanada koʻproq mahzunlik berdi”.[12]

Buyuk muhaddislarning oʻzaro munosabati ham buyuk edi. Olimlarga xos odob, bir biriga nisbatan cheksiz hurmat-ehtirom ularning goʻzal tarixini yanada ibratli qilib koʻrsatadi. Sunnatni tiriltirib, uning sofligini taʼminlashda bemisl xizmat qilgan bu ikki muhaddisning doʻstlik aloqalari ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻgitlari ustiga qurilgan edi. Ular qoldirgan ilmiy meros ham allomalar hayotiga hamohang yonma-yon oʻrganib, foydalanib kelinmoqda.

Usmonxon MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Abdullah Aydınlı. Dârimî. İstanbul: TDV İslâm ansiklopidisi, 1993. –J. 8. –B. 494.
[2] Ibn Hajar Asqaloniy. Tahzibut tahzib. – Bayrut, 1984. –J.5. –B. 258.
[3] Zahabiy. Siyar. –Bayrut: Muassasatur risala, 1996. –J. 12. –B. 226.
[4] Ibn Hajar. Taqribut tahzib. –Ar-Riyad: Dorul Osima, 2002. –B.522.
[5] Oʻsha asar. –B. 81.
[6]Sezgin. Târîhuʼt-turâsiʼl-Arabî. Riyad, 1991. –J.1. –B.220.
[7] Arafat aydın. Dârimîʼnin Peygamber Anlayışı. Yüksek lisens tezi. Marmara Üniversitesi, 2008. –B. 9.
[9] Sadettin Yüce. Dârimî ve Buhârîʼnin Rikâk Bülümlerinin Tahlili. Yüksek lisens tezi. Sakarya Universitesi, 2010. –B. 43.
[10] Zahabiy. Siyari aʼlomin nubalo. –Bayrut: Muassasatur risala, 1983. –J. 12. –B. 426-427.
[12] Ahmet Yıdırım. Dârimî ve Süneni. Yüksek lisens tezi. Uludağ Universitesi, 1990. –B.14.

Check Also

“JONLI” va “JONSIZ” tarbiya

«Agar ogohsan sen – shohsan sen. Agar shohsan sen – ogohsan sen» “Avliyolarning avliyosi”, “mutafakkirlarning …