Home / MAQOLALAR / OʻZBEKISTON TARAQQIYOTINING YANGI BOSQICHIDA SOGʻLIQNI SAQLASH TIZIMI HUQUQIY ASOSLARINING TAKOMILLASHTIRILISHI

OʻZBEKISTON TARAQQIYOTINING YANGI BOSQICHIDA SOGʻLIQNI SAQLASH TIZIMI HUQUQIY ASOSLARINING TAKOMILLASHTIRILISHI

Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasi taraqqiyotida uning huquqiy asoslarining yaratilishi va takomillashtirilishi muhim ahamiyatga egadir. Mustaqillik yillarida sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida aholi salomatligini saqlashning yangilangan tizimi shakllantirildi. Mazkur tizim faoliyati natijasida eng zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda davolash usullari keng miqyosda rivojlandi. Ammo, shunga qaramasdan, mazkur sohaning rivojlanishiga xalaqit beruvchi bir qancha omillarning hozirga qadar saqlanib qolayotganligi hech kimga sir emas. Bunday muammolar esa soha huquqiy asoslari yoʻnalishida ham kuzatildi. Shu sababdan, tizim huquqiy asoslarining takomillashtirilishi jarayonini yoritish va uni ilmiy tahlil qilish dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.

Mustaqillik yillarida aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi 1996-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan mustahkamlandi[7]. Ushbu Qonunni amaliyotga tatbiq etish maqsadida 1998-yil 10-noyabrda “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni eʼlon qilindi[9]. Ushbu Farmon zamonaviy talablarga javob beradigan va Respublikaning barcha hududlarida aholiga malakali xizmat koʻrsatadigan yaxlit tizimni shakllantirishda muhim omil boʻldi. Ammo, shunga qaramasdan, soha taraqqiyotiga xalal beruvchi bir qancha omillarning saqlanib qolayotganligi tizim faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish vazifasini kun tartibiga qoʻydi.

Soha taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ham nazarda tutilgan edi. Shu bilan birga, Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi nutqida ham bu boradagi vazifalar eʼlon qilindi. Jumladan, Prezidentimiz: “Biz uchun bebaho boylik boʻlgan inson salomatligini asrash maqsadida sogʻliqni saqlash sohasini, eng avvalo, uning birlamchi boʻgʻinidagi boʻlinmalari va qishloq vrachlik punktlarining faoliyatini tubdan takomillashtirish, tez tibbiy yordam va yuqori texnologiyalar asosida xizmat koʻrsatadigan, ixtisoslashgan maxsus markazlarni yanada rivojlantirish yuzasidan chora tadbirlar kompleksini amalga oshirish Hukumatning eʼtibor markazida boʻlishi darkor” [1] deya aytib oʻtgan edi. Ushbu vazifalarning kun tartibiga qoʻyilishi soha huquqiy asoslarini takomillashtirishni talab qildi. Shu sababdan ham mazkur tadbirlarning amalga oshirilishi uchun soha huquqiy asoslarini takomillashtirish ishlari boshlandi. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni eʼlon qilindi [2]. Mazkur hujjatning toʻrtinchi yoʻnalishi “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari”ga bagʻishlangan boʻlib, uning “Aholini ijtimoiy himoya qilish va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish” deb nomlangan 2- bandida aholi salomatligini asrash borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar roʻyxati keltirildi[14]. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun 78 ta tuman tibbiyot birlashmasini, 7 ta shahar va 2 ta viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazini qayta qurish, tez tibbiy yordam xizmatini 1200 ta maxsus avtotransport bilan taʼminlash rejalashtirildi[3].

2017-yilda sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” (2017-yil 16-mart)gi Farmoni, shuningdek, “Dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini sotish, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” (2017-yil 14-fevral), “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” (2017-yil 1-aprel) [4], “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora – tadbirlari toʻgʻrisida” (2017-yil 4-aprel), “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021-yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” (2017-yil 20-iyun), “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” (2017-yil 17-iyul), “2018-2022-yillar davrida bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi toʻgʻrisida” (2017-yil 25-dekabr), “Oʻzbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” (2018-yil 25-yanvar), “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”(2018-yil 25-yanvar)gi qarorlari eʼlon qilindi.

Hukumat tomonidan qabul qilingan yangi farmon va qarorlar zamon talablari asosida ishlab chiqildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yilda eʼlon qilingan “Tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qarorida [6] nazarda tutilmagan jihatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yildagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida [5] oʻz aksini topdi. 2018-yilda qabul qilingan “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qarorida[15] esa ushbu tizimni rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari, tez tibbiy yordam xizmati sifati va natijadorligini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam sohasida ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash chora – tadbirlari belgilandi. Jumladan, shu kunga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi asosan, tez tibbiy yordam koʻrsatishga ixtisoslashgan muassasa boʻlib kelgan edi. Lekin, afsuski, bu tizimda eng yangi ilmiy tadqiqotlar olib borilishi jarayoniga yetarli eʼtibor berilmadi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Prezident Farmonining 3-bandiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi deb qayta nomlandi[5] va uning faoliyatida shu soha boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilishi belgilandi. Shu bilan birga, hozirgi kunda tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan bajarilayotgan chaqiriqlarning 30 foizi inson hayotiga xavf tugʻdirmaydigan surunkali kasalliklar boʻyicha bajarilayotgani aniqlandi [10]. Shu sababdan, 103 telefon raqami orqali tushayotgan har bir chaqiriqni, uning ustuvorlik va shoshilinchlik darajasidan qatʼiy nazar, soʻzsiz bajarish qoidasiga asoslangan va shu kunga qadar oʻzini oqlamagan tashkiliy tuzilmaning bartaraf etilishi, barcha tez tibbiy yordam stansiyalari qoshida tez tibbiy yordamni chaqirishga moʻljallangan tunu kun ishlaydigan, yagona telefon raqamining uzluksiz faoliyatini taʼminlaydigan Call – markazlar tashkil etilishi belgilandi[10].

Shu bilan birga, hozirgi kunga qadar tibbiyot muassasalari tomonidan tez tibbiy yordamni asossiz ravishda rad etish holatlari asosiy muammolardan biri boʻlib keldi. Shu sababdan ham qarorda bunday salbiy holatni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi. Jumladan, qarorning 10-bandida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda tibbiyot muassasalari rahbarlarini mazkur muassasalar tomonidan shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatish asossiz ravishda rad etilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga maʼmuriy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin[15] deya belgilandi.

Farmatsevtika faoliyatini tartibga solish boʻyicha ishlab chiqilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar yoʻnalishida ham bir qancha oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “Dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini sotish, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi. Mazkur Qarorning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 7-apreldagi “Farmatsevtika va tibbiyot faoliyatiga litsenziya berishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorining tubdan yangilanishiga olib keldi. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yildagi “Farmatsevtika va tibbiyot faoliyatiga litsenziya berishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorida litsenziya beruvchi organ sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilangan boʻlib[11], bu oʻz davri uchun toʻgʻri qaror boʻlsa-da, keyinchalik litsenziya berilishining markazlash-tirilishi litsenziya oluvchilar uchun, ayniqsa, uzoq chekka hududlardan kelgan talabgorlarga bir qancha noqulayliklarni tugʻdirar edi. Shu sababdan ham yangi qaror asosida mazkur kamchiliklar bartaraf etildi. Jumladan, 2017-yil 1-apreldan boshlab farmatsevtika faoliyatining turi – dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishni litsenziyalash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi[13]. Shu bilan birgalikda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi qarori asosida “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”, “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya berish boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisida Nizom”, “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya berish boʻyicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi” va “Farmatsevtika faoliyatini (dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish bundan mustasno) litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”lar tasdiqlandi [12]. Mazkur Nizomlarning qabul qilinishi soha faoliyatining yanada takomillashtirilishida muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Tadbirkorlik subyektlarining hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonidagi ortiqcha sarf xarajatlarni qisqartirish va ularga yanada kengroq imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida ham “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga ham tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Jumladan, mazkur Nizom asosida dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatish yagona portali orqali amalga oshirilishi belgilandi [12]. Bu esa oʻz navbatida, tadbirkorlik subyektlarining bu boradagi imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berdi.

Yangi nizom avvalgisidan koʻra aniqlik daraja-sining yuqoriligi hamda mazkur faoliyat turidagi har bir mayda detallarning nazarda tutilganligi bilan ham muhim ahamiyatga ega boʻldi. Jumladan, 2-ilovaning “Dorixona xonalari va asbob-uskunalariga qoʻyiladigan talablar” va “Dorixona xonalarini yoritish va sanitariya jihatdan obodonlashtirish” deb nomlangan 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan qoidalar zamon talablarini oʻzida aks ettirdi. Xususan, dorixonalarning ostonasidan tortib shiftigacha, vitrinalardan tortib yoritgich uskuna-larigacha boʻlgan barcha jihatlar hisobga olindi.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, 2017-yilda sogʻliqni saqlash sohasi huquqiy asoslarining takomillashtirilishi borasida katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mazkur yilning oktyabr oyiga qadar boʻlgan davrda sohani yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin Farmon va qarorlar qabul qilindi [8]. Mazkur davrda amalga oshirilgan ishlarni shartli ravishda ikki qismga boʻlish mumkin.

Soha huquqiy asoslarining bir qismi zamon talablari asosida yangilandi. “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora – tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, “Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotish, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qarori va boshqa hujjatlar sohaning prinsipial jihatdan yangicha yondashuv asosida faoliyat yuritishiga asos boʻldi.

Sogʻliqni saqlash sohasida huquqiy normativ hujjatlarning bir qismi yangidan tasdiqlandi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, “2018-2022-yillar davrida bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi toʻgʻrisida” va boshqalarning qabul qilinishi sogʻliqni saqlash tizimida yangi yoʻnalishlarning yanada rivojlanishiga keng yoʻl ochdi.

Yuqorida nomlari keltirilgan farmon va qarorlarda mavjud kamchiliklar koʻrsatilishi bilan birgalikda ularni bartaraf etishning prinsipial yangi yoʻnalishlari belgilab berildi. Bu esa oʻz navbatida soha taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun sharoit yaratdi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi nutqi. Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz / Oʻzbekiston ovozi., 2016-yil 15-dekabr № 150 (32.209) – son.
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni //Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida/ Xalq soʻzi, 2017-yil 8-fevral. № 28 (6722).
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoniga sharh/ Xalq soʻzi, 2017-yil 8-fevral. № 28 (6722).
  4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2863-son qarori/ Xalq soʻzi. 2017-yil 4- aprel, № 66 (6760)-son.
  5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni: “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora – tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami 2017-yil 22-mart № 11(771)-son. –B. 4-8. 152 –modda.
  6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori. Tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida// Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami 2009-yil 21-son 250 –modda.
  7. Oʻrozov A. Farzandlari sogʻlom yurtning kelajagi buyukdir/ Xalq soʻzi. 2017-yil 6-yanvar. № 4(6698).
  8. OʻzA. Tibbiyot sohasidagi islohotlar aholining hayotdan roziligi, el-yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilsin/ Xalq soʻzi. 2017-yil 19-oktyabr. № 211(6905)
  9. https://lex.uz/docs/221286
  10. http://www.minzdrav.uz/uz/documentation/detail.php?ID=54375
  11. https://lex.uz/docs/1612268
  12. https://lex.uz/docs/3204383
  13. https://lex.uz/docs/3116131
  14. uz/docs/3107036
  15. lex.uz/docs/3524650.

SANJARBEK DJUMANOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

ISTIGʻFORNING 72 ta XISLATI

ISTIGʻFORning 72 ta XISLATIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: Kalomulloh – Qurʼoni karimning muborak …