Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY” INSONLARNI ILMGA CHORLAYDI

“SAHIHUL BUXORIY” INSONLARNI ILMGA CHORLAYDI

“Alloh jalla zikruhu aytadi: “Bandalar orasida Allohdan faqat olimlarigina qoʻrqarlar”[1].

“Lekin ularga faqat olimlarning aqli yetar”[2].

“Quloq solganimizda yo aql yuritganimizda edi, lovullagan otash sohiblari orasida boʻlmas edik”, derlar”[3].

“Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlarmidi?![4]

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi. Albatta, ilm faqat taʼlim olish bilandir”[5].

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Rabboniy (yaʼni, hakim va faqih) boʻling”.

“Rabboniy – odamlarni ilmning kattalaridan avval kichiklari bilan tarbiyalaydigan inson”, deb ham aytiladi”[6].

Imom Buxoriy oʻzining shoh asaridagi “Ilm kitobi”ning 10-bobini shunday boshlaydi.

Muhaddis Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soʻzlarini keltirishdan oldin Haq taoloning oyatlarini zikr etyapti. Allohdan, yaʼni Uning qahri va azobidan olimlargina qoʻrqadi. Buning maʼnosi shuki, ilmli odam (olim) yomonlik jazosiz qolmasligini biladi. Bu haqiqatni faqat olimlar (jazo muqarrarligini biluvchilar) anglab yetadi. Shuning uchun oʻylamay-netmay ish qilganlar va tavbasiga tayanmaganlar “aql yuritganimizda edi, lovullagan otash sohiblari orasida boʻlmas edik”, deydi.

Imom Buxoriy bevosita hadisga oʻtishdan oldin biladiganlar bilmaydiganlar bilan sira ham teng boʻla olmasligi toʻgʻrisidagi oyatni zikr qilyapti. Unda rohatga erishgan bandani azobga uchragan kishi bilan qiyoslab boʻlmasligi bayon etilmoqda. Bu oʻrinda ogohlantirish ham, ilmga undash ham bor. Yaxshilik bilan yomonlikni farqlamagan inson gʻofilligi bois koʻp gunohlarga qoʻl uradi va oqibatda azobga mubtalo boʻladi. Yaxshilik yoʻlida yurgan kishi ibodat, taqvo va itoatga oid ilmlarni biladi, dunyoni taniydi, shu sababli, albatta, mukofotini oladi.

Tabiiyki, ilm faqat diniy jihatdan iborat emas. Ongli inson yoshi, jinsi, balogʻati qay darajada boʻlishidan qatʼi nazar, hamisha hayot sir-sinoatlari, inson fitrati, voqea-hodisalarning sabab, mohiyat va omillarini bilishga intiladi. Shu sababli koʻp mutolaa qiladi, ilm ahlining suhbatlariga shoshiladi. Misol uchun, suvning uch (suyuqlik, gaz va kristall) holatini mulohaza qilishning oʻziyoq kishini bugʻlanish, iqlim, kimyoviy va biologik jarayonlar kabi ilmlarga boshlaydi. Buni chuqurroq oʻrganganidan keyin golfstrim, ikki qutb va togʻlardagi muzliklar, atmosfera bosimi, soy, daryo, dengiz va ummonlardagi jarayonlar bilan bogʻliq hodisalarni anglab yetadi. Ob-havoni bashorat qilishning zamirida shu ilmlar mujassam.

“Oʻzingiz ichayotgan suvni (oʻylab) koʻrdingizmi?! Uni bulutlardan siz yogʻdirdingizmi yoki Biz yogʻdiruvchimizmi?! Agar xohlasak, uni shoʻr va achchiq qilib qoʻygan boʻlur edik. Bas, (shu obi hayot uchun ham) shukr qilmaysizmi?!”[7]

Yaratganning dunyoni nechogʻli mukammal qilganini bilgan kishidan yomonlik chiqmaydi. Buyuk ajdodlarimiz bu komillikni koʻrish, kashf etishda (Ey inson!) Rahmonning yaratganida biror tafovut (nuqson) koʻrmassan”[8] kabi oyatlardan ilhom olgan va diniy ilm asosida dunyoviy ilmlarni rivojlantirgan. Mirzo Ulugʻbek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy kabi daholar bolaligidayoq Musʼhafi sharifni yod olgani barchamizga yaxshi maʼlum. Deylik, Zamaxshariy Qurʼonning nafosatiga mahliyo boʻlgani uchun arab tilini, uning lahjalarini oʻrgangan va asrlar davomida kitoblari qoʻldan tushmay kelayotgan grammatika olimi boʻlib yetishgan[9]. Xorazmiy Yer meridianining 1 gradusini oʻz davri uchun juda yuqori aniqlikda hisoblab chiqqan[10]. Bunday ibratli misollar juda koʻp.

Soʻzni qisqa hikoya bilan yakunlaymiz.

Bir sudya ishini oʻzgartirib, oʻqituvchilik qila boshlabdi. Sababini soʻrashganda, bunday javob qilibdi:

– Sudlanuvchilarga razm solsam, aksariyati yo oʻqimagan, yo toʻgʻri qarashga ega boʻlmagan odamlar ekaniga guvoh boʻldim. Shunda “barglar bilan shugʻullanmasdan ildizni toʻgʻrilash kerak”, degan xulosaga keldim. Savodsizlik qancha kam boʻlsa, jinoyat shuncha kam boʻladi. Jamiyatning rivoji uchun sifatli taʼlimning oʻrni bebahodir…[11]

[1] Fotir surasi, 18-oyat.
[2] Ankabut surasi, 43-oyat.
[3] Mulk surasi, 10-oyat.
[4] Zumar surasi, 9-oyat.
[5] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 1-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2013. B. – 175.
[6] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 1-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2013. B. – 176.
[7] Voqea surasi, 68-70 oyatlar.
[8] Mulk surasi, 3-oyat.
Anvar BABAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot ilmiy xodimi

Check Also

“JONLI” va “JONSIZ” tarbiya

«Agar ogohsan sen – shohsan sen. Agar shohsan sen – ogohsan sen» “Avliyolarning avliyosi”, “mutafakkirlarning …