Home / MAQOLALAR / FUTUVVAT FALSAFASIDA KOMIL INSON MASALASI

FUTUVVAT FALSAFASIDA KOMIL INSON MASALASI

Islomiy tariqatlar sifatida futuvvat ham, tasavvuf ham insonni poklashga, mehr-shafqat, himmat va mardlik fazilatlarini egallashga daʼvat etadi. Shu jihatdan Alloh ishqida dunyodan yuz oʻgirgach, jismini maʼnaviy kamolot yoʻlida baxshida etgan darvesh bilan birodarlik va fidoyilik tuygʻusiga sodiq javonmardning maqsadi mushtarak edi.

Koshifiy oʻz asarida futuvvat mohiyati, uning ruknlari va odobi haqida ham qiziqarli maʼlumot beradi. Uning yozishicha, futuvvat sifatlari namoyon boʻlgan odamni “fatiy” deb ataydilar va buning lugʻaviy maʼnosi yoshlik demakdir. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, futuvvat soʻzi yosh yigitga nisbatan ishlatiladi. Bundan boshqasi majoziy yoki koʻchma maʼnodadir. Majoziy maʼnoda insoniy fazilatlar nuqtayi nazaridan kamolot chegarasini zabt etgan odamga nisbatan qoʻllaydi va majoz deyilishiga sabab shuki, modomiki solih (hali) nafs havasi tuzogʻida tabiiy ehtiyojlar bilan band ekan, u goʻyo goʻdakka oʻxshaydi, nafs martabasidan taraqqiy etib, dil maqomiga yetishsa, balogʻat ostonasidagi yosh oʻspirin qabilida boʻladi. Yosh yigitda esa qon qaynoq, badan va jismoniy quvvat yetarli boʻlganidek, javonmardlarda ham insoniy kamolot bilan birga maʼnaviy quvvat mavjuddir va ushbu martabadagilar “fatiy” deyiladi.  

Demak, futuvvatning mazmuni va mohiyati jismoniy quvvat, insoniy kamolot va maʼnaviy quvvat mujassamligidir.

Javonmardlikning nihoyati  yaxshilik yoʻlida jondan kechishga tayyor turish, fidoyi qalb egasi boʻlishdir.

Koshifiy futuvvatning ruknlari (ustunlari) haqida toʻxtalar ekan, uning oʻn ikkita, yaʼni oltita zohiriy va oltita botiniy rukni borligini taʼkidlaydi. 

Koshifiy oʻz asarida futuvvatning zohiriy ruknlari sifatida quyidagilarni sanab oʻtadi: 
Birinchisi – gʻiybat, yolgʻon, boʻhton va behuda soʻzlardan tilni tiyish. Zero, Koshifiy nazarida tilidan xalqqa ozor yetmaydigan odamgina futuvvatga daʼvo qila oladi;
 Ikkinchisi  – nojoʻya, nomaqbul soʻzlar, boʻhton, gʻiybatdan quloqni berkitish;
Uchinchisi – koʻrish nojoiz hisoblangan narsalardan koʻzni yumish.
Toʻrtinchisi – harom narsalardan, xalq ozoridan qoʻlni tortish.
Beshinchisi – borish man qilingan joylardan oyoqni tortish. Haqorat va gunohga sabab boʻladigan, gap tashish va ziyon-zahmat, ozorga yetaklaydigan ishlarga qadam qoʻymaslik;
Oltinchisi – harom ovqatlardan ogʻizni va zinodan aʼzoni berkitish. Zino –futuvvat ahdini buzish, haromxoʻrlik esa uning rishtasini uzishdir.
Koshifiyning taʼkidlashicha, botiniy ruknlar quyidagilar:
Birinchisi – saxovat, yaʼni tilamasdan burun oʻz vaqtida bagʻishlamoq, oqibatini oʻylamaslik, layoqat va qobiliyatini andisha qilmaslik;
Ikkinchisi – tavoze, yaʼni boshqalarni oʻzidan afzal bilmoq, barchaga kamtar va xokisor munosabatda boʻlish;
Uchinchisi – qanoat, yaʼni odamlar boshiga tushadigan azob-uqubat va falokat ortiqcha narsalarga ega boʻlish hirsidandir;
Toʻrtinchisi – afv va marhamat, yaʼni xalqqa shafqat koʻrsatmoq, kishilar gunohini kechirmoq, iloji boricha ularga yaxshilik va muruvvat bilan muomala qilish;
Beshinchisi – gʻururni tark etish. Yaʼni qanchalik maʼqul va maqbul ishlarni amalga oshirsa ham magʻrur boʻlmaslik. Zero, Iblis kibru havo tufayli jannatdan badargʻa boʻldi;
Oltinchisi – qurb (ilohiyotga yaqinlashish) va vaslat maqomiga badan vujudi, dili joni bilan intilish. Yaʼni koʻngil uyini riyozat supurgisi bilan changu gʻubor, chiqindilardan tozalab turish, toki koʻngil ishq sultoni oʻtiradigan taxtga aylansin. Zero, koʻngil dunyo tashvishlaridan qutulmas ekan, u doʻst muhabbatining makoniga aylanadi. 

Koshifiy oʻz asarida futuvvatning yetmish bitta sharti haqida toʻxtalib, uning qirq sakkiztasi vujudiy, yigirma uchtasi azaliy (parhez qilinadigan) shartlar ekanini taʼkidlaydi.

Tarixiy manbalarni oʻrganish futuvvat ahlini oʻziga xos xislatlaridan kelib chiqib, javonmardlar, axiylar yoki fatiylar deb atalganining guvohi boʻlamiz. Javonmardlar faqat yaxshilikni oʻylab, uni amalga oshirishdan charchamaydigan, ezgu xulq-atvorga ega, muhtojlarga doimiy yordam qoʻlini choʻzadigan, pirlar, ustozlar, doʻst-birodarlar nomusi va sharafini himoya qiladigan zohiran hamda botinan pok insonlar edi.

Shunisi eʼtiborliki, javonmardlik Xuroson va Movarounnahr shaharlarida X asrdan boshlab harakat sifatida keng quloch yoygan. Javonmardlar yoki futuvvatchilar muayyan qoida – talablarga rioya qilib, maʼnaviy va jismoniy yetuklikka intilgan. Ular nazarida inson Alloh tomonidan yaratilgan ilohiy zot boʻlgani uchun ham uning qadri hamma narsadan ustun turadi. Shu bois ham javonmardlar har qanday boylikni nazar-pisand qilmagan va ularni inson kamoloti yoʻlidagi bir vosita deb bilgan, xolos.

Sharqda futuvvat harakati insonparvarlikning yorqin namunasidir. Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” asari tarjimoni professor Najmiddin Komilov kitobning kirish qismida arab sayyohi Ibn Battuta (XIV asr) qalamiga mansub “Safarnoma” asaridan javonmardlar haqidagi fikrlarni keltirgan. Bunda taʼkidlanishicha, “Men dunyoni kezib, bunday odamlar (javonmardlar)dan koʻra ezgu niyatli va ezgu xulqli kishilarni koʻrmadim. Sheroz va Isfahon aholisi garchi oʻzini  javonmardlarga oʻxshatsa-da, ammo ular (Xorazm va Movarounnahr javonmardlari) gʻarib-musofirlarni siylash va mehmondorchilikda ulardan baland turadi. Ularni (javonmardlarni) Iroqda shotir, Xurosonda sarbador,  Magʻribda (Andalusiyada) sukra deydi. Ularga tobe joylarda adolat rasmi shunday rivojlanganki, lashkargohlarida, xonalarida oltin va kumush tangalar yerga sochilib yotadi va egasi topilmaguncha hech kim bu pullarga tegmaydi”.

Javonmardlar oddiy xalq ichidan chiqqan hunarmandlar, sipohiylar, koʻchalarda tomosha koʻrsatuvchi xalq teatrlari vakillari, pahlavonlar, qiziqchilar va boshqa toifalardan tashkil topgan, har birining oʻz jamoasi, piri, taʼlim beruvchi ustozlari va yigʻiladigan joyi boʻlgan. Pirga qoʻl bergan va ustoz oldida ahdu paymon qilib, mardlik belbogʻini beliga bogʻlagan javonmard bir umr oʻz ahdiga sodiq qolishga intilgan. Oʻz shaxsiy hayotini jamoa hayoti uchun, birodarlari uchun fido etgan. Javonmardlar jamoasiga qabul qilingan yosh yigit  “farzand” deb, uning beliga ahd belbogʻini bogʻlagan ustoz “ota” deb yuritilgan.

Javonmardlar mazlumlarni zolim shohlar, mahalliy hokimlardan himoya qilgan, ularga moddiy yordam koʻrsatish barobarida uyushib tashqi dushmanlarga qarshi kurashgan. Ular orasidan Abu Muslim, Muqanna, Yaʼqub ibn Lays, Mahmud Torobiy kabi qahramonlar yetishib chiqqan.

Javonmardlik harakati XV asrga kelib oʻzining muqobil taʼsir kuchini yoʻqota boradi. Yaʼni hokim sinflarga muxoliflikdan barcha tabaqa-toifalarni uyushtiruvchi harakatga aylanadi. Shunga qaramay baribir futuvvatning asosini shahar hunarmandlari tashkil etar edi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Koshifiy oʻz asarida futuvvatga tariqatning bir boʻlagi sifatida qaraydi. Koshifiyning bunday fikrga kelishi sababi futuvvat asoslari bilan tasavvuf gʻoyalari aksar bir-biriga muvofiq keladi. Bizning bu mavzuga qoʻl urishimizning sababi ham shundadir.

Darhaqiqat, futuvvat ham, tasavvuf ham inson axloqini poklash, mehr-shafqat, himmat va mardlik koʻrsatishni targʻib etadi. Bu jihatdan ilohiyat ishqida dunyodan yuz oʻgirgan, jismini maʼnaviy kamolot yoʻlida qurbon qilgan darvesh bilan birodarlik va fidoyilik udumiga sodiq javonmardning maqsadi mos edi.  Tasavvufning tavba, sabr, qanoat, parhez, botiniy tahorat kabi talablari futuvvatchilar tomonidan qabul qilinib, hayotiy qoidaga aylantiriladi. Demak, tasavvuf futuvvatda yuksak gʻoyalarning amaliyotga tatbiq etilayotganini koʻrgan boʻlsa, futuvvat tasavvufda eʼtiqodning nazariy asoslarini topgan edi. Bu munosabatlar tizimini tatbiq etish tasavvuf va futuvvat taʼlimotlarining ochilmagan qirralarini yoritishga xizmat qiladi.

Voiz Koshifiy futuvvat ilmining mohiyati va qoidalari xususida qadimdan bahs-munozara boʻlib kelgani haqida ham toʻxtaladi. Asarning 2- faslida bu haqda shunday yozadi: “Chunonchi, tib ilmida insonning badani mavzu boʻlib, kishining salomatligi yoki kasallik sabablari oʻrganiladi. Bas, ushbu muqaddimadan ravshan boʻladiki, futuvvat ilmining oʻz mavzusi bor boʻlib, bu inson ruhi hisoblanadi. Zero, inson ruhini tarbiyalash, parvarish qilish orqali uni goʻzal va xulq-atvorli, fazilatli qilib yetishtirish mumkin”.

Koshifiy nazarida futuvvat ilmi inson ruhiyatini tarbiyalashga qaratilgani uchun ham eng sharafli, moʻtabar ilmlardan boʻlib, tasavvuf va tavhid ilmining bir boʻlagidir. Shu oʻrinda Koshifiy futuvvat ilmi bilan shugʻullangan Farididdin Attorning “Odobul-futuvvat” (“Futuvvat odobi”), “Oriful masrif” (“Oriflar foydasi”), “Mirsodul aʼbod” (“Bandalarning mushohada qiladigan joyi”), “Hadiqatul haqiqat” (“Haqiqat bogʻchalari”) nomli risolalari, Abdurahmon Jomiyning “Risolai sayr”, Zarina Isfahoniyning “Zodul axira” (“Oxirat ozuqasi”), Shayx Attorning “Tazkiratul avliyo” kabi kitoblari ham mavjudligi haqida gapirgan. Shuningdek, ularning futuvvat haqidagi fikrlari qimmatli ekani toʻgʻrisida ham toʻxtaladi.

Futuvvat ahli boʻlgan javonmardlar haqida juda ham muxtasar va aniq taʼrif bergan mashoyixlardan biri Junayd Bagʻdodiydir. Uning yozishicha, futuvvat shundayki, faqirlardan or etmagaysan va boylarga faxr qilmagaysan. Javonmardlik shundayki, qoʻldan keladiganini darigʻ tutmagaysan [1:354]. Mavlono Jaloliddin Rumiy nazarida futuvvat ahli, yaʼni javonmard, avvalo, kishanlarni uzib, ozod boʻlgan erkin kishidir. Bunday erkinlik insonning faqatgina jismoniy erkinligigina emas, balki maʼnaviy-ruhiy erkinligini, yaʼni nafs qulligidan ham xalos boʻlishni nazarda tutadi. Shu oʻrinda Alisher Navoiy “Nasoyimul muhabbat” asarida “Ozod mard uldurki, birov ranjida qilgʻondin ranjida boʻlmagʻay va javonmard uldurki, ranjida qilurgʻa, mustajib boʻlgʻonni ranjida qilmogʻay [2:326].

Alisher Navoiy javonmardlik xislatlari haqida yanada chuqurroq fikr yuritib, javonmard boʻlaman desang, faqir yoʻliga kir va hirsni yoʻl changiga aylantirib yuborgin [3:315]. Demak, Navoiy nazdida javonmardlik – er yigit, mard, saxiy va qoʻli ochiq kishidir. Bu haqda Navoiy shunday yozadi:

Gar aytur esang javonmard oxir,
Qil hirsni faqir yoʻlida gard oxir.
Hirs oʻtidin boʻlma dard parvar oxir,
Kim nafsga hirsdin yetar dard oxir [4:350].

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, boy-badavlat kishilar oʻzining maxsus mehmonxonalari va karvonsaroylariga ega boʻlgani holda tayinlangan xizmatkorlar yordamida oʻsha davrlardayoq ijtimoiy xizmatning mukammal shakllarini yaratib, ularni xalq xizmatiga qoʻya olgan. Bundan tashqari, rabot, zoviya va xonaqohlar ham qurdirilgan,  ular musofir va darveshlar uchun doimo ochiq boʻlgan.

Tarixda juda katta manba sifatida qadrlab kelinayotgan Ibn Battutaning “Safarnoma” asarida yozilishicha, xonaqohlarda musofir va darveshlar xohlaganicha bepul yashagan. Ulardan uch kungacha qayerdan va nima maqsadda kelgani soʻralmagan. Uch kundan soʻng xonaqoh shayxi uni qabul qilgan. Ibn Battuta oʻz asarida ellikdan ortiq xonaqohlar va zoviyalarda yashagani hamda oliy tabaqa vakillaridan hurmat-izzat koʻrganini hikoya qiladi. Ayniqsa, Movarounnahr podshosi Sulton Tarmashirinning saxiyligi va adolatpeshaligi haqida toʻlqinlanib yozgan.

Ibn Battuta oʻz asarida Buxorodagi avliyo Sayfiddin Boxarziy xonaqosi haqida shunday yozadi: “Biz Buxoroning Fathobod nomi bilan mashhur mavzeida toʻxtadik. Bu yerda eng ulugʻ avliyolardan biri alloma shayx goʻshanishin avliyo Sayfiddin al-Boxarziyning qabri bor. Mazkur shayx nomi bilan ataladigan va biz qoʻnib oʻtgan zoviya juda katta boʻlib, vaqflari behisob, ziyoratchilar ana shu vaqflardan keladigan daromadlar hisobiga boqiladi. Shu zoviyaning shayxi Sayfiddin avlodlaridan biri boʻlib, Makkaga haj qilgan Yahyo al-Boxarziydir. Shayx meni oʻz uyida qabul qildi, shaharning obroʻli kishilarini toʻplab, ziyofat berdi, qorilar ajoyib ovozlari bilan Qurʼondan qiroat qildilar, voiz esa amri maʼruf qildi. Hofizlar forsiy va turkiy tillarda ajoyib qoʻshiqlar ijro etdi. Biz uchun eng gʻaroyib kechalardan biri boʻldi” [5:66].

Tasavvufshunos olim Najmiddin Komilov ham Ibn Battutaning “Sayohatnoma” asarini oʻrganar ekan uning Major shahrida joylashgan xonaqoh haqidagi fikrlarini “Tasavvuf” monografiyasida quyidagicha keltiradi. Major shahrida shayx Muhammad Batoixiy xonaqosi bor. Bu turklarning eng ulugʻ va eng yaxshi shaharlaridandir. Undagi xonaqohda arab, fors, turk va rum darveshlaridan yetmish kishi istiqomat qiladi. Oʻlkaning xalqi esa darveshlarga eʼtiqod kamoli yuzasidan har kecha xonaqohga ot, mol va qoʻylarni keltirib, nazr qiladi. Sultonlar va ularning xotinlari shayxning ziyoratiga tuhfalar keltiradi. Darveshlarning bir qismi oilali va bir qismi boʻydoq boʻlib, xalqning lutfu karami bilan farovon yashaydi hamda xudojoʻylik bilan shugʻullanadi” [6:116.]. Shuningdek, “Sayohatnoma” asarida yozilishicha, xonaqoh va zoviyalarning deyarli barchasi javonmardlar ixtiyorida boʻlgan. Ular Turkiyada “axiylar” nomi bilan atalgan va keng tarqalgan. Ularning yetakchilari obroʻ-eʼtiborda sultonlar darajasida edi. Agar  sharoit taqozosi bilan sulton biror joyga borsa, hukumatni axiylar boshligʻiga topshirib ketgan.

Ibn Battuta keltirgan hikoyatlardan shu narsa maʼlum boʻladiki, aynan XIII asrga kelganda musulmon oʻlkalarida futuvvat va tariqat bir-biri bilan qoʻshilib ketgan. Chunki bu davrga kelib, javonmardlar oʻz xatti-harakati bilan  shariat va tariqat ahlini toʻla ishonchiga kirgan va X-XI  asrlarda boshlangan qoʻshilish jarayoni XIII asrga kelib  nihoyasiga yetgan. Bu davrga kelganda Xuroson, Eron va Movarounnahr shayxlari oʻz muridlarini javonmardlardan ruhlanishga daʼvat etgan va javonmardlikni tariqat shioriga aylantirgan. Bu holatni biz buyuk shayxlar Shayx Abulhasan bin Husayn Saraxsiy, Shayx Abulhasan Haraqoniy, Shayx Abulabbos Qassob, Shayx Abuali Siyoh, Shayx Abuali Daqqoq, Shayx Abulqosim Bushr, Shayx Luqmon Saraxsiy, Shayx Abusaid Abulxayr, Shayx Abujaʼfar Haddod va boshqalarni oʻz muridlariga qilgan daʼvatlaridan bilsak boʻladi.

Bizning nazarimizda ham  tariqat va futuvvat ahlini bir-biriga kirishib ketganini ikki fazilat birlashtiradi: xalqqa naf keltirish va uni maʼrifatli qilish. Shayx Abdurahmon Jomiy oʻzining “Nafahotul uns” asarida Abulhasan Haraqoniydan “Soʻfiy kim?” deb soʻraganida olgan javobini keltiradi: “Soʻfiy shunday bir kunduzki, u bor joyda oftobga hojat qolmas, u shunday bir kechadirki, u bor joyda oyga hojat qolmas, shunday bir yoʻqlikdirki, u bor joyda borliqqa hojat qolmas”. Shu oʻrinda Abdurahmon Jomiy Abusaid Abulxayr soʻzini ham keltiradi: “Mard uldurkim xalq orasida boʻlsa, insofu adolat tarozusi ustida tursa, bola-chaqa qilsa, xalq bilan qoʻshilib yashasa va bir lahza Xudoni unutmasa” [7:85].

Abdurahmon Jomiy asarini oʻrganar ekanmiz unda buyuk shayxlarning oʻzlari matonatli javonmardlar boʻlganining guvohi boʻlamiz. Jomiy bu haqda yirik shayx Abu Jaʼfar Haddod misolida shunday yozadi: Abu Jaʼfar Misrda oʻn yetti yil temirchilik qildi. Har kuni bir dinoru oʻn dirham pul ishlardi.  Ammo bu pullarni oʻzi ishlatmay, darvesh va muhtojlarga bagʻishlardi. Oʻzi esa Junayd Bagʻdodiy uyiga borib, qolgan-qutgan nonlarni tanovul qilib yurgan, yotadigan joyi esa masjid boʻlgan, deb maʼlumot beradi [8:87]. Shayx Najmiddin Kubro ham bor mol-dunyosini muhtojlarga boʻlib berib, moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashda javonmardlik namunasini koʻrsatgan.

Naqshbandiy shayxlar faoliyatini oʻrganish shundan dalolat beradiki, ularning barchasi saxovat va muruvvatda yalovbardor boʻlgan. Jumladan, Umarshayx Mirzo Toshkentning bir yillik xirojini talab qilganida xalq gʻami va tashvishi bilan yashagan Xoja Ahror Vali 250 ming dinor toʻlab yuboradi va toshkentliklarning gʻamini yeb, ularning betalofat qishdan chiqishi uchun yana 70 ming dinor hadya qiladi. Bundan tashqari, Xoja Ahror Vali xalqni maʼrifatli qilish uchun 20 dan ortiq madrasa va xonaqohlar  qurdirgan. Vaqfnomada yozilishicha, uning mol-mulklari soni 254 tani tashkil qilgan. “Bizning yorlarimiz biz tirikligimizda himoyamizda edilar, oʻlganimizdan keyin ham himoyamizda boʻlsinlar”, deb yozgan. Darhaqiqat, Xoja Ahror vafotidan yuz yil oʻtgandan soʻng ham u kishining suruv-suruv podalari xalq ehtiyojlariga ishlatilgan.

Bu masalaga yanada chuqurroq yondashadigan boʻlsak, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Vali, Navoiy va Jomiy faoliyati bilan tariqat va futuvvat birlashuvi yanada tezlashganining guvohi boʻlamiz. Darhaqiqat, musulmon olamida keng tarqalgan bu ikki sohaning qoʻshilishi katta ijtimoiy hodisa sifatida inson axloqiy barkamolligini qaror toptirishda qudratli kuchga aylandi.

Futuvvat ahli inson barkamolligi faqatgina ruhiy dunyoning mukammal boʻlishidangina iborat emasligini, balki bu barkamollik moddiy dunyoni ham tark etmasdan ikkalasi uygʻunligini taʼminlashdan iborat ekanini tushunib yetgan barkamol toifadir. Chunki futuvvat ahli inson barkamolligining asosi sifatida moddiylik va inson ruhini, uning maʼnaviy dunyosini bir-biriga qarama-qarshi qoʻymadi.

Tasavvufshunos olim M.Imomnazarovning taʼkidlashicha, futuvvat madaniyatini oʻzlashtirgan kishi amalda yaratuvchi va ruhiyatda darveshdir. Uning axloqiy sifati javonmardlik, yaʼni saxovatlilik, oliyhimmatlilik, kamtarinlik, toʻgʻrisoʻzlik va mardlik kabi xislatlarning uzviy yaxlitlikda namoyon boʻlishidir [9: 142].

Futuvvat ahli intilgan asosiy maqsad halol kasb orqali topilgan rizqdir. Bu guruh mehnat bilan topgan nonini boylik deb bilgay”, deb yozadi Kaykovus. Alisher Navoiy ham oʻzining “Nasoyimul muhabbat min shamoimul-futuvvat” asarida keltirganidek, har bir mashoyix va avliyolar hayot tarzi asosiy xususiyati ularning biron bir kasbni mukammal egallaganidir. Jumladan, Abu Said Xarroz – etikdoʻz, Muhammad Sakkok – pichoqchi, Abu Hafz Haddod – temirchi, Abulabbos Omiliy – qassob, Ibrohim Ojiriy – gʻisht quyuvchi, yana biri hammol, boshqalari najjor, oʻtin teruvchi va hokazo boʻlgani haqida maʼlumot beradi. Javonmardlik tariqati ijtimoiy mohiyatining yana bir jihati, ruhiy-axloqiy yetuklikka yetishishning asosini islom dinini chuqur bilish, ilmni mukammal egallash va sidqu safo tashkil etadi. Ular nazarida insonning aqliy barkamolligi  ruhiy-maʼnaviy yetukligi bilan yakdil boʻlishi lozim. Ezgulik asosi ana shu ikki sifatga quriladi.  Chunki aql inson uchun koʻrkam fazilat, moʻjizakor qudrat va katta iqtidordir. Shuning uchun ham mashoyixlar va aziz avliyolar insonning ruhiy-maʼnaviy kamolotini birinchi oʻringa qoʻyib, axloqiy sifatlarni javonmardlik qoidasiga aylantirgan. Darhaqiqat, Husayn Voiz Koshifiy oʻzining “Axloqi Muhsiniy” asarida inson faoliyatida aqlning rolini ulugʻlab, “Aqlning sharti budurki, to imkon boricha farishtalik nisbatiga quvvat bergay va  hayvonot nisbatiga mayl qilmagay”, deb taʼkidlaydi [10:26].

Xulosa qilib aytganda, futuvvat – oʻzaro yordam, muruvvat va mehribonlik koʻrsatish, shuningdek, fidoyilik ilmini oʻzida mujassamlashtirgan mardlik tariqatidir.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Fariduddin Attor. Tazkiratul avliyo. – T.: Gʻafur Gʻulom, 2017. – B. 354.
  2. Alisher Navoiy. Nasoyimul muhabbat. – T.: – B. 326.
  3. Alisher Navoiy. Nasoyimul muhabbat. – T.: – B. 315.
  4. Alisher Navoiy. Nasoyimul muhabbat. – T.: – B. 350.
  5. Ibrohimov N. Ibn Battuta va uning Oʻrta Osiyoga sayohati. – T.: Sharq bayozi, 1993. – B. 66.
  6. Komilov N. Tasavvuf. – T.: Yozuvchi, 1996. – B. 116.
  7. Abdurahmon Jomiy. Nafahotul uns. – T.: – B. 85.
  8. Abdurahmon Jomiy. Nafahotul uns. – T. – B. 87.
  9. Imomnazarov M. Futuvvat ahli milliy maʼnaviyatimiz nazariyasiga chizgilar. – T.: Sharq, 1998. – B. 142.
  10. Husayn Voiz Koshifiy. Axloqi Muhsiniy. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2011. – B. 26.
SOHIBNAZAR KARIMOV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori

Check Also

TOTALITAR SEKTALARNING MILLIY MAʼNAVIYATGA SALBIY TAʼSIRI

Bugungi mafkuraviy jarayonlarda insonlarning ongi va qalbini egallash uchun olib borilayotgan kurash maʼnaviy taʼsir koʻrsatishni …