Home / MAQOLALAR / MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga duo qilish va tiriklarni qadrlash targʻib qilinadi.

Qurʼoni karimda Alloh taolo musulmon ummatini oʻtganlarni xotirlab, haqqiga duo qiladigan ummat, deb taʼriflagan. Dinimizda oʻtganlarni eslash, haqqiga duo va xayr ehson qilish ibodat hisoblanadi. Shu bilan birga, bu amal tiriklar zimmasidagi burch boʻlib, dunyodan oʻtganlarning haqqidir.

Qurʼoni karimda bunday deyilgan: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey Robbimiz! Oʻzing bizni va bizdan ilgari imon bilan oʻtganlarni magʻfirat etgin va qalbimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Robbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan”! (Hashr surasi, 10-oyat)

Alloh taolo ushbu oyatda oʻzidan oldin oʻtgan moʻminlarga magʻfirat soʻraganlarni madh qilmoqda. Bu esa vafot etganlar tiriklar istigʻforidan manfaat olishiga dalolat qiladi. Imonda oʻtgan zotlar haqqiga istigʻfor aytishimiz imonimiz taqozosidagi amaldir. Demak, islom ummatining xususiyatlaridan biri shuki, keyingilar oldin oʻtganlarni yaxshilikda yodga olib, haqqiga xayrli duoda boʻladi.

Albatta, biz musulmonlar oʻtganlar ruhini shod qilish maqsadida ularni qancha koʻp xotirlab duo qilsak, farzandlarimiz ham bunday amaldan ibrat oladi. Ular ham bizni xotirlab duo qiladi. Shuningdek, oʻtganlar oʻz ortida qolgan qarindosh va yaqinlari kabi hayot yurganlar duosidan umidvor boʻlishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilingan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladi: “Qabrdagi mayyit xuddi suvga choʻkayotib, yordamga chaqirayotgan kishiga oʻxshaydi. Otasidan yoki onasidan yoki aka-ukasidan yoki doʻstidan duo kelishiga intizor boʻladi. Agar unga duo yetib borsa, duo uning uchun dunyo va undagi narsalardan koʻra mahbubroq boʻladi. Albatta, Alloh taolo qabr ahliga Yer yuzidagilarning duolarini togʻlarning misolida kiritadi. Tiriklarning mayyitlarga hadyalari ular uchun istigʻfor aytmoqlikdir” (Bayhaqiy rivoyati).

Shuning uchun kishi vafot etgan kundan boshlab har kuni imkon qadar qilgan amallari savobini mayyitga bagʻishlab, sadaqa qilish uning farzandlari va yaqinlariga mustahabdir. Shuningdek, mayyitning oilasi uchun qoʻshnilar taom qilib chiqarishi ham yaxshi amaldir.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining hadislarida marhumlarni yodga olish odobini bayon qilib berganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dunyodan oʻtganlarning yaxshi sifatlarini zikr qilinglar, ularning yomon sifatlarini zikr qilishdan saqlaninglar”, dedilar” (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyati). Oʻtganlarning yaxshi amallarini eslash, avvalo, ularning ruhini shod qiladi. Yaxshi sifat, xayrli amal va solih kishilar eslansa, u joyga baraka yogʻilib turadi.

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh:“Solihlar zikr qilingan joyga Allohning rahmati yogʻiladi”, degan. Chunki bunda xayrli ishga targʻib boʻladi, solih kishilardan namuna olishga ragʻbat ortadi va insonlarda yaxshilik qilishga harakat kuchayadi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ”Qaysi yosh yigit bir moʻysafidni yoshi ulugʻligi uchun ikrom koʻrsatib eʼzozlasa, Alloh oʻsha yosh yigitga mazkur oqsoqolning yoshiga kirishini va oʻsha yoshida unga ikrom, eʼzoz koʻrsatuvchini taqdir qiladi”, dedilar”.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim kichigimizga rahm qilmasa va kattalarimizning haqqini bilmasa, bizdan emas”, dedilar”.

Moʻmin-musulmonlar oʻzidan kichik va bolalarga rahm qilishi, mehribon boʻlishi, boshini silashi lozim. Ayni paytda, kattalar hurmatini joyiga qoʻyishi ham kerak. Bu ishlar moʻminlar siymosi, islom jamiyati aʼzosining belgisidir. Bunday jamiyatda yashab turib, kichiklarga rahm qilmagan va kattalarga hurmat koʻrsatmagan odam ana shu muborak siymoni yoʻqotadi. Buni yaxshi anglab, amal qilishimiz, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda boʻlishimiz kerak. Demak, bu dunyodan oʻtib ketganlarni yaxshilik bilan eslash va tirik yurganlar hurmatini joyiga qoʻyish bizning insoniy burchimizdir.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ALLOH ZAMON VA MAKONDAN OLIYDIR

Mushabbiha va karromiylar: “Alloh taolo Arsh ustini makon tutgan. U boshqa jismlarga oʻxshamagan bir jismdir. …