Home / FOTO LAVHALAR / Markaz ilmiy xodimi monografiyasi qozoq tiliga tarjima qilindi

Markaz ilmiy xodimi monografiyasi qozoq tiliga tarjima qilindi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Mexrojiddin Amonovning “Markaziy Osiyoda naqshbandiya-mujaddidiya tariqati (XVІІІ-XIX asrlar)” nomli monografiyasi Olmaota shahrida qozoq tilida nashr qilindi.

 

Yaqinda Qozogʻistonda “Oyxoja eshon” jamoat fondi va “Qojalar.kz” sayti shafeligida Oyxoja eshon tavalludining 250 yilligi munosabati bilan “Oyxoja va Sir mintaqasida tasavvuf sohiblarining funksional xizmatlari va taqdirlari” mavzusida oʻtkazilgan konferensiya doirasida 165 betlik “Orta Aziyadagʻы naqshbandiya-mujaddidiya tariqatы (XVІІІ-XIX gʻasыrlar)” nomli monografiyaning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

 

Tadbirda muallif monografiyaning ilmiy ahamiyati, unda keltirilgan maʼlumotlar xronologiyasi hamda eʼtiborga molik boshqa jihatlariga toʻxtaldi. M.Amonov, shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilish tarixi, unda ilmiy faoliyat uchun yaratilgan shart-sharoitlar, bugungi kunda Markazda olib borilayotgan tadqiqot ishlar xususida ham maʼlumotlar berdi.

Yigʻilganlar tomonidan Markaz xodimi monografiyasi yirik ilmiy natija sifatida baholanib, mazkur yoʻnalishdagi tadqiqotlarning tizimli tarzdagi davomiyligini taʼminlash zarurati alohida qayd etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Buxoriy ilmiy merosida hadis va tafsir uygʻunligi

Markazda amaliyot oʻtayotgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori, Turkiyadagi Kavkaz universiteti dotsenti Muhammad …