Bir hadis sharhi
Hayot insonga Alloh taolo tomonidan inʼom etilgan ulugʻ neʼmatdir. U chegaralangan boʻlib, maʼlum yillardan iborat. Shu sababli, har bir aql egasi uni chiroyli va mazmunli oʻtkazishi lozim. Aqlli inson bu dunyoga nima uchun kelganini tafakkur qilib, hayotini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishga harakat qiladi. Harom amallardan saqlanib, halol va solih ishlarni bajarish payida boʻladi.
Alloh taolo insonni nima uchun yaratgani haqida bunday deb marhamat qilgan:
“(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun oʻlim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va Gʻafur (kechirimli)dir”[1].
Demak, Alloh taolo har bir bandaga dunyoda qilgan amallariga yarasha oxiratda mukofot yoki jazo berar ekan. Shunday ekan inson umrini behuda ishlarga zoye qilmasdan, balki uni Oʻzi rozi boʻladigan amallarni bajarishga sarf etishi kerak. Shu birgina oyatdan inson oʻziga yetarlicha xulosa qilishi lozim.
Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni banda toʻrt narsadan soʻralmaguncha, oyogʻi joyidan qimirlamaydi: umrini nimaga sarflagani, ilmiga qanday amal qilgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani, tanasi bilan qanday ishlarni qilgani”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisda inson uchun zarur boʻlgan toʻrt narsaning taʼrifi berilmoqda. Ularni kengroq oʻrganib chiqamiz:
- Umrini nimaga sarflagani;
Insonni tugʻilishi, yashashi va vafot etishi Alloh taolo tomonidan taqdir etilgan qonuniyatdir. Bu davrda inson hayotida yoshlik, oʻrta yosh va qarilik jarayoni mavjud. Shuni his etgan holda inson koʻplab xayrli va savobli ishlarni bajarib, oxirat uchun oʻziga koʻplab savob ishlarni zaxira qilib olishi kerak.
Afsuski, hozirgi kunda koʻpchiligimiz umrimizni toʻgʻri taqsim qilmasdan, goʻyoki hayotimizda jiddiy ishga aylanib qolgan turli seriallar, filmlarni koʻrish, behuda oʻyin-kulgular, oʻzgalarni muhokama qilgan holda gʻiybat qilish bilan oʻtkazishga odatlanganmiz.
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yelkamdan tutib turib: “Bu dunyoda xuddi gʻaribdek yoki oʻtkinchi yoʻlovchidek boʻl. Oʻzingni ahli qabrlardan sana”, dedilar”. Ibn Umar roziyallohu anhu: “Kech kirsa, tongni kutma. Tong otsa, tunni kutma. Sihatingdan bemorligingga, hayotingdan oʻlimingga (foyda) olgin”, der edi”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak inson oʻtgan har kuni va har daqiqasidan unumli foydalanib qolishi kerak ekan.
- Ilmiga qanday amal qilgani haqida;
Ilm ham insonga beriladigan katta neʼmatlardandir. Uning yoʻlida umr, vaqt, sabr, mol-davlat sarflanadi. Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Rabbim, ilmimni ziyoda qil”[2], deb ayting degan xitobi ham ilmning naqadar katta neʼmat ekaniga ishoradir. Shuning uchun ham bizga omonat boʻlgan bu ilmdan va unga qay darajada amal qilganimizdan oxiratda soʻralamiz.
Agarda ilm qalbimiz va aʼzolarimizni gunohdan tiymasa, Allohga, Rasuliga, ulamolarga nisbatan muhabbat paydo qilmasa, bunday ilmdan kimga nima foyda? Yoki turli bidʼat-xurofotlarga nisbatan nafrat uygʻotmasa, u ilmdan nima naf? Shuning uchun Paygʻambar alayhissalom foydasiz ilmdan panoh soʻraganlar.
- Molini qayerdan topib, qayerga sarflagani;
Dinimiz bizni turli qingʻir yoʻllar bilan mol-davlat toʻplashdan qaytarib, aksincha uni halol yoʻl bilan topishga buyurgan. Agar uni halol yoʻl bilan topmasak va molni oʻrinsiz sarf qilsak, Rabbimiz huzurida albatta soʻralamiz.
Alloh taolo haloldan ehson qilib, isrof qilmaslik borasida bunday marhamat qilgan:
“Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yoʻllari) buning oʻrtasida – moʻtadildir”[3].
Demak, ehson qilishda ham isrofgarchilikka yoʻl qoʻymasdan oʻrtacha yoʻlni tutish lozim ekan.
Afsuski, hozirgi kunda baʼzi insonlarning turli qingʻir yoʻllar bilan mol topayotgani inson dilini xira qiladi.
- Tanasi bilan qanday ishlarni qilgani:
Inson aʼzolari orqali savob yoki gunoh ishlarga qoʻl uradi. U qiyomatda tana aʼzolaridan ham soʻraladi. Aʼzolari uning nimalar qilgani, qayerlarga borgani, qaysi narsalarni ushlagani, nimani koʻrgani, eshitgani va degani haqida guvohlik beradi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Bugun Biz ularning ogʻizlarini muhrlab qoʻygaymiz. Bizga ularning qilib oʻtgan ishlari haqida qoʻllari soʻzlab, oyoqlari guvohlik berur”[4].
Demak, biz jismimizdan qay darajada unumli foydalanganimiz haqida soʻralar ekanmiz. Undan dunyo va oxiratga foyda boʻladigan amallar uchun foydalanmoqdamizmi yoki aksincha?
Alloh taolo barchamizni ilmimizga amal qilish baxtiga muyassar etsin!