Home / FOTO LAVHALAR / Targʻibot tadbirlari boshlandi

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng koʻlamli targʻibot tadbirlari boshlandi.

Hududlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishga qaratilgan tadbir dastlab Samarqand shahridagi “Joʻyichuqur” mahallasi ahli ishtirokida tashkil etildi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov tomonidan mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami xususida maʼlumot berildi. Shuningdek, jabhadagi tub islohotlarning pirovard maqsadi yoshlarni islomning millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat kabi asl qadriyatlari ruhida tarbiyalashdan iborat ekani taʼkidlandi.

Markaz rahbari, shuningdek, Samarqand iqtisodiyot va servis institutida tashkil etilgan tadbirda tinchlik qadri, bagʻrikenglikning millatlararo totuvlikni taʼminlashdagi ahamiyati, islom dinidagi ezgulik va insoniylik gʻoyalari, yosh avlodni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning mohiyati haqidagi oʻz fikrini bayon qildi.

Samarqand davlat chet tillar institutida “Radikalizm jamiyat barqarorligining kushandasi” mavzusida oʻtkazilgan maʼrifiy tadbirda esa Markaz direktorining Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev institut talabalariga missionerlik, ekstremizm, shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berib, radikal oqimlar taʼsiridan saqlanish choralarini hayotiy misollar bilan koʻrsatib oʻtdi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat boshqarmasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirlar savol-javob tarzida davom etdi.

Tadbirlar yakunida ishtirokchilarga “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli hujjatli film namoyish etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …