Home / MAQOLALAR / PAYGʻAMBARLIKNING XALQ UCHUN AHAMIYATI HAQIDA KUMUSHXONAVIY GʻOYALARI

PAYGʻAMBARLIKNING XALQ UCHUN AHAMIYATI HAQIDA KUMUSHXONAVIY GʻOYALARI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yilga “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb nom berdi [1]. Inson butun borliqning gultojidir. Alloh insonni ikki olamda saodatli boʻlishini istaydi. Shuning uchun insonlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish maqsadida vaqt va zamonga qarab paygʻambarlarini yuborib turgan. 

Paygʻambarlikning hikmati va ularning vazifalari toʻgʻrisida Alloh taolo  Qurʼoni karimda marhamat qilgan:  “Odamlar bir millat edilar. Soʻng, Alloh xushxabar eltuvchi va ogohlantiruvchi paygʻambarlarni yubordi. Va u bilan odamlar orasida chiqqan tortishuvlarga hakam boʻlsin, deb Haq Kitobni nozil qildi” (Baqara surasi, 213-oyat) [2:78].

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf oʻzining “Hadis va hayot” 20-juz “Anbiyolar qissasi” kitobida paygʻambar, rasul, nabiy va vahiy nima ekani toʻgʻrisida maʼlumot bergan. Alloh odamlar orasidan eng aqlli va eng yaxshi kishini tanlab, Jabroil alayhissalom orqali xabar yuborgan. Jabroil farishta orqali Allohdan  xabar olib kelgan inson paygʻambar, xabar esa vahiy, deb aytilgan. “Paygʻambar” (fors tilida – xabar keltiruvchi) –  Allohdan vahiy olgan va uni odamlarga yetkazadigan shaxs. Nabiy ham, rasul ham paygʻambar deyilgan. Alloh taolo baʼzi paygʻambarga faqat oʻzi amal qilishi uchun vahiy, din yuborgan. Bunday paygʻambar “Nabiy” deyilgan. Baʼzi paygʻambarga esa oʻzidan boshqa odamlarni ham dinga daʼvat qilishni buyurgan. Bunday paygʻambarlar “Rasul” deyilgan. Rasul elchi degan maʼnoni bildiradi[3:8].

Bahouddin Naqshband tomonidan asoslangan naqshbandiya taʼlimotining asl mohiyati jamiyatda tinchlik, xotirjamlikning barqaror boʻlishi va xalqning farovon yashashini taʼminlashga qaratilgan [4:30; 5:5; 6:46; 7-167].

Maqolani yozishdan maqsad Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning [8:43; 9:28; 10:11; 11:11; 8:12; 8:13] “Jomiʼul mutun” asarida keltirilgan paygʻambarlar hikmatini tadqiq qilishdir. Bu inson Naqshbandiya taʼlimotini Turkiyada rivojlantirgan xolidiya tarmogʻining kumushxonaviya novdasi murshidi, “Silsilai sharif oltin zanjir”da 32-halqaning piri hisoblangan. Kumushxonaviyning maʼnaviy merosidan biri “Jomiʼul mutun fiy haqqi anvois-sifatil ilohiyya val-ʼaqoidil Moturidiya va alfozil kufri va tasʼhihil–aʼmolil-ʼajibiyya” – “Alloh taoloning anvoyi ism-sifatlari, Moturidiya eʼtiqodi, kufr soʻzlar bayoni va amallarning durust bajarilishi haqida matnlar toʻplami” asaridir. Bu kitobni tasavvufshunos olim va tarjimon Mirzo Kenjabek oʻzbek tiliga oʻgirib, 2000-yilda Toshkentdagi “Movarounnahr” nashriyotida chop ettirgan [14:1]

Ushbu asar jahondagi moʻtabar manbalardan boʻlib, xalqimiz tarixi va maʼnaviy-maʼrifiy hayotida muhim oʻrin egallaydi. Asar Moturidiya eʼtiqodi asosida yozilgan boʻlib, unda Imom Aʼzam va Imom Moturidiy asarlaridan to XVIII asrga qadar eʼtiqod haqida yozilgan kitoblardan matnlar olingan. Kitobda Ahli sunna val jamoa aqoidiga asos boʻlgan Moturidiya eʼtiqodi, yaʼni sogʻlom eʼtiqod tamoyillari hamda buzuq aqidaga ega oqimlarning hollari matn va sharhlar asosida batafsil bayon qilingan [15:286].

Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning “Jomiʼul mutun” asarining “Eʼtiqod” deb nomlangan uchinchi boʻlimi toʻrtinchi qismidagi “Paygʻambarlar haqida vojib boʻlgan sifatlar” va oltinchi qismidagi “Katta gunohlar” mavzusidagi Imom Moturidiyning matnlariga Kumushxonaviy sharh bergan.

Moturidiyning matnlari quyidagicha: paygʻambarlar haqida vojib boʻlgan sifatlar – sidq, omonat, fatonat (oʻtkir zehnilik, xushfahmlilik), ismat (poklik, begunohlik), nazofat (pokizalik), tabligʻ (yetkazish), hifz (yodda tutish).

Paygʻambarlar haqida muhol (nomumkin) boʻlgan sifatlar esa yuqorida zikr etilgan sifatlarning ziddi (aksi) boʻlgan narsalardir.

Kumushxonaviy “Paygʻambarlar haqida vojib boʻlgan sifatlar”ga quyidagicha sharh keltirgan: “Taftazoniy “Maqosid” sharhida bunday deydi: Nubuvvat (paygʻambarlik) ning sharti quyidagilardir: “Erkak kishi boʻlishlik, aqli komil zako, fikriy quvvat egasi boʻlishlik, ota-onalari tuban (past) kimsalardan boʻlmasligi, gʻalat (dovdirlik, xatokorlik), toʻgʻrini bilmaslik, qoʻpollik, baras (pes) va moxov kabi nafrat qoʻzgʻaydigan kasalliklardan, yoʻlda biror narsa yemoq singari shaxsiyatni maydalashtiradigan harakatlardan, paygʻambarlik hikmatiga xalal yetkazadigan hollardan uzoq boʻlishlik”. “Tajrid” kitobida esa quyidagicha taʼriflar bayon qilingan: “Unutuvchan boʻlmaslik, shayton va inson sharridan (yomonligidan) himoyalangan boʻlishlik, xotiralar va vasvasalardan uzoq boʻlishlik”[14:60].

Alloh taolo Qurʼoni karimning Moida surasi 67-oyatida Paygʻambarimiz (s.a.v.) haqlarida bunday deb marhamat qilgan: “Alloh sizni odamlar zararidan asragay”[2:182].

Kumushxonaviy Alloh taolo tomonidan paygʻambar­larning yuborilishi haqida oʻz fikr mulohazalarini sharhlab, paygʻambarlar hikmatining 10 ta qirrasini ochib bergan.

  1. Allohni, yaʼni Yaratgan zotni tanishda aql egalariga yordamlashmoq.

Shunday qilib insonlarning: “Bizlarga kelib xabar beruvchi boʻlmadi”, tarzidagi uzrxonliklarining oldi olingan boʻladi.

  1. Aql tanho oʻzi bila olmaydigan hukmlarni bildirmoq.
  2. Aql idrok eta olmaydigan baʼzi yaxshi va yomon amallarni koʻrsatmoq.
  3. Turli xil va uzoq tajribalardan keyin zararlari maʼlum boʻladigan gʻizo (oziq-ovqat) va davolarni bildirmoq.
  4. Nafslarni turli ilmiy va amaliy narsalarga hozirlamoq.
  5. Insonlar muhtoj boʻladigan baʼzi muhim sanʼatlarni (hunarlarni) oʻrgatmoq.
  6. Boʻydoqlarga goʻzal axloqni, idorachilarga esa jamiyatni mukammal bir tarzda idora eta olmoqlari uchun siyosatni oʻrgatmoq.
  7. Itoat etganning savobini, isyon (sarkashlik) qilganning jazosini bildirmoq.
  8. Oʻtmish va kelajakdan xabarlar hamda misollar keltirmoq.
  9. Paygʻambarlar jamiyat orasida boʻlmoqligi shu jamiyat uchun Rahmatdir. Va yana sanab boʻlmaydigan miqdorda koʻpgina hikmatlar bor…[14:78]

Paygʻambarlar qasddan gunoh qilmaydi. Paygʻambarlarning moʻjizalaridan bittasi ham ularning barcha ayblardan uzoq boʻlmoqliklaridir. Ular insonlarning eng yaxshisi, eng mukarrami, eng chiroyli axloqlisi, eng xushfeʼli, eng aqllisi va eng adolatlisidir [6:78].

Muhammad Sayyid Tantoviy (1928/2010) “Paygʻambarlar tarixi” kitobida (Qurʼoni karim qissalari) makkiy suralar – Aʼrof, Yunus, Hud, Yusuf, Shuaro, Qasas, Soffot va boshqalarda anbiyolar qissasini keltirgan. Qurʼoni karimdagi qissalar oʻzida oliy maqsad va koʻpgina hikmatlarni jamlagan. Ulardan eng muhimlari:

1) Barcha paygʻambarlarni Alloh taolo bir risolat bilan, oʻzlariga yuklatilgan vazifani bajarish va odamlarni Allohga ixlos bilan ibodat qilishga chaqirish uchun yuborganini bayon qilgan;

2) Qurʼoni karimdagi qissalarni keltirishdan yana bir maqsad Qurʼon Alloh taoloning huzuridan ekani va bu ilmga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Alloh oʻz Kitobini vahiy qilgandan soʻng ega boʻlganlari, shuningdek, oʻz Rabbidan yetkazayotgan narsalar haq – rost ekanini bayon qilishdir;

3) Qurʼoni karim qissalarining keltirilishidan yana bir maqsad shundan iboratki, undan ibrat va pand-nasihat olishdir. «(Ey Muhammad), Biz sizga paygʻambarlarning xabarlaridan qalbingizni mustahkam qiladigan barcha qissalarni soʻylab berurmiz. Bu qissalarda Sizga haqiqat va barcha moʻminlar uchun pand-nasihat hamda eslatmalar keldi» [2:329].

Yuqoridagi oyatning maʼnosi: “Har bir xabar oʻtgan hurmatli paygʻambarlarning xabarlaridandir. Biz uni sizga soʻzlab beramiz va undan sizni xabardor qilamiz”. Ushbu oyatdagi “qalbni mustahkamlash”dan murod Nabiy (alayhissalom)ning Allohga boʻlgan ishonchlarini yanada kuchaytirish, u zot (sollallohu alayhi vasallam) va asʼhoblariga Haq Dinni insonlarga yetkazish chogʻida yetgan turli mashaqqatlarga sabr qilishga chaqirish va tasalli berishdir [16].

Darhaqiqat, paygʻambarlarning hayotlarini oʻrganib, har birining oʻziga xos maqomi, vazifasi, hunari, feʼl-atvori, axloq-odobi boʻlgani toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlamiz.

Maqola yuzasidan quyidagicha xulosa qilish mumkin:

  1. Kumushxonaviyning “Jomiʼul mutun” asarida paygʻambarlar hikmati Allohning bandasiga mehri­bonligiga dalil ekani isbotlangan.
  2. Paygʻambarlar Alloh tomonidan tanlab yuborilgan insonlarning eng oliysi ekani koʻrsatilgan.
  3. Kumushxonaviyning “Jomiʼul mutun” asari paygʻambarlar hayot yoʻli insoniyat uchun ibrat ekanini asoslaydi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Yangi Oʻzbekiston. Ijtimoiy-siyosiy gazeta. №3(525), 2022 6-yanvar.
  2. Qurʼoni Azim muxtasar tafsiri. Shayx Alouddin Mansur. – T.: Sharq, 2019.
  3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. Anbiyolar qissasi kitobi. 20-juz. – T.: Sharq, 2011.
  4. Sayfiddin S. Yetti pir (dunyo murshidlari). – T.: Oʻzbekiston, 2019.
  5. Navroʻzova G.N. Naqshbandiya – kamolot yoʻli. – T.: Fan, 2007.
  6. Navroʻzova G.N. Xoja Bahouddin Naqshband hayoti va maʼnaviy merosi. – T.: Fan, 2021.
  7. Navroʻzova G.N. Xoja Bahouddin Naqshband hayoti va maʼnaviy merosi. – T.: Fan, 2021.
  8. Gulamova M.T. Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning “Romuzul- ahodis” asarida qoʻshnichilik odoblari. // Islom tafakkuri. 2022-yil 1-son.
  9. Gulamova M.T. Mushku anbar hidli valoyat gʻunchasi Ziyouddin Ahmad Kumushxonaviy // Imom Buxoriy saboqlari jurnali. 2020-yil 2-son.
  10. Gulamova M.T., Djumayeva M.K. O trude “Romuzul axadis” Axmada Ziyavuddina al-Kumushxanavi // Universum: obщyestvennыye nauki: elektron. nauchn. jurn. 2021. 11-12 (79).
  11. Gulamova M.T. Jiznennыy put i duxovnoye naslediye Axmada Ziyavuddina al-Kumushxanavi // Universum: obщyestvennыye nauki: elektron. nauchn. jurn. 2022. 5(84).
  12. Gulamova M.T. Konsepsiya razuma Kumushxanavi v rabote Djomi ul-Mutun // Universum: Obщyestvennыye nauki: elektron. nauchn. jurn. 2020. № 5(65). URL: http://7universum.com/ru/ social/archive/item/950.
  13. Navruzova G.N., Gulamova M.T. Xojagon genezis ucheniya Nakshbandiya – xolidiya – kumushxonaviya: obщyee i osobennoye // Universum: obщyestvennыye nauki: elektron. nauchn. jurn. 2022. 5(84). URL: https://7universum.com/ru/social/archive/item/13849
  14. Ziyouddin Ahmad al-Kumushxonaviy. Jomiʼul mutun. Tarjimon Mirzo Kenjabek. – T.: Movarounnahr, 2000.
  15. Gulamova M.T. Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning moturidiy taʼlimoti toʻgʻrisidagi sharhlari // Falsafa va hayot xalqaro jurnal. 2020 №1. Maxsus son.
  16. Muhammad Sayyid Tantoviy. Paygʻambarlar tarixi (Qurʼoni karim qissalari) 1-2-3-4-kitoblar. Tarjimon: Ziyovuddin Rahim. https://n.ziyouz.com/books/islomiy/tarix/Muhammad%20Sayyid%20Tantoviy. %20Paygʻambarlar%20tarixi%20(1-4-kitoblar).pdf

 

MAVJUDA GULAMOVA,
Buxoro davlat tibbiyot instituti dotsenti, kimyo fanlari nomzodi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …