Home / MAQOLALAR / BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha davrda Bujayriy nisbasi bilan tanilib, samarali ijod qilgan allomalarning hayoti va ilmiy merosi haqidagi maʼlumotlarni uchratish mumkin.

Tadqiqotlar natijasi shuni koʻrsatadiki, Bujayriy nisbasi biror joy yoki kasbga emas, Bujayr ismli shaxslarga nisbatan qoʻllangan. U Bujayr ibn Hozimning ismidir. Misrlik olim Abdulloh Abdulhamid Saʼd tuzgan “Oʻrta Osiyo olimlari qomusi”da: “Bujayr” soʻzi “qorinchali bobo” maʼnosini bildiradi” [2:53],  deyilgan. Aslida ham arab tilida “Bujayr” soʻzi “qorincha” degan maʼnoni anglatadi.

Bujayrning avlodlari, yaʼni farzandu nabiralari ham oʻz zamonasining olimlari, mashhur roviylari boʻlgan. Ularga Bujayr nisbasi berilgan. Bu silsila vakillari nasabda ham, roviylar silsilasiga oid tarix sahifalarida ham Bujayriy nisbasi bilan oʻrin olgan.

Quyida ushbu silsila haqida qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.

Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy Sugʻdiy Bujayriy yuqorida nomi zikr qilingan Bujayr ibn Hozimning oʻgʻlidir. U oʻz zamonasining taniqli roviylaridan boʻlib, Qaʼnabiy, Abu Valid Tayolisiy, Aorim va Ahmad ibn Yunus kabi koʻplab taniqli ulamolardan hadis rivoyat qilgan. Undan oʻgʻli Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr va Muhammad ibn Hotam ibn Haysam hadis rivoyat qilgan. Muhammad ibn Bujayr 268/882-yil shaʼbon (mart) oyida vafot etgan [7:143; 2:108].

Sulolaning yana bir vakili Abu Amr Usmon ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Bujayriydir. Muhammad ibn Bujayrning katta oʻgʻli. Abu Amr Usmon ibn Muhammad oʻz davrining taniqli roviylari Movoliy Bani Hoshim va Husayn ibn Asvad Kufiydan hadis rivoyat qilgan. Uning oʻzidan esa Abdurahmon ibn Fath Sarroj Samarqandiy rivoyat qilgan [1:7-8].

Najmiddin Umar Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” kitobida Abu Amr Usmon ibn Muhammad ibn Bujayriydan rivoyat qilingan quyidagi hadis keltirilgan: “Abu Amr Usmon ibn Muhammad ibn Bujayr: “Bizga Muʼmil ibn Hishom hadis aytib berdi”, dedi. U: “Bizga Ismoil ibn Aʼliya Ayubdan, u Abu Qalobadan, u Molik ibn Huvayris roziyallohu anhudan hadis aytib berdi”, dedi. U: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik, biz oʻsha vaqtda yosh, zabardast yigitlar edik. U zotning huzurlarida (shariat arkonlarini oʻrganish uchun) yigirma kecha qoldik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni oilamizga mushtoq boʻlgan deb oʻylab, ahlimizda qoldirib kelganlarimiz haqida soʻradilar. Biz u zotning savollariga javob berdik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atrofidagilarga juda mehribon edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Oilalaringizga qaytib boring, ularga buyuring (ularni islomga daʼvat eting), (dinni) oʻrgating, mening namoz oʻqiganimni koʻrdingiz, ularga xuddi shunday namoz oʻqib bering. Namoz vaqti kirganda, biringiz azon ayting va yoshi ulugʻingiz imom oʻtib, namoz oʻqib bersin”, dedilar”, dedi”[12:492].

Bujayriy nisbasi bilan mashhur boʻlgan allomalardan yana biri Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy, Samarqandiy Bujayriydir. Muhammad ibn Bujayrning kichik oʻgʻli. Muhaddis Abu Hafs Bujayriy 223/838-yili Samarqandning Soʻgʻd muzofotidagi Xushufagʻn qishlogʻida tugʻilib, 311/923-yili vafot etgan [2:54; 3:60; 4:374; 5:327; 6:162]. Abu Hafs Bujayriyning bolalik va yoshlik davri ona qishlogʻi Xushufagʻnda oʻtgan. U dastlabki taʼlimni otasi Muhammad ibn Bujayrdan olgan. Keyinchalik Abu Hafs Bujayriy ilm olish va bilimlarini boyitishga gʻayrat-shijoati, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan hadislarni tinglash va oʻrganishga qiziqishi gʻoyat kuchli boʻlgani sabab oʻz ishtiyoqini qondirish maqsadida oʻsha davrning ilm-fan oʻchoqlari hisoblangan Xuroson, Basra, Kufa, Iroq, Shom, Misr, Hijoz kabi bir qancha shahar va mamlakatlarga ilmiy safar qilgan.

Allomaning Damashq shahriga borganini tarixchi olim Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh – Ibn Asokir “Tarixul madinati Dimashq” (“Damashq shahrining tarixi”) kitobida bunday keltiradi: “Hofiz Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy Samarqandiy Bujayriy taʼlim olish va hadis jamlash niyatida Damashq shahriga borgan. U yerda Ahmad ibn Abdulvohid ibn Uʼbud, Abu Omir Muso ibn Omir Mariy, Hishom ibn Xolid, Muhammad ibn Hoshim Baʼlabakkiy, Sulaymon Hamsiy, Ayub ibn Ali ibn Haysam Kanoniy kabi koʻplab taniqli olimlardan hadis tinglagan va taʼlim olgan” [8:320]. Demak, alloma Damashqda koʻplab taniqli olimlar bilan uchrashgan, ular bilan ilmiy muloqotda boʻlgan.

Abu Yaʼlo Xaliliy oʻzining “Irshod” nomli asarida bunday yozadi: “Abu Hafs Bujayriy Iroq va Shomga borganda, Nazr ibn Tohirdan, Kufada – Abu Kurayb, Usmon ibn Abu Shaybadan, Basrada – Bundor va Abu Musodan, Shomda – Sulaymon ibn Salama Xaboiriy, Ahmad ibn Abdulvohid Damashqiy va Hishom ibn Ammordan va Makka shahrida – Muhammad ibn Zunbur va Husayn ibn Hasan Marvaziydan hadis tinglagan [1:9].

Abu Hafs Bujayriy hadis boʻyicha asosiy taʼlimni Abu Mahmud Muhammad ibn Muoviya (mashhur muhaddis, “Sunani Dorimiy”ning muallifi – Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiyning togʻasi), Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy Samarqandiy, Iso ibn Hammod Zugʻba Misriy, Isʼhoq ibn Shohin Vositiy, Abu Soib Silm ibn Jannoda Kufiy, Abd ibn Humayd Keshiy (Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnadi Keshiy” nomli kitobi boʻlib, u Imom Buxoriyning shayxlaridan – ustozlaridan hisoblanadi) va Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy kabi koʻplab mashhur muhaddis olimlardan olgan [5:327; 9:490].

Imom Buxoriyning “Sahih” toʻplamiga yozilgan eng moʻtabar sharhlardan biri sanaluvchi Ibn Hajar Asqaloniy qalamiga mansub “Fathul boriy” (“Ijodkorning ochib bergan sharhi”) kitobining Muqaddimasida bunday soʻzlar bitilgan: “Umar ibn Muhammad Bujayriy: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning: “Jomeʼus sahih” kitobimni Masjidul Haramda tasnif qildim. Bu kitobda yozilgan har bir hadisni Alloh taolodan yaxshilik soʻrab, istixora qilib – ikki rakat namoz oʻqib, sahihligiga ishonch hosil qilganimdan keyin kiritdim”, deb aytayotganini eshitdim”, deydi” [9:490].

Ushbu rivoyatdan Abu Hafs Bujayriy hadis ilmida moʻminlarning amiri deb eʼtirof etilgan Imom Buxoriy bilan bir davrda yashagani, u bilan uchrashgani va bu muhaddisning mazkur soʻzlarini aynan oʻzidan eshitganini anglab olish mumkin.

Abu Hafs Bujayriy hadis oʻrganish va toʻplash bilan birga, koʻplab shogirdlar ham yetishtirgan. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiyning “Takmilatul ikmol” kitobida Muhammad ibn Sobir Buxoriy, Abu Nazr Muhammad ibn Bakr Dehqon Samarqandiy, Muhammad ibn Ahmad ibn Imron Shoshiy, Moʻtamar ibn Jibril Karminiy, Aʼyun ibn Jaʼfar Samarqandiy, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Ali Muaddab Shoshiy va Iso ibn Muso Koshoniy kabi oʻz zamonasining mashhur muhaddis va roviylari aynan Abu Hafs Bujayriydan hadis tinglagani va undan rivoyat qilgani qayd etilgan [5:327]. Bundan tashqari, Abu Hafs Bujayriydan uning oʻgʻli Abulhasan Muhammad ibn Umar, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy, Abu Yahyo Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Isʼhoq ibn Hozim Samarqandiy, Muhammad ibn Hotam Koshoniy, Abulfazl Ahmad ibn Ismoil ibn Yahyo ibn Hozim Azdiy Samarqandiy va Ali ibn Bindor Sayrafiy kabi olimlar ham tahsil olgan va hadis rivoyat qilgani manbalardan yaxshi maʼlum [8:37].

Shoshlik allomalarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirgan N.Muhammedov “Shosh vohasi olimlarining ilmiy-maʼnaviy merosi” kitobida: “Abu Bakr Qaffol Shoshiy Xurosonga borib, Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma, Muhammad ibn Isʼhoq Sarroj, Umar ibn Muhammad ibn Buxayr (turli manbalarda turlicha – “Bujayr”, “Buhayr” va “Buxayr” shaklida kelgan) Samarqandiy kabi yetuk olimlardan dars olgan va boshqa tabaqa vakillaridan hadis tinglagan”, deb yozadi [10:52].

Abu Hafs Bujayriy oʻz davrida hadisshunoslikdan tashqari, fiqh, usul va tilshunoslik ilmlari boʻyicha ham tengi yoʻq olim deb eʼtirof etilgan. Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy kabi bir qancha yetuk allomalarga ustozlik qilgan.

Abu Hafs Bujayriy nufuzli allomalarni tarbiyalash bilan kifoyalanib qolmay, ilm-fan rivojiga oʻzining boy ijodi bilan ham ulkan hissa qoʻshgan. Hadis va tafsir ilmlariga oid bir qancha asarlar yaratgan. Manbalarda keltirilishicha, alloma “Sahih” hadislar toʻplami va “Tafsir” kabi asarlarning muallifi hisoblanadi. Hozirgi kunda “Sahih” toʻplamining qoʻlyozma nusxalari xorijiy mamlakatlar kutubxona fondlarida saqlanmoqda [3:60; 11:206].

Allomaning “Kitobus safina” (“Kema kitobi”) nomli yana bir asari boʻlib, u haqda Abdulloh Abdulhamid Saʼd oʻzining “Oʻrta Osiyo olimlari qomusi” kitobida bunday yozadi: “Abu Hafs Bujayriydan uning Ahmad ismli nabirasi “Jomeʼus sahih” (“Ishonchli toʻplam”) va “Kitobus safina” (“Kema kitobi”) kitoblarini oʻqib oʻrgangan. Bu asarlarni Abu Hafsning oʻzi yozgan” [2:145; 6:370]. Afsuski, bu kitob bizning davrimizgacha yetib kelmagan.

Alloma qalamiga mansub “Jomeʼul musnad” va “Taf­sir” asarlari bir qismining qoʻlyozma nusxalari hozir­gi kunda Damashq shahridagi Zohiriya kutubxonasida №1067 raqam ostida saqlanmoqda” [3:60]. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi elektron bazasida uning elektron nusxasi mavjud. U 248 betdan iborat boʻlib, “Jomeʼul musnad”ning uchdan bir qismini, yaʼni oʻttizinchi – “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam­ning betobliklari va vafotlari” bobini va “Tafsir” kitobining avvalgi qismini qamrab olgan.

Bujayriy nisbasi bilan tanilgan roviylardan yana biri Abulhasan Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Bujayr Samarqandiy Bujayriydir. Muhaddis Abu Hafs Umar ibn Muhammadning oʻgʻli. U ham koʻplab mamlakatlarda safarda boʻlib, Ali ibn Abdulaziz Bagʻaviy, Isʼhoq Dabriy, Bishr ibn Muso, Abu Muslim Kajjiy, Abdulaziz ibn Hasan ibn Bakr ibn Sharud, Ubayd ibn Muhammad ibn Ibrohim Kashuriy, Muoz ibn Musanno va boshqa ulamolardan hadis rivoyat qilgan. 345/956-yilning rabiul avval/iyul oyida vafot etgan [1:7-8; 2:108].

Sulolaning shuhrat qozongan vakillaridan yana biri roviy Abulabbos Ahmad ibn Muhammad ibn Hofiz Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr Samarqandiy Bujayriydir. Muhammad ibn Umarning oʻgʻli, yaʼni muhaddis Abu Hafs Umar ibn Muhammadning nabirasi. Alloma xalq orasida Ahmad Bujayriy va Ahmad Xushufagʻoniy nomlari bilan mashhur boʻlgan.

Ahmad Bujayriy boshlangʻich taʼlimni tugʻilib oʻsgan qishlogʻi Xushufagʻonda bobosi Abu Hafs Bujayriydan olgan. Taʼkidlanganidek, Abu Hafs Bujayriy “Jomeʼus sahih” va “Kitobus safina” nomli kitoblar tasnif etgan. Ahmad Bujayriy esa bobosidan taʼlim olib, mazkur kitoblarni toʻliq oʻzlashtirgan. Keyinchalik u oʻz davrining koʻplab yirik muhaddislaridan koʻplab hadis tinglab, ularni aniq yozib olgani bois taniqli roviylardan biri boʻlib ulgʻayadi. Oʻz navbatida undan bir qancha olimlar hadis rivoyat qilgan. Ahmad Bujayriy 372/982-yilning rabiul avval/sentyabr oyida vafot etgan [6:370].

Bu sulola nafaqat nasab jihatdan, balki X asrda hadis rivoyat qilish boʻyicha ham maʼlum va mashhur boʻlgan. Bujayriy nisbasi bilan ijod qilgan allomalardan baʼzilari oʻzining keng qamrovli ilmiy faoliyati bilan hadis va tafsir ilmlari rivojiga katta hissa qoʻshgan. Lekin shu choqqacha ularning hayoti va ilmiy merosi boʻyicha alohida tadqiqot olib borilmagan. Bugungi kunda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Abu Hafs Bujayriyning hayoti, faoliyati va uning “Jomeʼul musnad” kitobini tadqiq etish boʻyicha muayyan ishlar boshlab yuborilgan. Tadqiqotlar davomida Bujayriy nisbali allomalarning faoliyatiga doir yangi maʼlumotlar yuzaga chiqadi, degan umiddamiz.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abu Umar Muhammad ibn Ali Azhariy. Mustaxriju ala Sahihil Buxoriy va musammo bil Jomiʼil musnad. – Qohira: 2020.
  2. Abdulloh Abdulhamid Saʼd. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007.
  3. Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 5. Dorul ilm, 2002.
  4. Abu Abdulloh Yoqut Hamaviy. Moʻjamul buldon. J. 2. – Bayrut: 1979.
  5. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiy. Takmila­tul ikmol. J. 3. – Makka: Jomiʼa ummul quro, 1410/1990.
  6. Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 2. – Bayrut: 1998.
  7. Abu Hotam Muhammad ibn Habbon. Siqot. J, 9. – Bayrut: Dor al-fikr, 1975.
  8. Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh Shofiʼ. Tarixul madinati Dimashq. J. 45. – Bayrut: 1995.
  9. Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul boriy. J. 2. – Misr: Miriy Kubro matbaasi, Muqaddima.1301/1884.
  10. Muhamedov N. Shosh vohasi olimlarining ilmiy-maʼnaviy merosi. – T.: TIU, 2007.
  11. Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Tazkiratul huffoz. J. 2. – Bayrut: 1998.
  12. Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand. – Tehron: 1999.
YOʻLDOSHXON ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …