Home / MAQOLALAR / Tarozidan urib qoluvchilarga vayl boʻlsin

Tarozidan urib qoluvchilarga vayl boʻlsin

(Abu Hafs Nasafiyning «At-Taysir fit tafsir» asari asosida)

Ijtimoiy hayotda odamlar bir-biri bilan oldi-sotdi qilib, narsa almashib yashaydi. Narsa yoki xizmat evaziga haq toʻlaydi. Shu jarayonda nafsiga boʻyin egadigan, oʻzgalar haqidan qoʻrqmaydigan, haromdan hazir qilmaydigan kimsalar odamlarni aldashga, oʻlchov-tarozidan urib qolishga urinadi, bu ishlarining oqibatiga koʻz yumadi.

Alloh taolo bunday kishilarni ogohlikka chaqirib, «Mutaffifun» surasini nozil qilgan.

«Mutaffifun» soʻzi «oʻlchovdan urib qoluvchilar» degani. Uning asl oʻzagi «tafif» boʻlib «ozgina narsa» maʼnosini anglatadi. Savdo, oldi-berdi payti oʻlchovdan urib qoluvchi ham oz-ozdan yulgʻichlik qiladi. Agar koʻp urib qolsa, xaridor bilib qolishi mumkin.

[1]. (Savdo-sotiqda oʻlchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy boʻlsin!

Ikrima rahmatullohi alayh Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, ular tarozi, oʻlchov borasida eng yomon odamlar edi. Alloh taolo «Vaylul lil mutoffifin» surasini nozil qilgach, oʻlchovni chiroyli qiladigan boʻldi».

Muhammad ibn Kaʼb aytadi: «Madinada tarozidan urib qoluvchi savdogar yahudiylar bor edi. Sura ular haqida nozil boʻlgan».

Baʼzi manbalarda Madinada yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu shaharga hijratlari chogʻida nozil boʻlgan dastlabki sura ekani ham rivoyat qilingan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib tushganlarida, ularni boshqarish siyosatini yoʻlga qoʻyishga ehtiyoj sezdilar va oldi-berdi masalalarida bir-biriga adolat qilishga undadilar. Oʻsha paytda tarozi va oʻlchov bilan oldi-berdi qilish asosiy kundalik turmush tarzi edi. Ushbu sura ularni tuzatuvchi boʻlib indirildi.

﴾ وَيْلٌ ﴿ [vaylun] soʻzini Abu Hurayra roziyallohu anhu «jahannamdagi bir vodiy» deb tafsir qilgan.

Zahhok: «Shiddatli azob», degan boʻlsa, Ibn Kayson: «Gʻamga botgan kishining dod-faryodi», deydi.

[2]. Ular odamlardan (biror narsani) oʻlchab olgan vaqtida toʻla qilib oladigan…

Oʻziningfoydasigakelgannarsalarniodamlardantoʻlaqilib, oʻlchaboladi. Yaʼni, batamomegalikqiladi.

[3]. Ularga (boshqalarga) oʻlchab yoki tortib berganda esa, urib qoladigan kimsalardir.

Agar odamlarga oʻlchab yoki tortib bersa, urib qoladi.

[4]. Ular (vafotidan keyin) qayta tiriluvchi ekanlarini oʻylamaydilarmi?!

[5]. Ulugʻ kunda (qiyomatda)

[6]. odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!

Kaʼb: «Uch yuz yil turadi», degan.

Ibn Umar oyat haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan quyidagicha rivoyat qiladi: «Oʻsha kuni baʼzilar quloqlarining yarmigacha terga botib turadi».

Nofeʼ aytadi: «Ibn Umar sotuvchining yonidan oʻtayotib: «Allohdan qoʻrq, oʻlchov va tarozini toʻgʻri qil! Chunki oʻlchov va tarozidan urib qoluvchilar qiyomat kuni Rahmonning buyukligi oldida quloqlari yarmigacha terga botguncha turgʻizib qoʻyiladi», der edi».

[7]. Yoʻq! Albatta, fojirlarning (kofirlarning) nomai aʼmollari «Sijjin»dadur.

Oyatdagi ﴾ سِجِّينٍ ﴿ soʻzi «abadiy zindon» maʼnosini ifodalaydi.

Ibn Abbos, Mujohid, Qatoda va Zahhok: «U Yerning yettinchi tubida», deydi.

Hadisda: «U jahannamdagi bir oʻra», deyilgan.

Ayrimlar: «Yerning yettinchi tubidagi bir tosh», deydi.

Baʼzi ulamolar: «Ana oʻsha fojir, urib qoluvchi va qayta tirilishni inkor qiladiganlarning amallari ularning zarariga qayta tirilgunicha saqlab qoʻyilgan va tirilgandan soʻng chiqariladigan kitobda qayd qilingan. U eng past va azobi shiddatli joyga tushiriladi. Bu ularning yomon ahvoli va xorlanganini bildirish uchun», deydi.

Mujohid: «Ularning nomai aʼmoli yettinchi yer tubida. Hatto yaxshi amallari ham koʻtarilmaydi va qabul ham qilinmaydi», deydi. Zamra ibn Habib Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: «Farishtalar Alloh taolo bandalaridan birining amalini koʻtarib, koʻpaytiradi, poklaydi va Alloh xohlagan joygacha olib boradi. Alloh ularga: «Sizlar bandamning amalini saqlovchisiz. Men uning nafsidagi narsani kuzatuvchiman. Bu bandam ushbu amalini Men uchun xolis qilmadi. Uni Sijjinga qoʻyinglar», deb vahiy qiladi», dedilar.

Ato ibn Abu Muslim: «Sijjin – yettinchi yer, Iblis va uning zurriyotlari – Alloh ularni laʼnatlasin! – oʻsha yerda boʻladi», degan.

Said ibn Jubayr va Muqotil: « ﴾ لَفِي سِجِّينٍ ﴿ – Iblis alayhillaʼnaning yanoqlari ostida», deb tafsir qilgan.

Vahb aytadi: «Kofirlarning joni olinsa, azob farishtalariga beriladi. Unga Alloh xohlagan yomonliklarni koʻrsatadi. Soʻng yerning tubiga uloqtiriladi, u Sijjindir. Nomai aʼmoli Iblis saltanatining nihoyasi boʻlgan oʻsha joyga mahkamlab qoʻyiladi».

[8]. (Ey Muhammad!) «Sijjin» nima ekanini qayerdan ham bilar edingiz?!

[9]. (U amallar) bitilgan kitobdir.

Yaʼni, barcha amallar yozib qoʻyilgan kitob.

Ayrim ulamolar: «Belgilangan kitob», degan.

Qatoda: «Unga bandalarning yomonliklari yozilgan boʻladi», yaʼni unga doʻzaxni vojib qiladigan amallari yoziladi, deydi.

Alloh taolo oʻzaro munosabatlarimizda barchamizga tavfiq bersin.

Bahodir MIRZAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …