Home / MAQOLALAR / Ramazon oyi fayzu barakali boʻlsin!

Ramazon oyi fayzu barakali boʻlsin!

Bismillahir rohmanir rohim. Xayru saxovat, mehr-oqibat, silai rahm mavsumi boʻlmish Ramazon oyini ato qilgan Alloh taologa hamdu sanolarimiz boʻlsin! Ramazonni chinakam yaxshilik oyi sifatida oʻtkazishda ummatga namuna boʻlgan suyukli paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlarimiz boʻlsin!

Butun islom ummatini, xususan, aziz xalqimizni muborak Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan samimiy muborakbod etamiz. Alloh taolo bu fazilatli ayyomni butun dunyo uchun tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot va ikki dunyo saodatiga eltuvchi oy qilsin!

Alloh taolo Ramazon roʻzasi haqidagi oyati karimada bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham roʻza farz qilindi. Shoyadki taqvodor boʻlsalaringiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

Bu oyda har bir musulmonning odobu axloqi sayqallanadi. Taqvosi ziyoda boʻladi. Buning sababidan jamiyatda yaxshi kayfiyat, ahillik va birdamlik hukm suradi.

Hazrat paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu muborak oyni gʻanimat bilishga chorlab, bunday deganlar: “Sizlarga Ramazon oyi keldi. U muborak oydir. Alloh sizlarga uning roʻzasini farz qildi. Unda jannat eshiklari ochiladi, doʻzax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi kecha bor. Kim uning yaxshiligidan mahrum boʻlsa, batahqiq, (barcha yaxshiliklardan) mahrum boʻlibdi”. (Imom Ahmad rivoyati).

Alloh taolo oylar ichida Ramazonni fazilatli qildi. Bu oyda Qurʼon nozil boʻlgan, roʻza tutish farz qilingan. Roʻza tanaga ham, ruhga ham fayzu quvvat bagʻishlaydi. Ushbu oyda Allohga har qachongidanda yaqinlashish, ulugʻ ajru mukofotlarga sazovor boʻlish imkoniyati koʻp.

Bu oyda Yer yuzining turli tarafidagi musulmonlar mushtarak qarash va ezgu maqsad bilan birlashadi. Shubhasiz, Qurʼon xatmi, taroveh va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, mehr-oqibat, dinu diyonatni shakllantiradi.

Imom Tabaroniy Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Sizlarga baraka oyi — Ramazon keldi. Unda Alloh sizlarni behojat qiladi, rahmatini nozil qiladi, xatolarni oʻchiradi, duolarni ijobat qiladi”, deya marhamat qilinadi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda eʼlon qilingan qarorida xalqimiz uchun ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukrona timsoli boʻlgan qutlugʻ Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda ulugʻlash boʻyicha qator vazifalar belgilangani barcha yurtdoshlarimizni behad xursand qildi.

Alloh taologa shukr, yangi Oʻzbekistonda barcha soha qatori diniy-maʼrifiy jabhada ham salmoqli ishlar qilindi. Ayniqsa, masjid-madrasalar koʻpayayotgani, Qurʼoni karimni oʻrgatish kurslari faoliyati, haj, umra qiluvchilar soni oshayotgani va allomalarga ehtirom koʻrsatilib, asarlari ona tilimizga tarjima qilinayotgani barchani mamnun etdi. Mir Arab madrasasining 500-yilligiga bagʻishlangan anjuman ishtirokchilari — taniqli muftiylar, zabardast ulamolar va olim-professorlar mamlakatimizdagi tarixiy oʻzgarishlarni yuqori baholadi.

Yurtimiz ulamolarining nufuzli islomiy tashkilotlarga aʼzo boʻlishi diniy-maʼrifiy islohotlarning musulmon dunyosi tomonidan yuksak eʼtirof etilishi boʻldi. Bularning barchasi mamlakatimizda vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlash, diniy-maʼnaviy, ilmiy-maʼrifiy, umuminsoniy qadriyatlarni eʼzozlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarning yorqin ifodasidir.

Ramazon oyida mehr-oqibat yanada ziyoda boʻladi. Shu sababli xalqimiz bu oyning barakasidan har bir uy bahramand boʻlsin, moʻminlar qalbiga shodlik kirsin deb koʻproq xayr-saxovat qilishga, zakot berishga oshiqadi.

Ayni kunlarda ijtimoiy himoya sohasida keng koʻlamli ishlar boshlandi. Kam taʼminlangan oilalar, nogironligi borlar, yetimlarga yordam berish, kasb-hunar oʻrgatish, ularni oʻqitish va ishga joylashtirish borasida ham aniq va manzilli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Biz — ulamolar bu yil Ramazon oyini yurtimizda mehr-muruvvat, xayru saxovat mavsumiga aylantirishni oʻzimizga shior qilib oldik. Toki qutlugʻ oyda har bir xonadon, har bir kishining qalbiga xursandlik kirib borsin. Shunda murodimiz hosil, Yaratgan bizdan rozi, xalqimiz har yili Ramazonni orziqib kutadigan boʻladi, inshaalloh.

Aziz xalqimiz, ayniqsa, saxovatli doʻstu birodarlarimiz bu oyda imkon qadar xayriya ishlarini koʻpaytirsin, yurtimizda ehtiyojmand kishi qolmasin, har bir uyda shodlik, quvonch muhiti hukm sursin.

Binobarin, insoniyatga ksak namuna boʻlgan hazrat paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylarga qaraganda saxiyroq boʻlar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy boʻlib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shiddat bilan esayotgan shamoldanda uchqur edilar” (muttafaqun alayh).

Shunday ekan, umid qilamizki, qoʻli ochiq, saxovatpesha yurtdoshlarimiz nogironligi bor shaxslar, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotganlar hamda kam taʼminlangan oilalarga mehr-muruvvat qoʻlini choʻzadi, bemorlar holidan xabar olib, koʻngillarini koʻtarishda peshqadam boʻladi.

Bu yil 2 mingdan ziyod masjidda taroveh namozi ado etiladi. Shundan 1 ming 600 tasida Qurʼon xatm qilinadi. Ramazon oyining 27 kuni davomida masjidlarda kalomullohning sahifalari bir xil adadda oʻqiladi.

Alloh nasib etsa, barcha masjidda Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi, yaʼni Qadr kechasi kuni Qurʼon xatmi yakunlanib, bir vaqtning oʻzida bir necha million yurtdoshimiz Haq taologa duo qiladi. Mana shunday jamuljam iltijo ijobatidan yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon boʻladi. Yurtimizga ilohiy nur, baraka yogʻiladi, inshaalloh.

Hadisi sharifda “Roʻzadorning duosi maqbuldir” deyiladi. Shuning uchun ham bu qutlugʻ oyda chin qalbdan, astoydil dunyo va oxirat saodatini soʻrab duo qilishimiz kerak. Alloh taolodan ushbu qutlugʻ oyda aziz xalqimizga mustahkam sogʻliq, bitmas-tuganmas kuch-quvvat, oilaviy baxt-saodat va faoliyatida ulkan zafarlar yor boʻlishini soʻraymiz. Yaratganning Oʻzi yurtimizni turli balo va ofatlardan omon saqlasin. Parvardigori olam yurtimiz tinchligini barqaror, xalqimiz hayotini bundanda farovon, muborak Ramazondagi xayrli ishlarni yil boʻyi bardavom qilsin.

Niyati pok, maqsadi ulugʻ xalqimizning, har bir moʻmin-musulmonning duo va iltijolari roʻyobga oshsin! Muborak Ramazon oyi bilan barcha moʻmin-musulmonlarni, aziz xalqimizni yana bir bor samimiy qutlaymiz.

Barchamizga fazilatli Ramazon oyi muborak boʻlsin! Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu.

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Check Also

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun …