Home / MAQOLALAR / JANNATDAN TOʻSADIGAN AMAL

JANNATDAN TOʻSADIGAN AMAL

Chaqimchilik – sirni fosh qilish va ochilishi nojoiz sanalgan narsani eʼlon qilishdir. U ham gʻiybat kabi ogʻir gunohlar sirasiga kiradi. Chunki chaqimchilik fitnaning oʻt olishiga, notinchlik va urush-janjalga sabab boʻladi. Qolaversa, kishilarning qalblarida bir-biriga nisbatan gina-adovatni paydo qiladi. Bu illat odamlar oʻrtasidagi doʻstlik, mehr-oqibat va yaxshi aloqalarga putur yetkazadi. Inson boshqalardan koʻrgan har qanday narsasi haqida gapiraverishdan tilini tiymogʻi lozim.

Alloh taolo Qurʼoni karimda Valid ibn Mugʻirani sifatlab, bunday degan:

﴿هَمَّازٍ مَشَّاءٍ بِنَمِيمٍ﴾

(Ey Muhammad alayhissalom) siz har bir tuban qasamxoʻr, gʻiybatchi-yu, gap tashuvchi (chaqimchi) kimsaga itoat etmang”[1].

Huzayfa ibn Yamoniy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Chaqimchi jannatga kirmaydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Hadisda chaqimchilikning haromligini bila turib, halol sanagan kishi sifatlangan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki qabr oldidan oʻtayotib: “Bu ikkisi azoblanmoqda. Biroq katta narsa tufayli azoblanayotgani yoʻq. Biri najosatdan saqlanmas edi. Ikkinchisi esa chaqimchilik qilib, gap tashib yurardi”, dedilar. Soʻng bir hoʻl novda olib, ikkiga boʻldilar va har bir qabrga bittadan suqib qoʻydilar. “Ey Allohning Rasuli, buni nima uchun qildingiz?” deb soʻrashganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: “Shoyad, bu novdalar qurigunicha, ularga azob yengillatib turilsa”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, gap tashib, odamlarni bir-biriga chaqish harom qilingan ishlar sirasiga kirar ekan. Chaqimchilikning mohiyati sirni fosh etish va oʻzganing oshkor boʻlishini oʻzi istamaydigan tomonini ochib tashlashdir. Ehtimol, bir kishi haqida salbiy fikr bildirgan kishining maqsadi yomonlik boʻlmasligi, balki shunchaki gapdan gap chiqib aytilgan soʻz boʻlishi mumkin. Oʻsha gapni olib, u haqda gapirilgan odamga yetkazish chaqimchilikdir. Ammo zulm qilganning ustidan mazlumning shikoyati chaqimchilikka kirmaydi. Hadisdagi Biroq katta narsa tufayli azoblanayotgani yoʻq” jumlasi bu ishlarni tark etish ular uchun qiyin emas edi, degan maʼnoda tushuniladi.

Chaqimchi yo gap tashilayotgan odamga yomonlik istaydi yoki gap tashilayotgan insonga yoqish va yaqin boʻlish istagida boʻladi. Yo boʻlmasa, soʻzda chuqurlashib, keraksiz va botil gaplarga shoʻngʻiydi.

Asmo bint Yazid roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarga: “Eng yaxshilaringiz haqida xabar beraymi?” dedilar. Ular: “Ha (xabar bering!)”, dedi. U zot dedilar: “Shunday kishilarki, odamlar ularni koʻrganda Alloh esiga keladi”. Keyin: “Eng yomonlaringiz haqida xabar beraymi?” dedilar. “Ha (xabar bering!)”, deyishdi. U zot: “Gap tashib yuruvchi, yor-doʻstlar orasini buzuvchi, aybsiz insonlarga yomonlik va mashaqqat yetishini xohlovchi kimsalar”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Chaqimchilikning eng yomoni va gunohi ogʻirrogʻi saltanat sohibi huzurida amalga oshirilganidir. Buning xatarli tomoni kuch-qudrat sohibi boʻlgan kishining oʻta qattiq qasos olishga qodir ekanidir.

Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Asʼhobimdan birontasi boshqasi haqida (men yoqtirmaydigan va gʻazabimni keltiradigan) biror narsani (holatni) menga yetkazmasin! Zero, men qarshingizga qalbim (birortangizga nisbatan nafratdan) salomat holida chiqishni istayman” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Islom shariatida ikkiyuzlamachilik ham illat hisoblanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Odamlarning maʼdanlar (naslning boshlanish nuqtasi) ekanini koʻrasiz. Ularning johiliyatdagi yaxshi boʻlganlari islomda ham eng yaxshilaridir, agar dinda faqih boʻlsa. Bu borada (xalifalik, rahbarlikda) odamlarning eng yaxshisi buni (mansabni) eng yomon koʻradigani ekanini topasiz. Odamlarning eng yomoni anavilarga bir yuz bilan, manavilarga bir yuz bilan keladigan ikkiyuzlamachi ekanini topasiz” (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kimning bu dunyoda ikkita yuzi boʻlsa, qiyomat kunida uning olovli ikkita tili boʻladi” (Abu Dovud rivoyati).

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo otasidan rivoyat qiladi: “Baʼzilar Ibn Umarga: “Biz sultonimizning huzuriga kirib chiqib, odamlarga u yerdagi suhbatning teskarisini aytamiz”, dedi. U: “Biz buni munofiqlik deb bilar edik”, dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu illatlar doʻstlar orasini buzadi, dushmanlar orasidagi adovatni yana ham kuchaytiradi. Jamiyatni parokanda qiladi. Aslida chaqimchilik tuhmat yo boʻhton emas, balki haqiqat boʻlishi mumkin. Ammo u odamlar oʻrtasidagi munosabatlarni buzishi, jamiyatda fasod yoyilishiga sabab boʻlgani uchun ham qatʼiyan harom qilingan va ogʻir gunohlar qatoriga kiritilgan. Shuning uchun moʻmin banda doimo qalbini gina-kuduratlardan pok va salomat saqlashi lozimdir. Zero, qalb salomatligi – moʻmin kishining eng asosiy sifatlaridan biri. Sogʻlom qalb egasi amali koʻp boʻlmasa ham, koʻp yaxshiliklarga erishadi.

Otabek BAHRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Qalam surasi, 10-11-oyatlar.

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …