Home / FOTO LAVHALAR / Xorazmdagi tadbirlar Xonqa va Xazoraspda davom etdi

Xorazmdagi tadbirlar Xonqa va Xazoraspda davom etdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari 5 mart kuni Xorazm viloyatining Xonqa va Xazorasp tumanlarida targʻibot uchrashuvlarini oʻtkazdi.

Tadbirlar tumanlar rahbar xodimlari, ijtimoiy soha vakillari, viloyat hokimligi masʼullari, mahalla raislari, hududlardagi hokim yordamchilari, mahalla xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, profilaktika nozirlari, umumtaʼlim maktablari direktorlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirokida oʻtdi. Uchrashuvlarda ilm va maʼrifatni yuksaklarga koʻtargan alloma ajdodlarimizning dunyo tamaddunida tutgan oʻrni alohida eʼtirof etilib, ular qoldirgan boqiy meros barcha davrlarda insonparvarlik, ezgulik gʻoyalari mazmunini boyitish bilan birga, insonlarning maʼnaviy-axloqiy kamolotini taʼminlagani tilga olindi.

Xazoraspda tuman hokimi Zafar Abdirimov tashkil etilgan tadbir alloma ajdodlarimizning komil inson, barkamol shaxs siyratiga oid qarashlarini teranroq anglashda, ular qoldirgan boy maʼnaviy merosning tarbiyaviy jihatlarini amaliyotga kengroq tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd qildi.

Xonqadagi tadbirda tuman hokimining oʻrinbosari Rufat Aminov anjuman yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqidagi tasavvurlarni yanada boyitgani, ular ilmiy merosining yuksak maʼrifiy ahamiyatini kengroq ochib berganini eʼtirof etdi.

Targʻibot guruhi aʼzolari “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosida yuksak insonparvarlik gʻoyalari tarannumi”, “Yoshlarimizni yot oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan himoya qilish” va “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida maʼruza qildi.

Shuningdek, “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli film namoyish qilinib, markazlar tomonidan nashr etilgan yangi kitob va risolalar taqdimoti tashkil etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …