Home / HADIS / KISHILARGA OZOR BERMASLIK (bir hadis sharhi)

KISHILARGA OZOR BERMASLIK (bir hadis sharhi)

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon – musulmonlar uning tili va qoʻlidan omonda boʻlgan kishidir”, dedilar.

* * *

Hadisda odamlarga ozor berishdan saqlanish islomning eng muhim shoʻbalaridan ekani aytilmoqda.

Ulamolar aytadiki, bu yerda musulmonlar soʻzi gʻolib eʼtibordan aytilgan. Bu gap musulmonlar yurtida, musulmonlar jamoasi ichida aytilgan. Bu degani musulmonlardan boshqalarga ozor bersa boʻladi degani emas. Demak, musulmon boʻlmaganlar ham musulmondan ozor koʻrmasin, deyilmoqda.

Gʻayrimusulmonlar ham musulmondan ozor chekmasin deyilgan. Musulmon boʻlmagan kishi ham bir inson, shariatda hatto hayvonga ham ozor bermaslik buyurilgan.

Nima uchun hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ozor bermaslik aʼzolari sifatida faqat kishining tili va qoʻlini zikr etdilar? Chunki inson koʻpincha tili yoki qoʻli bilan ozor yetkazadi. Til bilan boshqani qalbini sindiradi, soʻkadi, taʼnayu dashnom qiladi, gʻiybat qiladi. Qoʻl bilan uradi, ustidan yozib ozor beradi. Demak, odatda ozor yetkaziladigan aʼzolar zikr etilgan. Maqsad salomatlikni shu ikkisigagina cheklash emas, balki mutlaq zarar yetkazishdan qaytarilgan.

Bu hadis islomiy hayotning asosi hisoblanadigan hadislardan biridir. Goʻyo islomiy muosharat ahkomlari shundan shoxlab chiqadi. Masalan, jamoat bilan namoz oʻqishning fazilati va uning savobi ziyoda boʻlishi hadislarda aytilgan. Lekin bir odamning jismidan doim yiring oqib turadi. Bu odam jamoatga borsa, odamlar aziyatlanadi. Bunday insonning jamoatga borishi joiz emas. U uyida namoz oʻqishi kerak. Boshqalarga ozor berishdan saqlanishi kerak.

Hajarul asvadni oʻpish juda ham fazilatli amal. Hadisda kim hajarul asvadni oʻpadigan boʻlsa, goʻyo u Alloh taolo bilan koʻrishganday boʻladi deyilgan. Uning hamma gunohi afv qilinadi. Bundan ortiq qanday fazilat boʻlishi mumkin?! Hamma shu fazilatga ega boʻlishga intiladi. Lekin hamma Hajarul asvadga oʻzini uradigan boʻlsa, tiqilinch va izdihom boʻladi. Mana shunday vaqtda Hajarul asvadni oʻpishga buyurilmaydi. Boshqaga ozor berib Hajarul asvadni oʻpishdan qaytariladi. Hajarul asvadni oʻpib savob olaman degan odam boshqalarga ozor berib, gunohkor boʻlib qolishi ham mumkin.

Demak, shariat hamma sohada zararni eʼtiborga olgan. Hech qachon musulmon kishi tarafidan boshqalarga ozor yetmasin. Yaʼni birovga ozor yetkazmaslik dinning asli mohiyatidar.

Anvarshoh Kashmiriy rahimahulloh aytgan ekanlar: “Musulmon –musulmonlar uning tili va qoʻlidan omonda boʻlgan kishidir” deganda – “Komil musulmon boshqaga ozor yetkazmaydi”, deya tushunish lozim. Garchi muftiy musulmonga ozor yetkazgan odamni kufrga hukm qilmasa ham, lekin bunday kishining odamgarchiligi yoʻq, din-diyonati – islomi yoʻqdek ekan”.

Hozir oʻzimizning holimizga bir qaraylik: oʻzi sahih musulmonmizmi yoki unday emasmi?! Biz boshqaga ozor bermaslikni odatimiz va xulqimizdan ham chiqarib yubordik. Uni dinning hissasi deb tushunmaydigan boʻlib qoldik. Noxush narsalarni koʻchalarga tashlaymiz, insonlarga bundan ozor yetadi. Masjidga borib shunday joyda turib namoz oʻqiymizki, oldimizdan boshqa odam oʻta olmaydi. Shunda oʻtuvchi gunohkor boʻlmaydi, aksincha yoʻlni toʻsib olib namoz oʻqigan gunohkor boʻladi. Chunki bir chekkada namoz oʻqib boshqaga ozor bermaslikka imkoniyati bor edi.

Hojatxonalarda suvni oqizishga ham eʼtiborsizlik qilamiz. Boshqa odam ortimizdan kirib aziyatlanadi. Bu – kabira gunoh, sagʻira emas. Bu yerda ozor berish bor. Bularni diniy hayotimizdan tashqari narsa deb tushunib qoldik.

Xulosa shuki, musulmon tili va qoʻli bilan biron insonga ozor yetkazsa, Islomga munosib boʻlmagan ishni qilgan boʻladi.

“Sahihi Buxoriy” sharhi (2-jild) kitobi asosida tayyorlandi
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

XALIFALIKMI YOKI PODSHOHLIK? (Mahmud Abdulmoʻmin (Hizbuttahrir)ning xalifalik daʼvolariga raddiya)

Maʼlumki, Islom dini avvalida musulmonlar jamiyatining boshqaruvi bevosita paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqaruvlarida …