Home / FOTO LAVHALAR / Surxondaryoda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlari Shoʻrchida davom etdi

Surxondaryoda maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlari Shoʻrchida davom etdi

29-fevral kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlaridan iborat targʻibot guruhi Surxondaryoning Shoʻrchi tumanida ish olib bordi.

Shoʻrchi, Oltinsoy va Qumqoʻrgʻon tumanlar rahbarlari va ijtimoiy soha vakillari, davlat tashkilotlarining joylardagi boʻlimlari mutasaddilari, mahalla raislari, hududlardagi hokim yordamchilari, mahalla xotin-qizlar faollari, diniy soha olimlari, maktabgacha taʼlim muassasalari mudirlari, umumtaʼlim maktab direktorlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida keng maʼlumot berildi va yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar qoldirgan boy ilmiy merosning yuksak maʼnaviy qiymati tilga olindi.

Tadbirda Shoʻrchi tumani hokimi Ulugʻbek Zokirov soʻz olib, viloyat miqyosida oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar koʻplab mutafakkirlar, xususan, Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning ulugʻvor siymosi hamda oʻlmas ilmiy merosini chuqur anglatish orqali milliy va diniy qadriyatlarimizni pok saqlash, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalashdek ulkan maqsadlarga xizmat qilishini taʼkidladi.

Targʻibotchilar “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosida yuksak insonparvarlik gʻoyalari tarannumi”, “Yoshlarimizni yot oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan himoya qilish” va “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida maʼruzalar qildi.

Shuningdek, “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli film namoyish qilinib, markazlar tomonidan nashr etilgan yangi kitob va risolalar taqdimoti tashkil etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Maʼrifat karvoni” — maʼnaviyatning nurli yoʻlida

“Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy va madaniy targʻibot loyihasi doirasida 5-dekabr kuni Qashqadaryo, Navoiy, Andijon va Toshkent …