Home / YANGILIKLAR / NUQTASIZ YOZILGAN QOʻLYOZMALAR yoxud shonli oʻtmishimiz pasporti hisoblanmish qadimiy manbalar haqida

NUQTASIZ YOZILGAN QOʻLYOZMALAR yoxud shonli oʻtmishimiz pasporti hisoblanmish qadimiy manbalar haqida

Har bir xalq oʻz madaniyatiga ega. Ularning tafakkuri, dunyoqarashi, bilimi yozishmalar orqali bizgacha yetib kelgan. Qadimiy yozma manbalar buyuk tariximizning koʻzgusidir.

Bular orqali ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan muhtasham adabiyot, sanʼat, madaniyat, ilm-maʼrifat obidasi haqida koʻp maʼlumotlarga ega boʻlamiz.

Prezidentimizning 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu borada katta voqea boʻldi. Ushbu qaror asosida Vazirlar Mahkamasining “Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ham 2022-yil 6-sentyabr kuni eʼlon qilindi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ustuvor vazifalaridan biri qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish hisoblanadi. Davlat reyestri muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni saqlash, tizimlashtirish va nazorat qilishga yoʻnaltirilgan. Bu qadimiy yozma manbalar 1950-yilga qadar yaratilgan asarlarni qamrab oladi, yaʼni ular tarkibiga yozma yodgorliklar, qoʻlyozmalar va toshbosmalar kiradi.

Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistondagi muzey, kutubxona, arxiv fondlar va boshqa tashkilotlarda 100 mingdan ziyod qadimiy yozma manbalar saqlanadi. Ular ichida qoʻlyozmalar, tarixiy hujjatlar va toshbosmalar bor. Shu jumladan, 40 mingdan koʻproq manbalarni qoʻlyozmalar tashkil etadi.

Markaziy Osiyo jahon tamaddunining beshiklaridan biridir. Shu bois, diyorimizda oʻtgan asrlar davomida ilmning turli sohalariga oid asarlar yozilgan. Qurʼon, hadis, fiqh ilmlarini oʻrganish barobarida til, adabiyot, tasavvuf, falsafa, mantiq, tarix, matematika, tibbiyot, sanʼat, geometriya, astronomiya kabi fanlar haqida buyuk daholarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy asarlar jahon tamadduniga alohida ulush qoʻshib kelmoqda. Shuning uchun oʻrta asrlar haqida gap ketganda, bizning avlodimiz gʻurur bilan ajdodlar nomini eslaydi. Ammo ularning nomlari bilan gʻururlanish kamlik qiladi, balki munosib avlod boʻlish uchun ular yaratgan muhtasham ilmiy asarlarni oʻqib, uqish hamda amaliyotga tatbiq etish kerak boʻladi. Masalan, Ibn Sinoning 450 dan ortiq asari bor. Ammo ushbu olimning bizgacha yetib kelgan jami asarlarini oʻqib chiqqan kishilarni barmoq bilan ham sanash qiyin. Buning sababi shundaki, olimning asarlari turli fan sohasiga tegishli va ularni oʻqib tushunish uchun chuqur bilimga ega boʻlish kerak.

Xalqimiz oʻtmishidan xabardor boʻlish, ajdodlarimiz tafakkuri merosidan bahra olish uchun qadimiy yozma manbalar koʻprik vazifasini oʻtaydi.

Ular bizni oʻtgan asrlar bilan bogʻlaydi. Oʻsha davrdan yetib kelgan har bir manbaning qadr-qimmati bugungi kunda oshib bormoqda. Chunki inson tafakkuri mahsuli hech qachon eskirmaydi, aksincha, vaqt oʻtishi bilan yangicha jilolanadi.

Qadimiy yozma manbalarni Davlat reyestriga kiritish nafaqat ularni yoʻq boʻlib ketishdan saqlanishga zamin yaratadi, balki ilmiy izlanuvchilar uchun dastlabki maʼlumotlar bazasi sifatida ham xizmat qiladi. Aks holda, koʻp asarlar qayerda saqlanayotgani haqida maʼlumotga ega boʻlolmaymiz.

Ayni paytda Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Davlat reyestrining 8 jildi nashrdan chiqdi. Har bir jild mingta manbani qamrab olgan.

Yaʼni 8 ming qoʻlyozma haqida asosiy maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Bu jildlarga kiritilgan barcha manbalar qoʻlyozmalardan iborat boʻlib, asosan, arab, fors va eski oʻzbek tillarida yozilgan. Koʻp manbalar nastaʼliq xatida koʻchirilgan, buning barobarida nasx, suls, shikasta kabi xatlarda yozilgan manbalar ham mavjud. Ushbu manbalar, asosan, Qurʼon, hadis, tajvid, fiqh, tarix, tasavvuf, geografiya, adabiyot, grammatika, lugʻat, mantiq, falsafa, adabiyotshunoslik kabi yoʻnalishlarga tegishli.

Manbalar turli davrlarda kotiblar tomonidan koʻchirilgan. Lekin kuzatishlar qoʻlimizdagi manbalarning aksar qismi aynan XIX asrda koʻchirilganini koʻrsatadi. Bu esa, bir tomondan, oʻsha davrda ajdodlarimizning ilmiy merosini koʻchirib chiqish uchun boshqa davrlarga nisbatan qizi qish ortganini bildirsa, ikkinchi tarafdan, bizning davrimizga yaqin boʻlgani bois, nisbatan koʻproq manbalar yetib kelganini isbotlaydi.

Bugungi kunda qoʻlyozmalarni asrab-avaylashga yangi usullar tatbiq qilinayotgan boʻlsa-da, ayrim joylardagi manbalarning moddiy-texnik bazasida kamchiliklar kuzatiladi. Oʻylaymizki, Davlat reyestriga kiritish barobarida oʻsha manbalarni restavratsiya qilish ishlari ham yoʻlga qoʻyilishi bunday kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga zamin hozirlaydi. Bu borada Islom sivilizatsiyasi markazida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Manbalar ichida nuqtasiz yozilgan qoʻlyozmalar barmoq bilan sanarli boʻlsa ham, oʻsha davrning oʻziga xos yozish uslubidan dalolat beradi. Biz bunday manbalar orqali oʻrta asr olimlarining zakovati darajasi hamda kotiblarning xat koʻchirish mahoratidan xabardor boʻlishimiz mumkin. Bu usulda koʻchirilgan manbalarning ayrimlari mantiq ilmiga tegishli. Asl ajdodi bizning diyorimizdan chiqqan Mirzo Abdulqodir Bedilning devoni Markaziy Osiyoda sevib oʻqilardi. Bedilning ijodi hindiy uslubida yozilgani uchun uni tushunish qiyin kechadi. Bundan tashqari, Bedil devonlari, asosan, shikasta xatida koʻchirilgan edi. Shikasta xatini hamma ham oʻqiy olmasdi.

Bularga qoʻshimcha tarzda Bedil devonlari shikasta xatida nuqtasiz yozilganiga guvoh boʻlamiz. Bunday matnlarni oʻqiydigan kishi xat oʻqishda va matnlarni tushunishda oʻta usta boʻlishi kerak edi, aks holda, bu kabi manbalarni oʻqib tushunish oson kechmasdi. Shunday murakkab ishlarni uddalashda aruz vaznini bilish ham yordam beradi. Oʻqilishi qiyin boʻlgan ayrim soʻzlarni vazn orqali maʼnosini tushunib oʻqishga imkon paydo boʻlardi.

Hammaga maʼlumki, oʻtgan asrlarda bizning diyorimizda navoiyxonlik, bedilxonlik kechalari boʻlib turardi. Bunday adabiy kechalarda mashhur shoirlarning sheʼrlari oʻqilardi, baytlari tahlil qilinardi va har bir baytda kamida ikkita — zohiriy va botiniy maʼnolar yuklatilgani aniqlanardi. Manbalar ichida Alisher Navoiy, Bedil devonlari kabi asarlarga koʻp duch kelinishini aynan shular bilan izohlashimiz mumkin.

Chunki ilmiy moʻtabar manbalar qatorida nomi yuqorida zikr etilgan shoirlarning devonlari boshqa asarlarga nisbatan koʻproq kuzatiladi.

Davlat reyestriga kiritish jarayonida har bir manba haqida, asosan, quyidagi maʼlumotlar kiritiladi: asar nomi, muallifi, xattot, tili, mavzusi, nashr etilgan yoki koʻchirilgan yili, holati, oʻlchamlari, inventar raqami, shakli, saqlanish joyi, manbaga oid qoʻshimcha maʼlumotlar. Bulardan tashqari, muqovaning holati va rangi, qogʻoz, xat turi haqida maʼlumotlar kiritiladi.

Ayrim manbalar ikki yoki uch tilda yozilgan. Masalan, bitta qoʻlyozma da Alisher Navoiyning “Arbain”i barobarida Abdurahmon Jomiyning “Chihil hadis”i va hadislarning asl varianti qorishma tarzda keltirilganini koʻrishimiz mumkin. Shuning uchun bitta qoʻlyozma manbaning tili haqida maʼlumot berganda uchta tilni ham koʻrsatish lozim boʻladi.

Manbalarni Davlat reyestriga kiritish paytida koʻproq quyidagi muammolarga duch kelinadi: asar nomi yoʻq yoki xato berilgan, muallifi yozilmagan, koʻchirilgan yili yozilmagan yoki ikkita sana mavjud, unvon yoki kolofon qismi yoʻq, poygirlar qoʻyilmagani bois, titilib ketgan varaqlarni tartibga keltirish qiyin kechadi, majmua shaklidagi manbalarning faqat bitta asariga maʼlumot berilgan, boshqalariga biror ishora ham yoʻq.

Shuningdek, ayrim manbalarning koʻchirilgan joyi va yili unvon yoki kolofon qismida emas, balki asarning oʻrtarogʻida beriladi. Buning uchun asarni boshidan oxirigacha koʻrib chiqishga toʻgʻri keladi. Yana bir holat, “Gulshani roz” nomi bilan asosiy maʼlumoti taqdim etilgan manba, aslida, boshqa asar ekani maʼlum boʻldi. Holbuki, manbaning birinchi betida arab yozuvida “Gulshani roz” deb yozilgan edi. Maʼlumot sifatida aytish lozimki, ming baytli ushbu asar Sohibqiron Amir Temur sevib mutolaa qilgan kitoblardan hisoblanadi. Asarda tasavvufiy masalalar savol-javob tarzida yozilgani uchun qoʻlma-qoʻl yurar ekan, qoʻlyozmalar ichidan koʻp nusxalari chiqishiga ham shu asos boʻlsa kerak.

Diqqatni oʻziga tortadigan yana bir masala bor. Ayrim asarlarga sharh yozilgan, yana boshqa olimlar tomonidan oʻsha sharhga hoshiyalar bitilgan.

Ammo manbada asosiy asar muallifiga ishora qilingan, xolos.

Bu esa har bir asarni sinchiklab koʻrib chiqib, ishonch hosil qilgandan keyin Davlat reyestriga kiritish kerakligini talab qiladi. Shular hisobidan baʼzi holatlarda koʻp vaqt ketib qoladi.

Bayoz (antologiya)larda koʻp shoirlar nomi berilgan, ayrimlarida yoʻq. Davlat reyestriga kiritilayotgan bayoz manbalarning oʻziga xos usuli shundan iboratki, ularda zullisonayn shoirlar ijodi berilgan yoki ikki tilda yozilgan sheʼrlar saralab olingan.

Har bir manba ortida muallif xizmatidan tashqari, kotiblar mehnati turadi. Yozma manbalar aynan shunday kishilar mehnati evaziga bizgacha yetib kelgan. Ammo har bir ishda maʼlum darajada kamchilik boʻlishi tabiiy hol. Ayrim asarlarni koʻchirish asnosida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan holatlar ham kuzatiladi. Buning barobarida, kamchiligi bor nusxalarga tuzatishlar kiritgan kishilarning ishi tahsinga loyiq.

Majmua (toʻplam) asarlarining ayrimlari turli mavzularda yozilgan risolalardan iborat. Ularning bir qismi 10-20 tadan koʻp asarni oʻz ichiga qamrab olgan. Ammo ularning tarkibidagi risolalar nomi, muallifi, koʻchirilgan yilini aniqlash oson kechmaydi. Chunki ayrim toʻplamlardagi matnlar boʻyalib ketgan, betlari yirtilgan yoki mogʻor bosgan boʻladi. Uning ichidagi har bir risola turli xat yoki turli qogʻozda koʻchirilgani ham koʻzga tashlanadi. Majmualar tarkibidagi asarlar ayrim paytda eʼtibordan chetda qolib ketmoqda. Holbuki, ular tarkibida noyob risolalar jamlanadi.

Har bir qoʻlyozma asar tamaddunimiz tamal toshidek xizmat qilib kelmoqda.

Boshqacha qilib aytganda, qadimiy yozma manbalar bizning shonli tariximiz pasporti hisoblanadi. Shuning uchun ularni asrab-avaylash, yoʻqolishdan saqlash nafaqat soha mutaxassislari, balki butun jamoatchilikning muhim ishiga aylanishi lozim.

Xusrav HAMIDOV,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 26-yanvar, №19(1080)

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …