Home / MAQOLALAR / QOʻSHNICHILIK HAQ VA ODOBLARINI QANCHALIK BILAMIZ?!

QOʻSHNICHILIK HAQ VA ODOBLARINI QANCHALIK BILAMIZ?!

Kalomullohning Niso surasi 36-oyati karimasida Alloh taolo marhamat qiladi: “Allohga ibodat qilingiz va unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qoʻshniyu begona qoʻshni, yoningizdagi hamrohingiz, yoʻlovchi (musofir)ga va qoʻl ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.

Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mehr-muruvvat tariqasida marhamat qiladilar: “Alloh huzuridagi doʻstlarning yaxshisi – doʻsti uchun yaxshi boʻlganidir. Alloh huzuridagi qoʻshnilarning yaxshisi – qoʻshnisi uchun yaxshi boʻlganidir”.

“Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, qoʻshnisiga yaxshilik qilsin!”.

“Bir moʻmin bilan ikkinchi bir moʻmin qoʻl berib soʻrashsa, ularning huzurlariga yuz rahmat nozil boʻladi, shuning toʻqson toʻqqiztasi muomalasi va xulqi yaxshirogʻiga boʻladi”.

”Kim oʻzi toʻq boʻlib, qoʻshnisi qorni och holida kunni kech qilgan boʻlsa, menga komil imon keltirmagan boʻladi”.

“Qoʻshnisi uning yomonliklaridan omonlikda boʻlmagan kishi moʻmin emas”.

“Yomonligidan qoʻshnisi omonda boʻlmagan odam jannatga kirmaydi”.

“Oʻzi toʻq boʻlib, qoʻshnisi och qolgan odam moʻmin emas”.

“Keng maskan, yaxshi qoʻshni va yaxshi markab – musulmon kishining saodatidandir”.

“Toʻrt narsa baxtu saodatdan: soliha ayol, keng turarjoy, yaxshi qoʻshni va qulay ulov. Toʻrt narsa baxtsizlikdan: yomon ayol, yomon qoʻshni, yomon ulov va tor turarjoy”.

“Jonim qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, banda toki oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsasini qoʻshnisi uchun ham ravo koʻrmaguncha, moʻmin komil boʻlmaydi”.

“Qancha-qancha qoʻshnilar Qiyomat kuni qoʻshnisiga osilib: “Ey, Alloh, mana bu kimsa yuzimga eshigini yopib qoʻyib, oʻz yaxshiligidan meni mahrum qilgan edi”, – deya Allohga shikoyat qiladi”.

“Moʻminlar oʻzaro doʻstona munosabatlarida, bir-birlariga mehribonliklarida va oʻzaro hamdardliklarida bamisoli yagona jasad kabidirlar. Agar mazkur jasadning biror aʼzosi ogʻrisa, boshqa aʼzolar ham isitma hamda bedorlik bilan unga yordamga shoshiladilar”.

“Kimki oʻziga tegishli boʻlmagan yerdan garchi bir qarich boʻlsa ham egallab olsa, Alloh taolo uni yetti qavat jahannamni tubiga tashlaydi”.

“Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, qoʻshnisiga aziyat bermasin!”.

“Yonidagi qoʻshnisi och boʻlib, oʻzi toʻq boʻlgan kishi komil moʻmin emas”.

“Ey, muslima ayollar, sizlar qoʻshningizga arzimas narsani ham beramanmi deb oʻylamang, qoʻyning tuyogʻini boʻlsa ham beringlar!”.

“Kimning uyi boʻlsa va uni sotmoqchi boʻlsa, avvalo qoʻshnisiga taklif qilsin!”.

“Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Yo, Allohning rasuli! Men falon mahallaga joylashdim, menga yaqin qoʻshnilarim qattiq azob beryapti”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr, Umar va Ali roziyallohu anhumlarni joʻnatdilar. Ular masjid eshigi yonida turib: “Ogoh boʻlinglar, sizlarga toʻrt tarafdan qirqtadan hovli qoʻshni boʻladi. Yomonliklaridan qoʻshnisi omonda boʻlmagan kishi jannatga kirmaydi!” – deb ogohlantirishdi”.

“Bir kishi Nabiy alayhissalomdan: “Yo, Rasululloh! Men yaxshi odammanmi, yomon odammanmi, qanday bilsam boʻladi?” – deb soʻradi. Rasululloh alayhissalom shunday javob berdilar: “Agar qoʻshnilaringizdan: “Sen yaxshi ishlar qilgansan” degan soʻzlarini eshitsangiz, demak – yaxshi odam ekansiz. Bordi-yu ulardan: “Yomon ish qilding” deganlarini eshitsangiz, demak – yomon odamlardan ekansiz””.

 

Ulugʻlardan hikmatlar: “Agar kishini oʻz qoʻshnisi, qarindoshi yoki hamrohi maqtasa, unday odamning solihligi borasida aslo shubha qilmangiz!” (Hazrati Umar roziyallohu anhu).

“Uydan avval – qoʻshni, yoʻldan avval – yoʻldosh tanla!” (Hazrati Ali roziyallohu anhu).

Hazrati Ali roziyallohu anhuga koʻra “azonni eshitgan kishi qoʻshni boʻladi”.

“Hovlining old tomonidan qirq hovli, ort tomondan qirq hovli, oʻng tomondan qirq, soʻl tomondan qirq hovlining hammasi qoʻshni hisoblanadi” (Hasan Basriy rahmatullohi alayhi).

Imom Aʼzam Abu Hanifaning ichkilikka mukkasidan ketgan bir qoʻshnilari boʻlib, u kechasini mastlik, ashula va baqir-chaqir bilan oʻtkazar, uning dastidan Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh kechalari xotirjam mutolaa qilolmasdilar. Lekin u kishi bu holatga sabr qilardilar. Bir kecha negadir qoʻshnining ovozi chiqmay qoldi. Bu holatdan hayron boʻlgan imom tong otgach, uning uyiga chiqsalar, yigit uyda yoʻq edi. Odamlardan surishtirib bilsalar, mast holatda ushlanib, qamalib qolganligini aytishdi. Bu xabarni eshitgan zahoti Imom Aʼzam rahmatullohi alayh toʻgʻri shahar hokimi Iso ibn Muso oldiga borib, boyagi kishini ozod etishlarini iltimos qildilar. Imom Aʼzam rahmatullohi alayhning hurmatlari va kafolatlari tufayli mahbus darhol ozod qilindi. Yigit imomni bunday olijanobliklarini koʻrib, tasanno aytib, ichkilikni tashlab, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhga shogird boʻldi. Qoʻshniga koʻrsatilgan birgina oqilona yordam, hakimona muomala tufayli fisqu fujur botqogʻiga botgan kimsa yaxshi odamlar qatoriga kirdi. U ilm halqalarining aʼzolaridan boʻldi va oxiri Koʻfa faqihlaridan biriga aylandi.

Rivoyat qilishlaricha, Sahl ibn Ubaydulloh Tustariyning zimmiy qoʻshnisi boʻlib, uning hojatxonasidan Sahlning uyiga iflos-nopok narsalar sizib chiqar edi. Sahl har kuni uning tagiga bir idish qoʻyib qoʻyar, majusiyning hojatxonasidan chiqqan narsalar idishga toʻplanar va kechqurun hech kim koʻrmaydigan joyga olib borib tashlar edilar. Sahl hazratlari uzoq muddat shu taxlit ish yuritdilar. Vafotlari yaqinlashgach, majusiy qoʻshnisini chorlab: “Mana bu uyga kirib, bu yerda nima borligini koʻrib qoʻying”, – dedilar. U kirib idishga tushayotgan iflos, nopok narsalarni koʻrdi va: “Bu nima?” – deb soʻradi. “Bu uzoq muddatdan beri hovlingizdan mana shu uyga tushadi. Uni kunduzlari shu idishga toʻplab, kechalari olib chiqarib tashlar edim. Mabodo, ajalim yaqinlashib qolmaganida, buni sizga aytmas edim. Boshqa biron kishining xulqi buni oʻziga singdira olmasligidan qoʻrqdim. Endi xohlaganingizni qiling…”, – dedilar. Shunda majusiy: “Ey, shayx, men kofir boʻlsam ham, uzoq vaqtdan beri menga shunday goʻzal munosabatda boʻlib kelayotgan edingizmi?! Qoʻlingizni bering, men Allohdan oʻzga iloh yoʻq va Muhammad – Allohning elchisi ekaniga guvohlik beraman”, – deb musulmon boʻldi. Sahl roziyallohu anhu shundan soʻng vafot etdilar.

“Qoʻshnisiga ozor beruvchi kishilarga Allohning laʼnati boʻlar ekan”.

“Turli xil shovqin-suron (mashina signali, radio-televizor ovozlari, musiqa tovushlari, baland ovozda soʻzlashish, qattiq kulish, noxush hidlar, noanʼanaviy yoritish moslamalar, bolalarning tinmas yigʻisi, nooʻrin oʻyin-kulgular, baqir-chaqir, bemahalda qurilish va taʼmir ishlari, nooʻrin bemahal darvozadan chaqirish, eshigini taqillatish) sababli qoʻshnilar oromini buzish, asablarini charchatish va hokazolar qoʻshnichilik haqlariga xiyonat hisoblanadi”.

“Umumiy yoʻlning bitta ulov oʻtadigan darajada boʻsh turishi – qoʻshnining haqidir”.

“Uyning yonidagi uyga xaridorlikka qoʻshni haqliroqdir”.

“Inson biror joydan turar joy olmoqchi boʻlsa, avvalo atrofida solih qoʻshnilar boʻlgan joydan izlab, solih qoʻshnini tanlash lozim boʻladi”.

“Qoʻshnining uyiga oʻgʻrilikka tushish, qoʻshnini ayoli, kelin-qizlariga koʻz olaytirish katta gunoh hisoblanadi”.

“Qoʻshni” deb yon qoʻshnilarga aytiladi”.

“Bir masjid qavmi bir-birlariga qoʻshnidirlar”.

“Bir mahalla yoxud bitta shahar ahli bir-birlariga qoʻshnidirlar”.

“Kishining umr yoʻldoshi ham qoʻshni hisoblanadi”.

“Qoʻshnichilik chegarasini aniqlashda u yoki bu joyning urfiga qarash lozim. Binobarin, urfga koʻra qoʻshni deb bilingan xonadonlar qoʻshni hisoblanadi”.

 

Xalq maqollari:

Qoʻshning tinch – sen tinch!
Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qoʻshni yaxshi.
Yon qoʻshnim – jon qoʻshnim.
Qoʻshnichilik – ming yilchilik.
Uydan avval qoʻshni ol!
Qoʻshning yomon boʻlsa, yomonlik kelar,
Qoʻshning yaxshi boʻlsa – omonlik.
Yaxshi qoʻshni – ota-ona,
Yomon qoʻshni – boshga balo.
Gilam sotsang, qoʻshningga sot – bir chetida oʻzing oʻtirasan.
Qoʻshning yaxshi boʻlsa, koʻr qizing ham erga tegar.
Qoʻshnisi yaxshi qarimas.
Yaxshi hamsoya guldir,
Yomon hamsoya choʻldir.
Qoʻshning koʻr boʻlsa, koʻzingni qis!

 

Qoʻshnichilik haqlari va odoblari:

  1. Birinchi boʻlib salom berish;
  2. Holini soʻrash;
  3. Koʻrganda ochiq yuzlik bilan muomala qilish;
  4. Qarz soʻrasa, berib turish;
  5. Agar chaqirsa, chaqirigʻiga javob berib, borish;
  6. Byemor boʻlsa, ziyoratiga borib, holidan xabar olib turish;
  7. Yordam soʻrasa, yordam berish;
  8. Musibatiga hamdardlik izhor etib, xafa boʻlib, yordam qilib, dalda boʻlish;
  9. Xursandchiligiga xursand boʻlib, tabriklash;
  10. Vafot etsa, u toʻgʻrida guvohlik berish;
  11. Uning iznisiz oʻz uyini baland qilib qurmaslik;
  12. Qozonda qovrilayotgan taom hidi bilan ozor bermaslik, balki taomdan unga ham berish;
  13. Unga faqat yaxshilik qilish;
  14. Unga doimo yaxshilik qilish;
  15. Qoʻshniga eʼtiborli va kechirimli boʻlish;
  16. Iloji boricha mehribonlik qilish;
  17. Xatolarini mehr ila kechirish;
  18. Hovlisiga moʻralamaslik;
  19. Uning devoriga yogʻoch qoʻyib, uni ranjitmaslik;
  20. Tarnoviga oʻz tomi suvini yoʻllamaslik;
  21. Hovlidan hovliga ariq oʻtgan boʻlsa, suvni iflos qilmaslik;
  22. Hovlisi sahniga tuproq tushirmaslik;
  23. Hovlisiga olib kirib ketayotgan narsalariga nazar tashlamaslik;
  24. Qoʻshnining devoridan moʻralamaslik;
  25. Uyiga ruxsatisiz nazar tashlamaslik;
  26. Soʻzlashuviga quloq solmaslik;
  27. Uning hovli-haram – ayol-qizlariga qaramaslik;
  28. Moddiy yordam koʻrsatishlik;
  29. Vafot etsa, dafnida qatnashmoqlik;
  30. Noqulay imorat qurish yoki soyali daraxtlar ekish ila haqqiga tajovuz qilmaslik;
  31. Uyga meva-cheva kabi narsalardan keltirganda, qoʻshnilarga ham ulashmoq;
  32. Bordiyu unday qilolmaydigan boʻlsa, mevalarni unga koʻz-koʻz qilgan holda uyga oshkora olib kirmaslik, balki bildirmasdan, yashirincha olib kirish, toki narsalarni koʻrib, qoʻshnining koʻngli oʻksimasin;
  33. Agar bergisi kelmasa, oʻz bolalarini qoʻlida mevalar bilan qoʻshni bolalari oldiga chiqarmaslik;
  34. Qozonni qirganda kapgir ovozi yoki taom hidi bilan qoʻshniga koʻz-koʻz qilmaslik;
  35. Qoʻshnining itini urmaslik;
  36. Qoʻshniga hamisha gʻamxoʻr boʻlish;
  37. Qoʻshni hovlisiga faqat chaqirib, ruxsat soʻrab, izn bersa, kirish;
  38. Doim yumshoq va chiroyli muomala qilish;
  39. Muhtoj boʻlib, hojati tushgan ishlarida yordam berib, muruvvat koʻrsatib, ehtiyojlarini bitirish;
  40. Undan yomonliklarni daf qilish;
  41. Umuman ozor, aziyat bermaslik;
  42. Zinhor-bazinhor til bilan ham ozor bermaslik;
  43. Unga hargiz-hargiz va aslo yomonlik qilmaslik;
  44. Vaqti-vaqti bilan hadya ulashib turish;
  45. Undan yetadigan ozorlarga sabr qilib, bergan aziyatiga yaxshilik bilan javob qaytarish;
  46. Behurmat qilmaslik;
  47. Qoʻpol, dagʻal muomala va zulmu zoʻravonlik qilmaslik;
  48. Muloyimlik va yaxshilikni birinchi boʻlib boshlashlik;
  49. Har kungi salom-alikni kanda qilmaslik;
  50. Koʻrishganda ham xuddi yaqin qarindoshlarday soʻrashish;
  51. Uchrashganda chuqur koʻrishish va ehtirom koʻrsatish;
  52. Oʻzini salgina pastroq tutib muomala qilish;
  53. Muomalada iloji boricha kamtar boʻlish;
  54. Yaxshi taomidan qoʻshnisiga ham berish;
  55. Qoʻshnisiga til bilan ham, qoʻl bilan ham zarracha ozor, aziyat yetkazmaslik va aziyat, ozor berishi mumkin boʻlgan turli xil gap-soʻz, har qanday ish-harakatdan oʻzini mutlaqo tiyish;
  56. Qoʻshnilardan yetadigan beodoblik, aziyat, zarar, jafo va ozorlarni halimlik va kechirimlilik bilan qarshi olib, janjal koʻtarmasdan, sabr-toqat qilib, kechirish;
  57. Kechirimli boʻlish;
  58. Tushunmovchilik orqali qoʻshnilar oʻrtasiga baʼzan xafachiliklar tushib qolsa, birinchi boʻlib kechirim soʻrashlik hamda birinchi boʻlib salom berishlik;
  59. Mabodo toʻy kabi turli shodiyonalarni nishonlash arafasida qoʻshnining boshiga musibat tushib qolsa, undan uzr soʻrab izn soʻrash. Ruxsat olgach, shodiyonani nihoyatda odob bilan siporoq oʻtkazish;
  60. Mabodo toʻy-shodiyona uydan boshqa joyda oʻtkazilgan taqdirda ham, qoʻshniga alohida iltifot koʻrsatib, koʻnglini koʻtarishga harakat qilish;
  61. Qoʻshni safarga ketganda, kelguniga qadar uning omonatini saqlab, uy-joyidan xabardor boʻlib, uyini qoʻriqlash;
  62. Qoʻshni yoʻq vaqtda uyiga mehmon kelib qolsa, uy egasi kelguncha, mehmonlariga ehtirom bildirib turish;
  63. Qoʻshni bilan bolalarning oʻrtasiga tushib, ota-onalar aybni bir-birlariga agʻdarmasdan, har birlari oʻz farzandlariga tanbeh berib, ularga qoʻshnichilik odoblaridan saboq berib, odobga chaqirib qoʻyish;
  64. Ehtiyojmand qoʻshnining oziq-ovqat, kiyim-bosh olishiga yordam berish;
  65. Zarur boʻlganda dori-darmonini olib berish;
  66. Mehribonlik bilan koʻnglini koʻtarish;
  67. Qoʻshnini molini, jonini, shaʼnini, or-nomusini, obroʻsini oʻzinikidan ham ziyodaroq himoya qilish;
  68. Qoʻshnini nazar-pisand qilmaslikdan nihoyatda ehtiyot boʻlish;
  69. Qoʻshnining sirlarini poylamaslik, quloqqa chalingan oilaviy sirlarini tarqatmaslik va fosh qilmaslik;
  70. Turli xil sabablar bilan odamlarni qoʻshnisidan uzoqlashtirmaslik;
  71. Qoʻshnining haqlari va unga tegishli boʻlgan narsalarga tajovuz qilmaslik;
  72. Farzandlarga qoʻshnilarning haqlarini oʻrgatishlik;
  73. Qoʻshniga ehson-yaxshiliklar qilish;
  74. Qoʻshni oʻz joni, dini, obroʻsi, moli va farzandlari xususida oʻz qoʻshnisi tomonidan omonlik va xotirjamlikda boʻlmogʻi lozim;
  75. Qoʻshnilarga turli xil shovqin-suron va hokazolar bilan aziyat yetkazmaslik;
  76. Biron narsasiga hasad qilmaslik;
  77. Qoʻshnilar bilan tanishish;
  78. Qoʻshniga gʻaddorlik va xiyonat qilmaslik;
  79. Musofir qoʻshniga ham alohida va ziyodasi bilan yaxshilik qilish;
  80. Solih qoʻshnining qadriga yetish;
  81. Ortiqcha savollarni bermaslik;
  82. Unga qarshi soʻz aytilsa, himoya qilish;
  83. Bolasiga shirin soʻzlar aytish;
  84. Har qanday masalalarda bilmaganlarini ehtiyotkorlik va yumshoqlik bilan muloyim shaklda bildirish;
  85. Qoʻshnilar qoʻshnilarni chiroyli iboralar bilan maqtash;
  86. Vaqti-vaqti bilan biror ovqatga, mehmonga chaqirib turish;
  87. Xoh moddiy, xoh maʼnaviy boʻlsin, qoʻshniga aziyat va ozor berishning barcha turlaridan tiyilish;
  88. Oʻzining huzuridagi narsa bilan qoʻshnisiga yordam qilish;
  89. Qoʻshnisining huzuridagi narsaga hargiz taʼma qilmaslik;
  90. Agar qoʻshnimiz uyi tomonga qarab itimiz hursa yoki qoʻshni oʻtgan-qaytganda itimiz unga akkillasa, va biz buni koʻrib bilib, oldini olmasak, qoʻshnichilik haqqiga xiyonat qilgan hisoblanamiz;
  91. Arzimas sabablar bilan qoʻshnilardan ayrilmaslik;
  92. Oʻzimiz va oilamizga nisbatan qanday rahm-shafqatli, xayrixoh boʻlsak, xuddi shunday qoʻshnining oʻziga, oila aʼzolari va farzandlariga ham mushfiq va mehribon boʻlib, lutf koʻrsatib, ularga doim yaxshilik qilish;
  93. Bolalariga doim iltifotli muomala qilish, agar bolalari xato ishni qilayotgan boʻlsalar, toʻgʻri yoʻlga yoʻllab qoʻyish;
  94. Uning molini oʻz molimizni saqlaganimiz kabi saqlash;
  95. Holidan xabar olib turish;
  96. Hadya berishni yaqindagi qoʻshnisi turib, uzoqdagisidan boshlamasdan, balki uzoqdagisidan avval yaqinroqdagi qoʻshnisidan boshlash;
  97. Qoʻshnini tang, noqulay vaziyatga solib qoʻymaslik;
  98. Eski qoʻshnilarga vafosizlik qilmaslik;
  99. Ulovni yo boshqa bir narsani qoʻshnining eshigi yoki darvozasi oldiga qoʻyib, uning uyga kirib-chiqishini qiyinlashtirmaslik;
  100. Uy oldidagi umumiy yoʻlga ulov yohud boshqa narsani qoʻyib, boshqa ulov yo piyodalar oʻtishiga xalaqit bermaslik;
  101. Qoʻshni xonadonga qarab oʻsgan baland, katta va serbarg daraxtlarning shohlari va toʻkiladigan yaproqlari bilan zarar yetkazmaslik;
  102. Turli xil chiqindi, magʻzava va oqava suvlarni qoʻshni uyi oldiga, devoriga, yoʻliga oqizmaslik, tashlamaslik;
  103. Qoʻshnining oʻz uyiga kirib-chiqish, oʻtish yoʻllarini qiyinlashtirib, ziyon yetkazmaslik, toraytirmaslik;
  104. Oʻz uyiga quvur orqali suv yoki chiqindi chiqish (kanalizatsiya) yoʻllarini olib kirgach, yoʻlni yana oʻz holiga keltirib qoʻyishlik;
  105. Quduq va hokazolarni kavlab yoki chiqindi chiqish (kanalizatsiya) qudugʻini ochgach, uni hech qanday toʻsiq yoki himoyasiz qoldirmasdan, qayta yopib qoʻyish;
  106. Qurilish yoki taʼmir ishlari paytida turli asbob-uskuna va jihozlar, qurilish mollari (qum, tuproq, gʻisht, sement kabi)ni qoʻshnilarning uylari oldiga ruxsat soʻrab toʻkish hamda uzoq vaqt besabab, beparvolik bilan qoldirib, uyib qoʻymaslik va ish tugagach, yuzaga keltirilgan noqulaylik uchun uzr aytib, tashakkur bildirish;
  107. Kishi qurilish, taʼmir ishlaridagi asosiy ishni tezroq bitirib, qoʻshniga xalaqit beradigan ortiqcha narsalarni imkon qadar tezroq bartaraf etish;
  108. Oʻz navbatida qoʻshnilar ham holatni toʻgʻri tushunib, vaqtinchalik noqulaylikka sabr qilishlari va qurilish yoki taʼmir ishlarini qilayotgan qoʻshniga hech qanday bosim oʻtkazmasdan, balki hasharga chiqib, imkon qadar yordam berish;
  109. Roʻzgʻor buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, qarzga pul va hokazolarni qoʻshni soʻrab turganda, darhol berib va qachon qaytarishi xususida aslo eslatmaslik;
  110. Roʻzgʻor buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, qarzga pul va hokazolarni qoʻshnidan soʻrab turgan odam esa tezroq qaytarib berib, chiroyli rahmatlarini izhor etishlik;
  111. Roʻzgʻor buyumlarini buzmasdan, shikast yetkazmasdan qaytarish, agar mabodo buzilib yo shikast yetib qolgan boʻlsa, kechirim soʻrab, tuzatib yoki yangisini olib berish;
  112. Oziq-ovqat mahsulotlarini qoʻshniga qaytarganda sifati, shakli, hajmi, soni, taʼmi va hokazolar olganidan koʻra ziyodaroq boʻlishligi;
  113. Qarzga olgan pulni tezroq qaytarish hamda sifati, shakli va hokazolar olganidan koʻra ziyodaroq boʻlishligi;
  114. Sababsiz qoʻshnining eshik jingʻirogʻini bosmaslik yoxud eshik yo darvozani taraqlatib urmaslik;
  115. Oʻzi uchun xohlagan yaxshilikni qoʻshnisiga ham ravo koʻrish;
  116. Oʻzini ranjitadigan yomonlik, zarar va aziyatlar qoʻshnisida ham boʻlishi ranjitishi kerak;
  117. Qoʻshniga har qanday holatda va har qanday koʻrinishda boʻlsa ham yaxshilik qilish;
  118. Uyini sotmoqchi boʻlsa, avvalo qoʻshnisiga taklif qilish;
  119. Qoʻshnining hurmatini joyiga qoʻyishlik;
  120. Obroʻsini toʻkmaslik;
  121. Ahli ayollari bilan gunoh ishga qoʻl urmaslik;
  122. Qoʻshni uchun yaxshi boʻlgan narsaga undab, yaxshilik sari qoʻlini ushlab boʻlsa ham chorlash;
  123. Musulmonning musulmonda boʻlgan barcha haqlarini qoʻshnida ham ado qilish;
  124. Qoʻshnining yoʻlini toraytirmaslik;
  125. Qoʻshnining chegarasiga tajovuz qilmaslik;
  126. Qoʻshni tomonga quyosh yoki havoni toʻsadigan, uning hovli-joyiga nazar tushadigan darajada baland imorat qurmaslik;
  127. Qoʻshniga taom va mevalar hadya qilib turish;
  128. Inson oʻzining mulkida qoʻshnisiga zarar keltiradigan biron ishni qilishi joiz emas;
  129. Agar qoʻshni bilan oʻrtalarida mushtarak (sheriklik) devor boʻlsa, uning iznisiz undan darcha ochishi yoki unga qoziq qoqishi mumkin emas;
  130. Oʻrtadagi sheriklik devorga yoki qoʻshnisining devori ustiga yogʻoch oʻrnatishi mumkin emas, faqat juda zarur boʻlgan hollarda, shusiz ustini yopish imkoni boʻlmasa va devor oʻsha yogʻochning ogʻirligini bemalol koʻtara olsa, shundagina yogʻoch qoʻyishga ruxsat beriladi. Shunda hamki qoʻshnining ijozati bilan;
  131. Qoʻshni qoʻshnisini uning devoriga yogʻoch oʻrnatishidan man qilishi mumkin emas, agar koʻnmasa, hokim uni majburlaydi.

 

Ibrohimjon domla INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi masʼul xodimi
Manba: muslim.uz

Check Also

SHAMSUL AIMMA HALVONIY QALAMIGA MANSUB ASARLAR

Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Hanafiy Buxoriy al-Halvoniy (vaf. 448/1056-1057) ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun …