Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DEGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DEGANLARI

Oʻn oltinchi dars. Gʻiybat, chaqimchilik, hasad, kibr va gʻurur haqida.

Ey oʻgʻlim! Yomon xulqlardan biri doʻsting haqida, u oʻz quloqlari bilan eshitganda yoqtirmaydigan gaplarni aytishing.

Ey oʻgʻlim! Har bir insonning ayb va xatolari boʻladi. Sen yoʻqligingda ayblaring esga olinishini yoqtirmaganingdek, boshqalarning ham, ular yoʻqligida xatolarini gapirishdan tilingni tiy. Gʻiybatdan saqlan. Unga oʻxshash boʻlgan chaqimchilikka odatlanma. Odamlar orasini buzish payida boʻlma. Birorta doʻstingga: “Falonchi sen haqingda unday dedi, bunday dedi, falonchi senga tuhmat qilyapti”, deb chaqimchilik qilma.

Ey oʻgʻlim! Gʻiybat, chaqimchilik pastkash va razil insonlarning xulqidir. Ilm oluvchilarning xulqi emas. Bunday yomon sifatlar bilan oʻzingni bulgʻama. Alloh taolo:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اجْتَنِبُوا كَثِيرًا مِنَ الظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ الظَّنِّ إِثْمٌ وَلَا تَجَسَّسُوا وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ تَوَّابٌ رَحِيمٌ﴾

Ey, moʻminlar! Koʻp gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki baʼzi gumon(lar) gunohdir. (Oʻzgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni gʻiybat qilmasin! Sizlardan biror kishi oʻlgan birodarining goʻshtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon koʻrasiz-ku, axir! Allohdan qoʻrqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir”[1].

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Safiyyaning unday yoki bundayligi (baʼzi rivoyatlarda pakanaligi) misol sifatida yetarlidir”, desam, U zot: “Sen bir kalima aytdingki, agar u dengiz suviga aralashtirib yuborilsa, taʼmi yoki hidi oʻzgarib ketardi”, dedilar. Va yana U zotga bir insonni hikoya qildim. Shunda U zot: “Menda u yoki bu narsa boʻla turib boshqa birovni hikoya qilmoqni yaxshi koʻrmayman”, dedilar[2]. Bu hadisda gʻiybatning oʻta xatarli va ogʻir gunohlardan ekani nazarda tutilmoqda.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men osmonga koʻtarilganimda (yaʼni, Meʼroj kechasida) bir qavmning oldidan oʻtdim. Ularning misdan tirnoqlari boʻlib, yuzlari va koʻkraklarini tirnashar edi. Shunda men: “Ey Jabroil, anavilar kim?” desam, u: “Ular shunday kishilarki, odamlar goʻshtini yeb (yaʼni, gʻiybat qilib) obroʻlariga boʻhton qilishardi”, dedilar”[3]

Ey oʻgʻlim! Ushbu soʻzlarimdan xulosa chiqarib, yomon illatlardan hisoblangan gʻiybat va chaqimchilikdan oʻzingni tozala.

Ey oʻgʻlim! Alloh bergan neʼmat tufayli doʻstingga hasad qilma. Agar Alloh xohlaganida edi, unga berganidek senga ham berardi.

Ey oʻgʻlim! Hasadchi qilgan hasadi bilan oʻziga adovat va nafratni orttirib oladi. Agar doʻstingga hasad qilsang, u oʻzida senga nisbatan nafrat va dushmanlikni paydo qiladi. Ushbu yomon xulqing sababidan barcha tanishlaring senga nisbatan nafrat koʻzi bilan qaraydi. Shunday ekan, doʻstlaringga ham, boshqa insonlarga ham hasad qilishni tark et. Biror kishiga nisbatan ichingda kek saqlama. Biror inson senga yomonlik qilsayu uzr soʻrasa, uning uzrini samimiyat bilan qabul et va qalbingdan oʻch olish niyatini oʻchir.

Ey oʻgʻlim! Alloh taolo bir qancha oyatlarda hasadni qoralagan va hasadchining hasadidan panoh soʻrashga chaqirgan. Niso surasida:

﴿أَمْ يَحْسُدُونَ النَّاسَ عَلَى مَا آَتَاهُمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ﴾

“Yoki Alloh odamlarga Oʻz fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi?”[4] , degan. Falaq surasida:

﴿وَمِنْ شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ﴾

“Va hasad qilgan hasadchining yomonligidan (panoh soʻrayman, deb ayt)[5], degan. Islomda boshqa maʼnaviy jinoyatlar qatori hasad ham qattiq qoralanadi va katta gunoh hisoblanadi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Bir bandaning ichida iymon bilan hasad jam boʻlmaydi”[6], dedilar. Demak, iymon bilan hasad xuddi olov bilan suvdek bir-biriga tamoman zid narsalar ekan. Biri bor joyda ikkinchisi boʻlmas ekan. Odamlar bir-birlariga hasad qilishsa, oralaridan yaxshilik koʻtarilar ekan. Yaxshilik koʻtarilganda jamiyatning halokatga duchor boʻlishi shubhasizdir.

Ey oʻgʻlim! Ozor berishni yoqtiradigan qalb egasi boʻlishdan saqlan. Shunda odamlar sen tomonga intilishga oshiqadilar.

Ey oʻgʻlim! Hasad va kek saqlash faqat sohibiga zarari yetadi. Hasad sen hasad qilgan kishidan biror neʼmatni senga olib bermaydi. Shuningdek, kek saqlashing ham. Qalbingda unga nisbatan kek saqlagan kishingga zarar yetkaza olmaydi. Bu ishlar Allohning xohish-irodasiga bogʻliqdir. Biroq qalbingda hasad va gina boʻlsa, uning olovi kechayu kunduz qalbingni qizdiraveradi.

Ey oʻgʻlim! Alloh seni neʼmatlantirsa, shukur qil. Boshqalardan oʻzingni ustun olma. Bu neʼmatlarni senga bergan Zot qaytarib olishga ham qodir. Bu neʼmatlardan boshqalarni mahrum etgan Zot, ularga ham bir necha barobar qilib berishga qodir. Insonlardan oʻzingni baland tutib Allohning qahriga uchramagin. Zero, Alloh oʻzini baland tutuvchi, mutakabbir kimsalarni suymas.

Ey oʻgʻlim! Allohning bergan neʼmatlari seni gʻururga ketkazib, Unga ibodat qilishni esingdan chiqarmasin. Sen Uning bandalaridan birisan. Boshqalardan ustunliging faqatgina Undan qoʻrqish bilan boʻladi. Alloh:

﴿يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ﴾

“Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”[7], degan.

Ey oʻgʻlim! Odamlar ichida gʻururning turi koʻp. Kimdir mol-dunyo, kimdir mansabu nasab, yana kimdir kasb gʻururiga ketgan boʻladi. Bularning hammasini sanab oʻtish qiyin. Lekin hammasi ham yaxshi emasligini bilishing va ulardan qutilish yoʻlini axtarishing kerak.

Ey oʻgʻlim! Aql bandaga Alloh taolo tomonidan berilgan ulkan neʼmat boʻlib, u ila inson narsalarning haqiqatini idrok qiladi. Aqlli inson zakovat va farosat sohibi boʻlsa, gʻururga ketishdan oʻzini tiyishi oson boʻladi. Ammo zehni past va befarosat odamlar bu ishni qilishlari qiyin. Oʻsha narsalarni bilgan odam yuqorida aytib oʻtilgan yomon illatlardan oʻzini ehtiyot qiladi.  

 Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Hujurot surasi, 12-oyat.
[2] Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan.
[3] Abu Dovud rivoyat qilgan.
[4] Niso surasi, 54-oyat.
[5] Falaq surasi, 5-oyat.
[6] Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
[7] Hujurot surasi, 13-oyat.

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …