Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ DЕLЕGATSIYASI – MOSKVADA

MARKAZ DЕLЕGATSIYASI – MOSKVADA

Ayni kunlarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi delegatsiyasi Moskva shahridagi Imom Muhammad Buxoriy nomidagi musulmonlar mahalliy diniy muassasasi taklifiga binoan amaliy safar bilan Moskva shahrida boʻlib turibdi.

Markaz bilan mazkur muassasa oʻrtasida joriy yilning may oyida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolangan boʻlib, unga koʻra qator qoʻshma loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.

2021-yilning mart oyida Moskva shahri musulmonlari diniy boshqarmasi tarkibida tashkil etilgan muassasada 300 dan ortiq doimiy oʻquvchi va 1500 nafardan ziyod talaba onlayn tahsil oladi.

Delegatsiya aʼzolari tashrif asnosida muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uning rahbari Umid Mamtaliyev Markazning movarounnahrlik allomalar ilmiy merosini izchil oʻrganish va keng targʻib qilish yoʻnalishida amalga oshirayotgan faoliyati samarasi oʻlaroq chop qilingan ilmiy ishlarni eʼtirof etdi va kelgusida ularni rus va boshqa tillarga tarjima qilish istagini bildirdi.

Tashrif doirasida Moskvadagi “Dar” madaniyat markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi va Rossiya musulmonlari diniy idorasi hamkorligida “Oʻzbekiston kuni” tadbiri boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Davlat madhiyasi qabul qilinganiga 31 yil toʻlishi munosabati bilan Rossiyadagi vatandoshlarimiz ongu shuurida Vatanga boʻlgan sadoqat, ajdodlar xotirasiga ehtirom va insonparvarlik gʻoyalarini singdirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi mutasaddilari, Moskva davlat lingvistika universiteti huzuridagi Oʻzbek tili va madaniyati markazi, “Rossiya xalqlari assambleyasi” Umumrossiya jamoat tashkiloti, “Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi” nodavlat notijorat tashkilotining Moskvadagi boʻlimi rahbarlari ishtirok etdi. 

Tadbirda Markaz direktori Shovosil Ziyodov, ilmiy xodimlar Jonibek Jumayev va Bayozxon Mahmudov maʼruza qilib, Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada, shuningdek, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar samarasi va Markaz faoliyati natijasida erishilgan yutuqlar xususida maʼlumot berdi.

Ishtirokchilar tadbirning ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi ilmiy hamkorlikni jadallashtirishda tutgan muhim oʻrnini eʼtirof etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …