Home / XALQARO YANGILIKLAR / “ISLOM – TINCHLIK, MAʼRIFATPARVARLIK VA BUNYODKORLIK DINI”

“ISLOM – TINCHLIK, MAʼRIFATPARVARLIK VA BUNYODKORLIK DINI”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti hamkorligida shu mavzuda onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, tadqiqotchilar, olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Malayziyadagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, professor Fariza Binti Sham maʼruza qildi.

Olima islomning oʻzgarmas qadriyatlarga ega mustahkam din ekanini, insoniyatning fitratini ulugʻlaydigan eʼtiqod sifatida uning taʼlimotlari, qonun-qoidalari inson tabiatiga toʻla mos kelishini taʼkidlab, musulmon jamiyatlari duch kelayotgan notoʻgʻri tushunchalar bilan bogʻliq muammolarga toʻxtaldi.

– Bu dinni koʻpincha ekstremistik guruhlar va terrorizm bilan bogʻlashadi. Islomning tinchlik, totuvlik va jamiyat farovonligi tarafdori ekanini tan olish butun jahon hamjamiyati uchun muhimdir. Biz buni oʻz xatti-harakatlarimiz, xulq-atvorimiz, gap-soʻzlarimiz va boshqa din vakillari bilan bagʻrikenglik tamoyillari asosida munosabat qurishimiz orqali hamisha tasdiqlab borishimiz zarur, – dedi maʼruzachi.

Professor Yevropa mintaqasida tarqalgan islomofobiyaning oqibatlarini sanab oʻtib, islomning tinchlik, maʼrifatparvarlik va bunyodkorlik dini ekanini ilmiy jihatdan asoslab berar ekan, unda osoyishtalik, adolat va birodarlik kabi qadriyatlar targʻib qilinishini alohida taʼkidladi.

Fariza Binti Sham dinda mehr-muhabbatli va oqibatli boʻlishning fazilatlari sirasida boshqalarning hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatish, xayrli amallar bilan oʻzgalar farovonligiga hissa qoʻshish, rahm-shafqat, gʻamxoʻrlik, oʻzaro hurmat kabi ezgu insoniy xislatlarni tilga oldi hamda bagʻrikenglik va ahillik ulugʻlangan oyati karimalardan misollar keltirdi.

Seminar yakunida olima ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …