Home / FOTO LAVHALAR / TARGʻIBOTCHILARNING SURXONDARYODAGI TADBIRLARI DЕNOVDA YAKUNIGA YETDI

TARGʻIBOTCHILARNING SURXONDARYODAGI TADBIRLARI DЕNOVDA YAKUNIGA YETDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari Surxondaryodagi soʻnggi tadbirlarni 9 noyabr kuni Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining tadbirkorlik va boshqaruv hamda tarix fakultetlarida oʻtkazdi.

Tadbirlarda ijtimoiy hayot shiddat bilan oʻzgarib borayotgan globallashuv sharoitida axborot xurujlarining yoshlar maʼnaviyatiga taʼsiri, yot gʻoyalar tarqalishining oldini olish uchun koʻrilishi lozim boʻlgan choralar, yosh avlod ongi va qalbida, eng avvalo, Vatanimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, islohotlar inson va uning qadri uchun ekanini teran anglatish, qonunlarga hurmat tuygʻusini yuksaltirish haqida soʻz bordi.

Tahdidlarga nisbatan yoshlarda hayotga sogʻlom munosabatni, yuksak didni, insonparvarlik va milliy madaniy va umuminsoniy merosga, qadriyatlarga muhabbatni tarbiyalash orqali qarshi turish zarurligi taʼkidlandi.

Uchrashuvlar davomida Markaz adabiyotlari, jumladan, yaqinda nashr etilgan “Islom dinida tinchlik” risolasining taqdimoti oʻtkazildi. Talaba-yoshlarga jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning diniy-maʼrifiy asoslari yoritilgan mazkur risolaning yuksak ijtimoiy ahamiyati haqida maʼlumot berildi.

Markaz xodimlari tashrif davomida institut moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishdi. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti 2020 yilda tashkil topgan boʻlib, ayni paytda bu yerda 15 ming talaba 20 ga yaqin yoʻnalishda tahsil oladi. Zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga ilgʻor taʼlim texnologiyalari, jumladan, masofaviy oʻqitish uslublari ham joriy etilgan.

Targʻibotchilar institutda “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida tashkil etilgan hasharda ishtirok etdi. Taʼlim muassasasi bogʻiga 300 tup archa koʻchati oʻtqazildi.

Shu bilan Markaz ilmiy xodimlarining Surxondaryo viloyatidagi targʻibot ishlari nihoyasiga yetdi. Hafta davomida viloyatning 8 oliy taʼlim dargohida oʻtkazilgan tadbirlarda jami 1500 ga yaqin talaba qamrab olindi.

Tadbirlarda “Siz Imom Buxoriyni bilasizmi?”, “Ajdodlar merosi – ibrat koʻzgusi” va “Jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan 10 buyuk ajdodimiz” nomli viktorinalar oʻtkazildi. Faol ishtirokchilar Markaz nashrlari bilan taqdirlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …