Home / FOTO LAVHALAR / “ISLOM DINIDA TINCHLIK”NING TЕRMIZDAGI TAQDIMOTI

“ISLOM DINIDA TINCHLIK”NING TЕRMIZDAGI TAQDIMOTI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan “Islom dinida tinchlik” risolasining ilk taqdimoti Termiz shahrida oʻtkazildi.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi xodimlari va talabalari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda risolaning bugungi kun nuqtai nazaridan yuksak ijtimoiy-maʼnaviy qiymati haqida soʻz bordi.

Taqdimot ishtirokchilari eng oliy neʼmat – tinchlikning qadriga yetish, uni asrab-avaylash har bir inson zimmasidagi burch ekanidan kelib chiqib, islomning tinchlik va insonparvarlik gʻoyalarini keng targʻib qilish, yurtimizdagi osoyishtalikni yanada mustahkamlab, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishda mazkur risolaning jamiyat uchun nechogʻli yuqori ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar hamda keng jamoatchilik uchun moʻljallangan kitobda islomda tinchlik tushunchasi, bagʻrikenglik va tinchlikka targʻib, boshqa din vakillari bilan munosabatda tinchlikning ustuvorligi, tinchlik mohiyatini anglashning talablari va afzalliklari va boshqa muhim mavzular keng yoritilgan. Risolaning xulosa qismida zamonaviy jamiyatda tinchlikni qaror toptirish va mustahkamlashning zaruriy tamoyillari koʻrsatilgan.

Markaz tomonidan nashr etilgan mazkur risola islomning asl mohiyatini, insonparvarlik gʻoyalarini yaxshiroq anglashga xizmat qilishi eʼtirof etildi.

 

Taqdimot davomida Markazda chop etilgan boshqa adabiyotlar xususida ham maʼlumot berildi. Ishtirokchilar oʻrtasida allomalar hayoti va boy ilmiy merosiga oid viktorina oʻtkazilib, gʻoliblar markaz kitoblari bilan taqdirlandi.

Manba: OʻzA

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …