Home / FOTO LAVHALAR / ISLOM – TINCHLIK VA MAʼRIFAT DINI

ISLOM – TINCHLIK VA MAʼRIFAT DINI

Bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand davlat chet tillar instituti hamkorligida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Islom – tinchlik va maʼrifat dini” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Markaz ilmiy xodimlari, institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, tyutor va talabalar ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda davlatning din va diniy tashkilotlar bilan munosabatlari, islomning tinchlikparvarlik mohiyati hamda unda mutaassiblik va jaholatning qoralanishi, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishning ahamiyati kabi dolzarb masalalarga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikning yuksak maʼnaviy qiymati, ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari, din niqobi ostida faoliyat koʻrsatayotgan buzgʻunchi oqim va harakatlarning yuzaga kelish tarixi, asl maqsadlari, gʻoyaviy-aqidaviy asoslari, moliyaviy manbalari, faoliyat uslublari va gʻayriislomiy mohiyati dalillar asosida ochib berildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, xalqimizga, ayniqsa yoshlarimizga ajdodlarimizni yaqindan tanitsak, ilmiy merosini chuqur oʻrgatsak, hech qachon yoʻldan adashmaydi. Aksincha, yurtimizning taraqqiy etishiga munosib hissa qoʻsha oladigan yetuk olimlar, ulugʻ allomalarimizga munosib vorislar yetishib chiqadi.

Tadbir yakunida maʼruzachilar ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …