Home / FOTO LAVHALAR / TARGʻIBOTNING NAVBATDAGI BOSQICHI START OLDI

TARGʻIBOTNING NAVBATDAGI BOSQICHI START OLDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari Samarqand viloyati shahar va tumanlarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning yangi bosqichini boshladi. Targʻibot uchun ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash boʻyicha alohida mahallalar tanlab olinib, “Imom Buxoriy merosi – yot gʻoyalarga qarshi” mavzusida oʻtkaziladigan tadbirlarning Yoʻl xaritasi tasdiqlandi.

Dastlabki tadbirlar Samarqand davlat universiteti olimlari, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat hududiy boshqarmasi masʼul xodimlari hamkorligida Samarqand shahridagi mahallalarda tashkil etildi.

“Galaosiyo” MFYda oʻtkazilgan uchrashuvda yigʻilganlarga islomning tinchlik, ezgulik, maʼrifat va bagʻrikenglik gʻoyalari haqida keng tushuncha berildi. Islom dini azaldan insoniyatga nafaqat musulmonlar, balki oʻzga din vakillariga ham ehtirom va bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishni oʻrgatib kelayotgani, boshqa dinlar ahllari bilan totuv yashashga, turli fitna va adovatlarga barham berishga chaqirgani taʼkidlandi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar gʻoyalar kurashi avj olgan hozirgi globallashuv sharoitida diniy-ekstremistik tashkilotlar oʻz gʻarazli maqsadlaridan kelib chiqib, islom taʼlimotini bir yoqlama, notoʻgʻri talqin qilish orqali odamlarni haq yoʻldan adashtirish bilan dinlararo va millatlararo nizolar paydo qilishga urinayotganini qattiq qoraladi.

“Ibrohimxoʻja” MFYdagi tadbirda tinchlikka rahna solish, jamiyat ravnaqi va xalq farovonligiga ziyon yetkazish, fitna qoʻzgʻash, toifalarga boʻlinib, oʻzaro nizolashish islom diniga umuman yot ekani, Qurʼoni karimning yuzdan ziyod oyatida musulmonlar tinchlikparvarlik, bagʻrikenglik va jamiyatning barcha aʼzolari bilan xushmuomalalikka daʼvat etilgani qayd qilindi. Chunki islomda inson qadr-qimmatiga katta eʼtibor beriladi va eʼtiqodidan qatʼi nazar har bir kishining hayoti, shaʼni va haq-huquqlari yuksak qadrlanadi.

Tadbirlarda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni turli axborot xurujlaridan saqlash, jamiyatda ijtimoiy-huquqiy xatarlarning oldini olish hamda kuchli mafkuraviy immunitetni hosil qilishga oid muhim va hayotiy misollar bilan dalillangan ilmiy va amaliy tavsiyalar berildi.

Uchrashuvlar ochiq suhbat, qizgʻin munozara va savol-javoblar asosida oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Tadqiqotini kutayotgan qoʻlyozmalar bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …