Home / HADIS / BIZ SUVNI QANDAY ICHAMIZ?

BIZ SUVNI QANDAY ICHAMIZ?

Islomda ovqatlanishda boʻlgani kabi suv ichishda ham bir qancha odoblar  joriy qilingan. Bunda, albatta, faqat foydani koʻzlash va zararni qaytarish maqsad qilingan. Bu odoblar hozirgi gigiyena qoidalariga mos kelib, ularga rioya etilsa, inson suv ichib rohatlanadi va salomatligini mustahkamlaydi.

Qurʼoni karimda Alloh taolo jannat taomlaridan yeguvchi va ichuvchi saodatmand bandalarni sifatlab:

﴿ كُلُوا وَاشْرَبُوا هَنِيئًا بِمَا أَسْلَفْتُمْ فِي الْأَيَّامِ الْخَالِيَةِ﴾

(Jannat ahliga): “Oʻtgan kunlarda (dunyoda) qilib oʻtgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu noz-neʼmatlarni) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringiz!”[1], degan boʻlsa, bu dunyodagilarga:

﴿كُلُوا وَاشْرَبُوا مِنْ رِزْقِ اللَّهِ وَلَا تَعْثَوْا فِي الْأَرْضِ مُفْسِدِينَ﴾

“Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzgʻunchilik qilmangiz!”[2] deb marhamat qilgan.

Yana Alloh taolo moʻtadil yashash va sogʻlom hayot tarzi uchun qonun tariqasida nozil qildi:

﴿وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ﴾

Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni xushlamaydi”[3].

Yeb-ichishdagi isrof deb, qorin toʻq boʻla turib, ustiga yana taom yeyishga ham aytiladi. Horun Ar-Rashidning bir nasroniy hoziq tabibi bor edi. Bir kuni Ali ibn Husayn ibn Voqidga: “Qurʼon kitobingizda tabobat xususida hech narsa yoʻq. Vaholanki, ilm ikki xildir. Biri – din ilmi, ikkinchisi – badan, yaʼni tib ilmi”, dedi. U: “Alloh taolo tabobatning hammasini yarimta oyatga joylab qoʻygan” deb, mazkur oyatni oʻqib berdi. Shunda tabib: “Paygʻambaringiz bu xususda hech nima demagan”, dedi. Ali ibn Husayn: “Aksincha, oshqozon – dard manbai, parhez – barcha davoning boshi. Badanni unga mos narsa bilan parvarish qil!” degan hadisni aytib berdi. Shunda tabib: “Kitobingiz bilan Paygʻambaringiz Jolinus hakimga tabobat uchun hech bir ish qoldirmabdi”, degan ekan[4].

Nabiy sollallohu alayhi vasallam suv ichishning odoblarini ham bayon qilib berganlar. Ulardan biri suvni bir koʻtarishda sipqormay, hoʻplab-hoʻplab, orada nafas olib ichish toʻgʻrisidagi koʻrsatmadir. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlik ichganda uch marta nafas olar edilar va: “Mana shu qondiruvchiroq, bezararroq va botuvchiroq”, der edilar”[5]. U zotning tavsiyalarini hozirgi meditsinasi ham tasdiqlaydi.

Ichishdan oldin “Bismillah”ni, forigʻ boʻlgandan keyin “Alhamdulillah”ni aytish sunnat amaldir. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: (Suvni) tuyaning ichishiga oʻxshab bir martada ichmang. Ikki marta, uch martada iching. Qachon (suv) ichsangiz, tasmiya ayting. Qachon ichib bitirsangiz, tahmid ayting”, dedilar”[6].

Suv ichishda idishning ichiga nafas chiqarilmaydi. Bu haqda Abu Qatoda roziyallohu anhu bunday rivoyat qilgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz (suv) ichsa, idish ichiga nafas qaytarmasin”, dedilar”[7].

Suv ichish asnosida yoki ichib boʻlgandan keyin suvga puflamaslik ham odobdir. Suvda biron narsani koʻrib qolsa, puflamasdan, uni qoʻli bilan olib tashlaydi.

Abu Said roziyallohu anhudan ushbu rivoyat kelgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam suvga puflashdan qaytardilar. Bas, bir kishi: “Idishga tushib qolgan narsani koʻrsam-chi?” dedi. U zot: “Olib tashla”, dedilar. “Men bir nafasda icha olmayman”, dedi. U zot: “Undoq boʻlsa, qadahni ogʻzingdan uzoqlashtir”, dedilar”[8].

Yaʼni, Nafasi yetmasa ogʻzini suv idishdan uzoqlashtirib, nafas oladi.  

Suv ichishdagi odoblarning yana biri oʻtirganlar orasidan yoshi ulugʻi boshlab berishidir. Keyin u oʻng tomonidagi kishiga beradi. Anas roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sut keltirildi. Oʻng tomonlarida bir aʼrobiy, chap tomonlarida Abu Bakr bor edi. U zot oʻzlari ichib, soʻng aʼrobiyga berdilar va “Oʻng tomondan, oʻng tomondan”, deb qoʻydilar”[9].

Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ichimlik keltirishdi. U zot undan ichdilar. Oʻng tomonlarida bir bola, chap yonlarida keksalar bor edi. U zot bolaga: “Bularga uzatishimga izn berasanmi?” dedilar. Bola: “Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli, sizdan oladigan nasibamga hech kimni oʻzimdan ustun qoʻya olmayman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (ichimlikni) uning qoʻliga tutqazdilar”[10]

Odobli kishi paqir, koʻza va shunga oʻxshash idishlarga ogʻzini qoʻyib suv ichmaydi.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suvdonlarni buklashdan qaytardilar”[11]. Oʻsha payti asosan meshlar ishlatilgani uchun bu oʻrinda “buklash” feʼli istifoda qilingan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan esa: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suvdonning ogʻzidan ichishdan qaytardilar”[12], deb rivoyat qilingan. Suvdonning ogʻzidan ichishdan qaytarishning maʼnosi shuki, ichiga biror zararli jonivor kirib qolgan boʻlishi yoki baʼzilar birov ichgan idishdan suv ichishni yoqtirmasligi mumkin. Qolaversa, ichayotgan ogʻizdan tufuk yoxud nafas qaytishi ham ehtimoldan xoli emas. 

Suvni tik turib ichgandan koʻra oʻtirib ichgan afzaldir. Bunga quyidagi hadis dalil boʻladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasllam: “Sizdan birortangiz ham tik turib ichmasin”, dedilar[13].

Suv ichish odoblaridan yana biri shuki, soqiyning oʻzi oxirgi boʻlib ichadi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qavmning soqiysi ichishda oxirgisidir”, dedilar”[14]. Bunda ham hikmat bor. Deylik, suv tugab qolgudek boʻlsa, soqiy uchun zaxira manba bor. Qolganlarda bunday imkoniyat boʻlmasligi mumkin.

Islom dini suv ichiladigan idishlarga ham eʼtibor qaratib, musulmonlarga tilla va kumush idishlardan foydalanishni man qildi. Ibn Abu Laylodan rivoyat qilinadi: “Huzayfa roziyallohu anhu Madoinda edi. Ichimlik soʻradi. Shunda bir duhqon[15] kumush jom keltirgan edi, uni oʻziga (duhqonga) qarab otdi va bunday dedi: “Men buni otmas edim, lekin uni shuncha qaytarsam ham qaytmadi. Axir Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizni ipak va debojdan hamda oltin va kumush idishlarda ichishdan qaytarib: “Oʻshalar bu dunyoda kofirlar uchun, oxiratda sizlar uchundir”, deganlar”[16].

Demak, shular orqali ichimlik ichishda insonning madaniyati, odobi namoyon boʻladi. Musulmon kishi mazkur odoblar orqali nafsini qondirish bilan birga savobga ham erishadi. Oʻzini illatlaridan saqlagan boʻladi.

[1] Haqqo surasi, 24-oyat.
[2] Baqara surasi, 60-oyat.
[3] Aʼrof surasi, 31-oyat.
[4] Qurʼoni karim maʼnolarining oʻzbekcha tarjimasi. Tarjima va izohlar muallifi Shayx Abdulaziz Mansurov. – Toshkent: TIU nashriyoti, 2016.
[5] Imom Buxoriy rivoyati.
[6] Imom Termiziy rivoyati.
[7] Imom Buxoriy rivoyati.
[8] Imom Termiziy rivoyati.
[9] Imom Buxoriy rivoyati.
[10] Imom Buxoriy rivoyati.
[11] Imom Buxoriy rivoyati.
[12] Imom Buxoriy rivoyati.
[13] Imom Muslim rivoti.
[14] Imom Termiziy rivoyati.
[15] Oʻsha paytlari ajamlarning oqsoqoli shunday atalgan.
[16] Imom Buxoriy rivoyati.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SHUKRONALIK – INSON KAMOLOTINING ASOSI

Insonning kamolga yetishida barcha ijobiy fazilatlarning oʻziga xos oʻrni bor. Ammo ular ichida shukronalikning oʻrni …