Home / HADIS / OVQATLANISH ODOBI

OVQATLANISH ODOBI

Islom dini inson hayotidagi har bir ishga ahamiyat qaratgan. Shulardan biri ovqatlanish odobidir. Buning eng oliysi  neʼmatga shukr qilish hisoblanadi.

 Alloh taolo bu dunyoda insonni turli xil halol taom va ichimliklar bilan rizqlantirgan. Bu rizqlarning doimiy va ziyoda boʻlishi uchun Razzoqqa (rizq beruvchiga) shukr qilish bandalik burchi hisoblanadi. Alloh taolo aytadi:

﴿وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِن شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ ۖ وَلَئِن كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ﴾

Yana Rabbingiz eʼlon qilgan (bu soʻzlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”[1].

Alloh taolo Dovud alayhissalomning oilasini shukr qilishga targʻib qilib, bunday deydi:

﴿اعْمَلُوا آَلَ دَاوُودَ شُكْرًا وَقَلِيلٌ مِنْ عِبَادِيَ الشَّكُورُ

(Ey) Dovud oilasi! (Bu neʼmatlarning) shukronasi uchun amal (ibodat) qilingiz! Bandalarim orasida (Allohga) shukr qiluvchi ozdir”[2]

Qurʼoni karimda Sulaymon alayhissalom chumolining soʻzini anglagani uchun keltirgan shukronasi ushbu tarzda keltirilgan:

﴿وَقَالَ رَبِّ أَوْزِعْنِي أَنْ أَشْكُرَ نِعْمَتَكَ الَّتِي أَنْعَمْتَ عَلَيَّ وَعَلَى وَالِدَيَّ

(Sulaymon) uning soʻzidan kulib, tabassum qildi va dedi: “Ey Rabbim! Menga va ota-onamga inʼom etgan neʼmatingga shukr qilishga va Oʻzing rozi boʻladigan yaxshi amallarnigina qilishga meni muvaffaq etgin va meni Oʻz fazling bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin!”[3]

Demak, inson hayotda noshukr boʻlmasligi va solih amallarda bardavom boʻlishi kerak.

Taomlanish odoblarini koʻrib chiqsak, ovqatlanishdan oldin va keyin qoʻl yuvish kerak.

Salmon Forsiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taomning barakasi taomlanishdan oldin va keyin qoʻlni yuvishdadir”, dedilar[4].

Yeyish va ichishdan oldin tasmiya (Bismillahir rohmanir rohiym) aytiladi.

Umar ibn Abu Salama roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaramoqlaridagi bola edim. Qoʻlim tovoqda izgʻib yurardi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Hoy bola! Allohning ismini aytgin, oʻng qoʻling bilan yegin va oldingdan yegin!” dedilar. Shundan buyon ana shunday taomlanaman”[5].

Bu yosh bolaga taomlanish odobini taʼlim berishning eng chiroyli koʻrinishidir.

Oʻng qoʻl bilan ovqatlanishga odatlanish kerak.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz yesa, oʻng qoʻli bilan yesin. Qachon biringiz ichsa, oʻng qoʻli bilan ichsin. Chunki shayton chap qoʻli bilan yeb, chap qoʻli bilan ichadi”, dedilar”[6].

Yana Salama ibn Akvaʼ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida chap qoʻli bilan taom yedi. Bas, U zot: “Oʻng qoʻling bilan ye!” dedilar. U qurbi yetib turgan boʻlsa ham): “Qodir emasman”, dedi. U zot: “Qodir boʻlmagin! Uni kibrdan boshqa narsa manʼ qilmadi”, dedilar. Haligi odam qoʻlini ogʻziga koʻtara olmay qoldi”[7].

Ushbu hadisdan dinimizda ovqatlanish madaniyatiga qanchalik ahamiyat berilgani yorqin koʻrinib turibdi. Qasddan chap qoʻlda yeguvchilarning oqibati shunday boʻlishi mumkin ekan.

Jamoat bilan birga taomlanganda, mevalarni yo shunga oʻxshash bir luqmada ikkitadan olish katta adabsizlikdir. Chunki kishi bunda sherigining haqqiga tajovuz qilgan boʻladi.

Jabala ibn Suhaymdan rivoyat qilinadi: “Madinada edik, boshimizga qahatchilik tushdi. Ibn Zubayr bizga xurmo ulashib turar edi. Abdulloh ibn Umar oldimizdan oʻtar ekan: “Ikkita-ikkitadan yemanglar. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoni ikkita-ikkitadan yeyishdan qaytarganlar. Lekin sizlardan biror kishi birodaridan izn soʻragan boʻlsa, mustasno”, dedi”[8].

Odobli inson taomni ayblamaydi. Buni ommaga oshkor qilish oshpazning koʻngliga ogʻir botadi. Aksincha, maqtash kerak. Maqtov oshpazning ragʻbatini oshiradi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon taomni ayblamas edilar, xohlasalar, tanovul qilar edilar, koʻngillari tortmasa, yemas edilar”[9].

Taomga chaqirilganda unga javob berish yana bir odobdir.  

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar birortangiz (ziyofatga) chaqirilsa,  chaqiriqqa albatta javob bersin. Agar roʻzador boʻlsa, (ziyofat egasi haqqiga) duo qiladi. Roʻzador boʻlmasa, taomlanadi”, dedilar[10].

Odobli inson ziyofatga ketayotib mezbonning iznisiz u yerga chaqirilmagan kishini olib bormaydi.

Abu Masʼud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ansorlardan Abu Shuaybning qassob gʻulomi bor edi. U (gʻulomiga): “Menga taom tayyorlab ber, beshtaning biri qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni chaqiraman”, dedi. Shunday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni beshtaning biri qilib chaqirdi. Ularga yana bir kishi ergashdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sen bizni besh kishining biri qilib chaqirgan eding. Mana bu kishi ham bizga ergashib keldi. Xohlasang, unga izn berasan, xohlasang, kiritmaysan”, dedilar. U: “Yoʻq, unga izn berdim”, dedi”.

Bu odoblarning barchasi insonga yaxshilik, saodat va xotirjamlik olib keladi. Ularga nafaqat oʻzimiz rioya qilishimiz, balki yoshlarimizni ham oʻrgatishimiz lozimdir.

[1] Ibrohim surasi, 7-oyat.
[2] Sabaʼ surasi, 13-oyat.
[3] Naml surasi,19-oyat.
[4] Imom Termiziy rivoyati.
[5] Imom Buxoriy rivoyati.
[6] Imom Muslim rivoyati.
[7] Imom Muslim rivoyati.
[8] Imom Buxoriy rivoyati.
[9] Muttafaqun alayh.
[10] Imom Muslim rivoyati.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMON HALOVATI (bir hadis sharhi)

عَنْ عن أَنَس رَضي الله عَنْه، عَنِ النَّبِي صَلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: ثلاثٌ مَنْ …