Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY” NING PODSHOH ABDULAZIZ KUTUBXONASIDAGI NUSXASI

“SAHIHUL BUXORIY” NING PODSHOH ABDULAZIZ KUTUBXONASIDAGI NUSXASI

Ushbu kutubxona 1987 yili Podshoh Abdulloh ibn Abdulaziz Ol Saud tomonidan xayriya maqsadida ochilgan. Kutubxona Saudiya Arabistoni Podshohligi tarixi va ayniqsa Podshoh Abdulazizning hayot yoʻlini  hujjatlashtirishga alohida eʼtibor qaratadi.

Ushbu kutubxonani bunyod etishdan koʻzlangan maqsad keng jamoatchilikni bilim manbalari bilan taʼminlash, qoʻlyozma asarlar va zamonaviy nashrlardan foydalanishni osonlashtirish, tadqiqotchi, olim va kitobxonlar uchun kutubxona maʼlumotlarini taqdim etishdan iborat boʻlgan. Shuningdek, kutubxona ilgʻor uskunalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va xavfsizlik tizimlari bilan taʼminlangan. Bu yerda xalqaro anjumanlar, koʻrgazma, diniy, milliy va ijtimoiy tadbirlar oʻtkaziladi. Ayollar uchun ham barcha sharoitlar muhayyo qilingan.

1988 yili kutubxonada qoʻlyozmalar boʻlimi tashkil etilgan. Uning fondida yetti ming olti yuz yigirmadan ziyod nodir qoʻlyozma va  tarixiy hujjat saqlanmoqda. Mazkur asarlar kutubxonaning raqamli elektron onlayn bazasiga joylashtirilgan.

Boʻlimda movarounnahrlik allomalarning kitoblari ham mavjud. Xususan, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy qalamiga mansub “Sahihul Buxoriy” asarining oʻndan ortiq qoʻlyozma nusxasi bor.

Quyida ulardan; №114 raqam bilan saqlanayotgan nusxaning tavsifi keltiriladi.

Asar magʻribiy nasx xatida koʻchirilgan boʻlib,  “Sahobalar fazilati kitobi”, 3759-hadisdan boshlangan:

بَابُ مَنَاقِبِ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ

3759   – حَدَّثَنَا حَفْصُ بْنُ عُمَرَ حَدَّثَنَا شُعْبَةُ عَنْ سُلَيْمَانَ قَالَ سَمِعْتُ أَبَا وَائِلٍ قَالَ سَمِعْتُ مَسْرُوقًا قَالَ قَالَ عَبْدُ اللَّهِ بْنُ عَمْرٍو إِنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَمْ يَكُنْ فَاحِشًا وَلَا مُتَفَحِّشًا وَقَالَ إِنَّ مَنْ أَحَبُّكُمْ إِلَيَّ أَحْسَنَكُمْ أَخْلَاقًا وَقَالَ اسْتَقْرِئُوا الْقُرْآنَ مِنْ أَرْبَعَةٍ مِنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ وَسَالِمٍ مَوْلَى أَبِي حُذَيْفَةَ وَأُبَيِّ بْنِ كَعْبٍ وَمُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ .[1]

Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi bob

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam  soʻkongʻich  ham,  sharmsiz  ham  emas  edilar.  U  zot: “Mening  uchun  eng mahbubingiz xulqi eng yaxshingizdir!” der edilar. Shuningdek, u zot: “Qurʼonni toʻrt kishidan – Abdulloh ibn Masʼud, Huzayfaning ozod qilgan quli Solim, Ubay ibn Kaʼb va Muʼoz ibn Jabaldan oʻrganing!” deb ham aytganlar”[2].

Nusxa “Tafsir kitobi” dagi 4700-hadis bilan tugallangan.

4700   – حَدَّثَنَا عَلِيُّ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ عَنْ عَمْرٍو عَنْ عَطَاءٍ سَمِعَ ابْنَ عَبَّاسٍ { أَلَمْ تَرَ إِلَى الَّذِينَ بَدَّلُوا نِعْمَةَ اللَّهِ كُفْرًا } قَالَ هُمْ كُفَّارُ أَهْلِ مَكَّةَ.[3]

Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Alloh taoloning neʼmatini kufrga almashtirganlarni koʻrmadingizmi?”[4] degan oyatdagi kishilar Makka ahlining kofir boʻlganlaridir”[5], dedi.

Qoʻlyozmaning kolofon qismida oʻn oltinchi juzning tugallangani va Paygʻambarimizga salavot aytiladi va keyingi nusxa oʻn yettinchi juz boʻlib, u “Hijr sura”si bilan boshlanishi bildiriladi.

تم الجزء السادس عشر بحمد الله تعالى و حسن عونه و صلى الله على مولانا محمد و آله يتلوه فى سابع عشر منه إن شاء لله سورة الحجر.[6]

Qoʻlyozma taxminan XVII asrda koʻchirilgan va 117 varaqdan iborat. Koʻp oʻqilganidan varaqlari kurrosa va tayakisidan ajralib ketgan. Muqova mallarang, bosma naqshli, turunj va lola. Sharq muqovasi va tayakisi charmdan. +1a varaqda ushbu kitob “Mulk ….. biyadi Abdulloh ibn Al-Fozil Al-Xabir Sayyid Majid ibn Sayyid Abdulloh ibn Sayyid Said ibn Sayyid Ubaydulloh Abdulmannon” ga tegishli ekani haqida yozuv bor. Varaq hoshiyasida keltirilgan toʻldirma, izoh juda muhim maʼlumotlar boʻlib, ularni roviylarga tegishli ekani yozilgan. Ular turli arab harflari, belgi va ranglar bilan ifodalangan. Bundan kelib chiqadiki, nusxani koʻchirgan xattot hadis ilmida salohiyatli va boshqa nusxalardan xabardor boʻlgan.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki,  “Sahihul Buxoriy” dunyoning turli davlatlarida koʻplab nusxalarda koʻchirilgan asarlardan biri boʻlib, unda yoritilgan mavzular ahamiyatli va dolzarbligi bilan  insonning maʼnaviy-axloqiy saviya va madaniyatini yuksaltirish hamisha muhim oʻrin tutadi.

[1] Podshoh Abdulaziz xalq kutubxonasi. № 114, 1b -varaq.
[2] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Al-Jomiʼ as-sahih. J.III. Qomuslar Bosh tahririyati. Toshkent. 1997. B.393.
[3] Podshoh Abdulaziz xalq kutubxonasi. № 114, 117a varaq.
[4] Qurʼoni karim. Ibrohim surasi, 28-oyat.
[5]Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Al-Jomiʼ as-Sahih. J.III. Qomuslar Bosh tahririyati. Toshkent. 1997. B.169.
[6] Podshoh Abdulaziz xalq kutubxonasi. № 114, 117a varaq.
Toxir EVADULLAYEV,
Qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimi boshligʻi

Check Also

MUQADDAS DINIMIZDA OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH HAQIDA

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, unda oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga …