Home / FOTO LAVHALAR / ARXЕOLOGIK MЕROS – KЕLAJAK UCHUN MUHIM

ARXЕOLOGIK MЕROS – KЕLAJAK UCHUN MUHIM

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida galdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindorlari, yurtimiz va xorijdagi oliy taʼlim va ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Pokiston, Turkiya va Fransiyadan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Londondagi Arxeologiya institutining xalqaro Ipak yoʻli arxeologiya va meros markazi loyihasi direktori Dr. Tim Uilyams “Oʻrta Osiyoning arxeologik landshafti” mavzusida maʼruza qildi.

Olim avvalo oʻzi rahbarlik qilayotgan loyiha haqida batafsil maʼlumot berdi. Loyihaning maqsadi Markaziy Osiyodagi arxeologik merosni hujjatlashtirish va raqamlashtirish, ilmiy qiymatidan xabardorlikni oshirish va uni muhofaza qilishdan iborat. Kaspiy dengizidan Xitoy gʻarbigacha qariyb 6 million kmhajmida yirik choʻllar, togʻ tizmalari, unumdor daryo deltalari hamda vohalar joylashgan maydonni egallagan mintaqa Ipak yoʻlining eng muhim merosi: metropoliyalardan bozor shaharchalari, togʻ qoʻrgʻonlari, choʻllardagi karvonsaroylar, suv xoʻjaligi va sugʻorishning murakkab tizimlari, eʼtiqod tarqalishidan dalolat beruvchi diniy maskanlargacha boʻlgan obyektlarni oʻz ichiga oladi.

T.Uilyamsning taʼkidlashicha, arxeologik merosga oid koʻplab maʼlumotlar arxivlarda GPS xaritalar hali yaratilmagan davrdan boshlab saqlanib kelayotgani tufayli bugungi kunda ularni birlashtirib, sunʼiy yoʻldosh va dron tasvirlari, shuningdek, aerofotosuratlar yordamida manzillarini aniqlash, rasmiy yodgorlik yozuvlari bilan bogʻlash orqali har bir mamlakatning milliy geografik axborot tizimini yaratish ustida ish olib borilyapti. Hozirgacha 60 mingta shunday manzil joylashuvlariga kiritilgan aniqlik mintaqaning arxeologik landshafti haqida toʻliqroq maʼlumot olish imkonini yaratdi.

Maʼruzachi shuningdek, 13 yarim mingdan ortiq yodgorlik yozuvlari raqamlashtirilgani va ochiq maʼlumotlar portaliga joylangani, koʻp tilli tizimda yodgorliklar, xronologiya, imperiyalar va hokazolarni qamrab oluvchi atamalarning keng lugʻati ishlab chiqilgani, pirovardida arxeologik merosni boshqarish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazishda qoʻl keladigan muhim axborot platformasi yaratilganini taʼkidladi.  

Olim mintaqa arxeologik landshaftini yaratishning istiqboldagi muhim ahamiyatiga ham toʻxtaldi.

– Kelajakdagi rivojlanish loyihalari, qishloq xoʻjaligi amaliyotining oʻzgarib borishi, urbanizatsiyaning kuchayishi va eng asosiysi, iqlim inqiroziga oid ehtimoliy tahdidlar koʻlamini baholash va tabiatini oʻrganish uchun mustahkam va qulay axborot platformasi kerak. Buning uchun yuqori aniqlikdagi 3D maʼlumotlarni yaratish maqsadida fotogrammetriya dasturlari va keng landshaftlarni aniq xaritalash uchun dronlardan foydalanyapmiz, – dedi britaniyalik tadqiqotchi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Qirgʻizistonlik olimlar tashrifi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qirgʻiziston islom universitetining bir guruh olimlari tashrif buyurdi. Mehmonlarni Markaz …