Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

Oʻninchi dars. Ovqatlanish odobi.

  Ey oʻgʻlim! Qaddi-qomating sogʻlom holda hayot kechirmoqchi boʻlsang, ovqat ustiga ovqat yemagin. Qorning och qolsa taomlan. Yeganingda zinhor qorningni toʻldirma. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi qornidan koʻra yomonroq idishni toʻldirmaydi”[1], deganlar.

Ey oʻgʻlim! Ovqatlanishga kirishmoqchi boʻlsang, avvalo qoʻlingni yaxshilab yuv. Soʻng “Bismillah”ni ayt. Taomni butunicha yutib yuborma. Balki, ogʻzingga solgan luqmangni yaxshilab chaynab yutin. Chunki ovqatni yaxshilab chaynash oson hazm boʻlishiga yordam beradi. Oldingdan yegin. Taom solingan tovoqning har yeriga qoʻlingni choʻzma. Bunday qilish nafratlaniladigan ochkoʻzlikdir.   

Ey oʻgʻlim! Tarbiyasiz va avom odamlardek ish tutib yoʻl chetida va bozorlarda ovqatlanma, garchi koʻngil ochish uchun boʻlsa ham. Chunki bu holat ziyoli inson shaʼnini tushirishi va obroʻsizlantirishi mumkin.

    Ey oʻgʻlim! Baxillik va ochkoʻzlikdan yiroq boʻl. Yeyish uchun oʻtirsang-u, yoningda tanish yoki notanish inson boʻlsa, birga ovqatlanishni taklif qil.  Taomingdan ortsa muhtojga ulash. Berayotgan narsangni arzimas deb hisoblama. Chunki mana shu ozgina taomga ehtiyojmand faqirlar bor. Biror bechoraga sadaqa qilsang, minnat qilma, bergan sadaqang ketidan ozorni ergashtirma. Alloh taolo:

 ﴿قَوْلٌ مَعْرُوفٌ وَمَغْفِرَةٌ خَيْرٌ مِنْ صَدَقَةٍ يَتْبَعُهَا أَذًى وَاللَّهُ غَنِيٌّ حَلِيمٌ﴾

(Sadaqa bermasdan) yaxshi gap (qilish) va (bera olmagani uchun) kechirim (soʻrash) ketidan ozor yetkaziladigan sadaqadan yaxshiroqdir. Alloh behojat va  halimdir”. Beradigan sadaqangni odamlardan maxfiy qilishga harakat qil. Zero, pinhona qilingan sadaqa Alloh taolo gʻazabining pasayishiga sabab boʻladi.

Ey oʻgʻlim! Kir idishlarda yeb-ichmagin. Nopok idishlarda ovqatlanganing sababidan hattoki shifokorning muolajasi ham foyda bermaydigan kasalliklarni oʻzingga orttirib olishing mumkin. Toza, pokiza suvlarni ichgin. Ichganingda “Bismillah”ni ayt. Suv ichganingda nafas olib, oz-oz hoʻplab, dam olib ichgin. Bir piyola suvni uch martada, har birining orasini ajratib, Allohning nomini zikr etib ich. Ovqatlanishni yakunlaganingdan soʻng seni taomlantirgan Allohga hamd ayt. Uning sanab boʻlmaydigan neʼmatiga shukur qil. Allohning oʻzi seni toʻgʻri yoʻlga boshlagay.   

[1] Imom Ahmad, Termiziy rivoyati
Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …