Home / ALLOMALAR / TAʼRIFI “HAYRATUL ABROR” GA KIRGAN ALLOMA

TAʼRIFI “HAYRATUL ABROR” GA KIRGAN ALLOMA

Mamlakatimizda ulugʻ allomalarimiz hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq etish va ommaga keng targʻib qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham ushbu imkoniyatdan foydalangan holda koʻplab eʼtiborga molik ishlarni amalga oshiryapdi.  Markaz qoʻlyozmalar fondi yildan yilga noyob asarlar bilan boyib bormoqda. Unda nafaqat diniy-maʼrifiy, balki badiiy adabiyotga oid asarlar ham oʻrin olgan. Jumladan, Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”, “Boʻston”, Hofiz Sheroziyning “Devoni Hofiz”, Fuzuliyning “Kulliyoti Fuzuliy”, Mirzo Bedilning “Devoni Bedil”, gʻazal mulkining sultoni – Alisher Navoiy “Xamsa” sining qoʻlyozmasi va “Devoni Navoiy” toshbosma asari saqlanmoqda.

Hazratning “Xamsa”sini hikmat marjonlari toʻla dengizga mengzash mumkin. Mustaqillik bizga koʻplab imkoniyatlar qatori Navoiyni anglash, asarlarini oʻrganish, tadqiq etish baxtiga muyassar qildi. “Xamsa” Navoiyning shoh asarlaridan boʻlib, Hazrat uni yozishda yuksak mahoratini namoyon qilgan.

Asar tavsifi: Markazning qoʻlyozmalar fondida №230 raqam bilan saqlanmoqda. Xususan, “Hayratul abror” dostoni 3988 bayt, 63 bob, 20 maqolat va 20 hikoyatdan tashkil topgan.

“Xamsa” qoʻlyozmasi 1298/1881 yili koʻchirilgan. Nusxa toʻliq boʻlmagani uchun muqaddimadan emas, birinchi munojoti

Ey sanga mabdaʼda abaddek azal,
Zoti qadiming abadiy lam yazal.
Ne boʻlib avvalda bidoyat sanga,
Ne kelib oxirda nihoyat sanga[1].

 

misralar bilan boshlangan. Mazkur nusxaning 29-maqolati Xoja Abdulloh Ansoriyga bagʻishlangan boʻlib, unda: “Muqarrabi Boriy Xoja Abdulloh Ansoriy (haqqinda) soʻzkim, nihoyati sulukdin sohibxabar erdi va oʻz suluki nihoyatidin xabar berdi.

Ulki ani qibla der ahli Hirot,
Dema Hirot ahli bari koinot.
Ahli ayyon soliki atvori ul,
Ismda Abdulloh Ansoriy ul…[2],

 

deb taʼrif berilgan. Xoja Abdulloh Ansoriy “Piri Hirot”, “Piri tariqat”, “Nosirus sunna”, “Shayxul Xuroson”, “Zaynul ulamo” kabi nomlar bilan mashhur boʻlgan. U 1006 yil Hirotning eski qalʼasi Qoʻhandoʻz shahrida tugʻilgan. Allomaning toʻliq ismi Abu Ismoil Abdulloh ibn Muhammad ibn Ali Ansoriy Hiraviy boʻlib, sahoba Abu Ayyub Ansoriy naslidandir. U dastlabki taʼlimni otasi soʻfiy Abu Mansur Muhammad ibn Ali (“Usmon xalifatida Xurosongʻa kelib, Hirotda sokin boʻlubdur. Shayxul islom derki, manim otam Abu Mansur Balxda…”[3]) dan saboq olgan. Soʻngra Malin shahridagi madrasada davom ettirgan.

Xoja Abdulloh Ansoriy toʻqqiz yoshidan Qozi Abu Mansur Azdiy, Abu Fazl Jorudiy kabi olimlardan saboq olgan va hadis yozib olishni boshlagan. Jami uch yuzdan ortiq muhaddisdan hadis ilmini oʻrgangan. Ular orasida alloma Abu Fazl Jorudiyning hadis ilmi borasida yetuk olim ekanini taʼkidlab aytgan[4].

U kecha-kunduz mutolaa va ilm bilan mashgʻul boʻlib, hatto taomlanishni unutgani tufayli onasi kelib ovqatlantirgan. Madrasada oʻqib yurgan payti yetmish ming bayt sheʼr yod olgani va uning xotirasi kuchli ekani haqida gap-soʻzlar paydo boʻlgan. U uch yuz mingdan ortiq hadisni sanadlari bilan birga yod olib, rivoyat qilgan[5]. Oʻn toʻrt yoshida vaʼzxonlik va hadis rivoyat qilish darajasidagi bilimga ega boʻlgan. 1026 yili hadis va fiqh ilmlarini oʻrganish va yetuk olimlarning majlislarida ishtirok etish maqsadida Nishopurga kelgan[6]. Bu yerda Abu Mansur Ahmad, Abu Said Sayrofiy, Abu Hasan Ahmad Salifiy, Nosir Marvaziy va Abu Abdulloh ibn Boqiyi Sheroziydan dars olgan.

Hirotga qaytganidan soʻng mashhur Shayx Amuʼning xonaqohida tahsilini davom ettirgan. Bu maskan Hirotdagi miskin-bechoralar uchun barpo qilingan boʻlib, u yerda har kuni taom tayyorlanib, ehson qilingan. Shayx Amuʼ Xoja Abdulloh Ansoriyni oʻz farzandidek qabul qilib, doim unga moddiy yordam berib kelgan. Minnatdor shogird “Tabaqot” asarida ustozining taʼrifini keltirib, undan tasavvuf odobi va taʼlimotlarini oʻrganganini aytib oʻtgan[7].

Alisher Navoiy ham Shayx Amuʼ haqida: “Kuniyati Abu Ismoil va Ahmad ibn Muhammad boʻlib, Shayx Abulabbos Nihovandin anga Amuʼ ot quyubdur. … u yoshi toʻqson ikkiga yetib vafot etdi”[8] – deb yozgan.

Xoja Abdulloh Ansoriy Hirotda yashagan sijistonlik mashhur voiz Yahyo ibn Ammor Shayboniydan hadis va tafsirdan saboq olgan. Ustoz shogirdining qobiliyatini koʻrib, uni kelajakda yetuk olim boʻlishini aytgan. Keyinchalik, Yahyo ibn Ammor oʻlim toʻshagida yotgan chogʻda shogirdiga oʻz oʻrniga vaʼz oʻqishni vasiyat qilgan. Xoja Abdulloh Ansoriy: “Ustozim Yahyo ibn Ammordan saboq olmaganimda edi, men hech qachon talabalarga vaʼz qilmas va tafsirdan dars bera olmasdim”, deb taʼkidlagan[9].

Xoja Abdulloh Ansoriy Abdujabbor ibn Muhammad Jarrohdan Iso Termiziyning “Sunan” asarini tinglagan, soʻng undagi hamda “Sahihul Buxoriy” va “Imom Muslim” asarlaridagi hadislar sanadini birma-bir taʼriflagan va sharh bitgan.[10] Bunda  mashhur hadis hofizlari Ibn Manjuy va Qarrob kabi olimlarning uslublaridan foydalangan. Keyinchalik bu uch asar tavsifidan hadis bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar yaxshi qoʻllanma sifatida foydalangan.

1032 yilda haj niyati bilan safarga chiqqan Xoja Abdulloh Ansoriy Nishopur orqali Bagʻdodga kelib, mashhur ulamolarning majlisida qatnashib, xurosonlik  hojilar bilan Hirotga qaytib ketgan. Keyingi yil yana haj ziyorati maqsadida safarga chiqib, Nishopurda Ibn Baqiya xonaqohida bir qancha soʻfilar bilan koʻrishgan. Bu yerda u Abu Hasan Haraqoniyga shogird tushib, qirq kun davomida undan tasavvuf sirlarini oʻrgangan. Haj safaridan qaytib, Hirotda hadis, shariat, tafsir ilmlaridan dars bera boshlagan. Oradan bir muddat oʻtib, allomaning ilmiga hasad qilgan moʻtaziliy va ashʼariy olimlar  Gʻaznaviylar hukmdori Sulton Masʼudga Xoja Abdulloh Ansoriy ustidan shikoyat qilgan. Ammo Gʻaznaviylar va Saljuqiylar oʻrtasida urush boshlanib, bu masalaga koʻp ahamiyat berilmagan.

Hirotda Saljuqiylar hukmronligi oʻrnatilgandan soʻng moʻtaziliy va ashʼariy olimlar Sulton Tugʻrulbiyga yana shikoyat qiladi. Xoja Abdulloh Ansoriy hibsga olinib, 1046 yil Hirot yaqinidagi Boʻshanj zindoniga tashlanadi. Bir yil oʻtgach, ozod qilinadi, ammo saboq berish va uydan tashqariga chiqishga ruxsat etilmaydi. Keyinchalik  Hirot yaqinidagi Marvaroʻzga borish uchun izn beriladi.  Bu yerda Xoja Abdulloh Ansoriyni muhaddis alloma Imom Farra Bagʻoviy kutib oladi. 1087 yilga kelibgina unga Hirotga qaytib borish uchun ruxsat beriladi. Tafsirining yarmiga yetib qolgan alloma uni tezroq tugatish maqsadida katta azmu shijoat bilan ijod qiladi.  Sod surasining 67-oyatiga kelganda, 1089 yili 8 mart kuni vafot etgan. Hirotdan besh kilometr masofada joylashgan Gozoʻrgoh qasabasida dafn etilgan[11].

Xoja Abdulloh  Ansoriy maqbarasi – Hirotdagi noyob meʼmoriy yodgorliklardan biri boʻlib, dastlab Saljuqiylar davrida barpo etilgan. Amir Izzoddin maqbara yoniga madrasa qurdirgan. Shuningdek, 1425-1429 yillarda Shohruh Mirzo maqbarani temuriylar binolari uslubi asosida mahobatli, hashamdor qilib qaytadan bino qildirgan[12]. Mazkur ziyoratgoh oʻttiz hujra bilan oʻralgan. Baland peshtoqli, hujralari gumbazli boʻlib, maqbaraning oʻzi va xonalari sirlangan gʻisht, parchin, marmar, girih naqshlar bilan bezatilgan, devor va shiftlariga kufiy uslubda xatlar bitilgan. Bu yerda asosan temuriylar, yaʼni Hirot hukmdorlari dafn etilgan. Xoja Abdulloh  Ansoriyning qabri ustiga Bobur Mirzo yetti yarim metrlik oq marmartosh oʻrnattirgan, ammo u bugungi kungacha saqlanib qolmagan[13]. Shuningdek, allomaning oʻgʻillari Abduhodiy va Jobir shu yerga dafn etilgan.

Xoja Abdulloh  Ansoriy sermahsul ijodkor boʻlib, arab va fors tillarida tasavvuf, kalom, tafsir, hadis ilmlariga oid koʻpgina asarlar yozgan.  “Kashful asror”, “Munojotnoma”, “Risolai manoqibi Imom Ahmad ibn Hanbal”, “Anvorul tahqiq”, “Zimmul kalom”, “Manozilus soirin”, “Kitobul furuq”, “Kitobul arbaʼin”, “Risolai varodat”, “Sad maydon”, “Qalandarnoma”, “Muhabbatnoma”, “Kanzus solikin” asarlari va oltmish mingdan ortiq ruboiysi bizgacha yetib kelgan. Bu asarlar bugungi kunda Oʻzbekistondan tashqari Turkiya, Fransiya va boshqa mamlakatlardagi kutubxonalarda saqlanmoqda.

Xoja Abdulloh Ansoriy yaratgan asarlar necha asrlar oʻtsa ham oʻz qiymati va ahamiyatini yoʻqotmaganining boisi pokiza insoniy qadriyatlarning nazmiy usulda goʻzal, chuqur falsafiy mushohadalar bilan ifoda etilganidandir.

[1] IBXITM Qoʻlyozmalar fondi, №230, “Xamsa” dostoni, 1a -2a -varaqlar.
[2] IBXITM Qoʻlyozmalar fondi, №230, “Xamsa” dostoni, 39a -varaq.
[3] Alisher Navoiy. Nasoyimul muhabbat 403, -B.116.
[4] J.Alberry, “Jamiʻs biography of Ansari” IQ, VII/3-4 (1963), s. 57-82.
[5] Imom Zahabiy. “Siyar aʼlomun nubalo”, XVIII, 509.
[6] Ibn Rajab. “Az-Zayl ala tabaqotil Hanbaliya” J. I,  Damashq, 1951. – B.61.
[7] J.Alberry, “Jamiʻs biography of Ansari” IQ, VII/3-4 (1963), s.71.
[8] Alisher Navoiy. Nasoyimul muhabbat 423, – B.121.
[9] J.Alberry, “Jamiʻs biography of Ansari” IQ, VII/3-4 (1963), s.63-64.
[10] Imom Zahabiy. “Siyar aʼlomun nubalo”, XVIII, 513.
[11] Fikriy Saljuqiy “Gozoʻrgoh”, Qobul: 1923. – B 10-12.
[12] J.Alberry, “Jamiʻs biography of Ansari” IQ, VII/3-4 (1963), s. 57-82.
[13] https://qomus.info/encyclopedia/cat-a/abdulloh-ansoriy-maqbarasi-uz.
Iroda Daurbekova, Dildora Halimova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimlari

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …