Home / HADIS / POKLIK – IMONNING YARMIDIR

POKLIK – IMONNING YARMIDIR

Bir hadis sharhi

 Alloh taolo insonni pok holatda yashashga buyurgan. Bunda eng avvalo qalb, badan, libos hamda yashayotgan  manzilimiz toza-ozoda boʻlishi talab etiladi. Bu borada oyat va hadislar ham juda koʻp. Fiqh ilmiga doir asarlarning birinchi bobi ham poklikka bagʻishlangan.

Qurʼoni karimda Alloh taolo pokiza bandalarni yaxshi koʻrishi haqida bunday marhamat qilgan: Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va poklanuvchilarni sevadi[1]. Imon bir necha boʻlaklardan iborat boʻlib, hayo qilish ham koʻchadan insonlarga ziyon beradigan narsalarni chetga olib qoʻyish ham imondandir.  

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Poklik imonning yarmidir”,  dedilar. (Imom Muslim rivoyati). Demak, moʻminlikka dalolat qiladigan narsani majoziy maʼnoda yuzta deb tushunsak, shuning elliktasi poklik boʻlar ekan.

Poklik bir necha turlarga boʻlinadi;

  1. Qalb pokligi:

Qalb Alloh taolo tarafidan insonga berilgan neʼmatlardandir. Uni turli illatlardan avaylab asrash kerak. Qalbi pok inson oʻzgalar haqida yomon gumonga bormaydi, gʻiybat qilmaydi, qalbida nafrat va adovat urugʻi boʻlmaydi. Shu sababli Alloh taolo bandaning tashqi koʻrinishiga emas, balki uning qalbiga nazar soladi. Bu haqda  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo sizlarning suratingizga, mol-u dunyongizga qaramaydi. Lekin Alloh sizning qalbingizga va qiladigan amallaringizga qaraydi”, dedilar. (Imom Muslim rivoyati). Xoʻsh, nima sababdan U zot qalbiga qaraydi? Chunki, u imonning makoni hisoblanadi. Imon esa poklik bor joyda mavjud boʻladi.

  1. Badan pokligi:

Islom dinida tana pokligi borasidagi koʻrsatmalarga amal qilish ham muhim hisoblanadi. Bunda tahorat qilish muhim oʻrin tutib, yuz va undagi aʼzolar, shuningdek, qoʻl, oyoqlar toza suv bilan yuviladi. Tirnoq olish, soch-soqolga eʼtibor qaratish, haftada bir marta gʻusl qilish va turli xushboʻyliklardan foydalanish moʻmin kishining xislatlaridan sanaladi.  

  1. Libos pokligi:

Libos, avvalo, insonni tana aʼzolarini berkitib turish uchun xizmat qiladi, shuningdek, u insonga ziynat bagʻishlaydi. Moʻmin kishi doimo kiyimiga eʼtiborli boʻlishi, toza-ozoda liboslarni kiyishda boshqalarga oʻrnak koʻrsatishi lozim. Alloh taolo liboslarni pokiza tutish toʻgʻrisida Qurʼoni karimda bunday marhamat qilgan: “Kiyimlaringizni pok tuting!”[2]. Oyatdan dinimiz liboslarimizni ham pok tutishga alohida eʼtibor qaratgani maʼlum boʻladi. Libos kiyganda ham, avvalo, niyatni toʻgʻri qilish kerak. Uni kibr yoki oʻzgalardan ustun koʻrinish uchun emas, aksincha, chiroyli boʻlib yurish uchun kiyishi kerak. Faqih Abu Lays Samarqandiy: “Agar kishi muruvvatli boʻlsa, ilmli boʻlsa, kibrlanmasdan eng toza liboslarni kiyishi kerak”, degan. Demak, liboslarimizni pokiza, chiroyli holda kiyib yurishimiz ham islomning goʻzal taʼlimotidan ekan.  

  1. Atrof-muhit pokligi;

Xonadonimiz va atrof muhit tozaligiga eʼtibor qaratish ham islom dini koʻrsatmalaridandir. Chunki tozalik bor joyda fayz-baraka va tinchlik bardavom boʻladi. Koʻrgan insonning havasi kelib, bu maskanda musulmon kishi yashashi toʻgʻrisida tasavvur uygʻonadi. Ulugʻ yoshli insonlarning bir gap bor. Ular biror bir ozoda xonadonga kirib qolsa: “Farishtali uy ekan”, deydi. Nima uchun shunday? Bu gapning zamirida ham ulkan maʼno bor. Chunki farishta pok joylarda hozir boʻladi. Ular poklik va xushboʻylikni yoqtiradi. Agar uyimizni qanchalik sarishta tutsak, oʻsha uyga farishta koʻp kelar ekan.

Xulosa shuki, imonni yarmiga teng deya taʼrif berilgan poklikka doim amal qilaylik. Alloh taolo hammamizni pokiza qalb egasi boʻlishni nasib qilsin!

[1] Baqara surasi 222-oyat.   
[2] Muddassir surasi, 4-oyat.
Mashrab XIDIROV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …