Home / MAQOLALAR / IMOM AL-BUXORIYNING MUBORAK YoSHLIK YILLARI QANDAY OʻTGAN EDI?

IMOM AL-BUXORIYNING MUBORAK YoSHLIK YILLARI QANDAY OʻTGAN EDI?

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻiyra ibn Bardizbah. Boshqa bir rivoyatda – Bazduzbah. Buxorocha bu soʻzning maʼnosi – dehqon.

   Abu Abdulloh 194 yil shavvol oyida tavallud topganlar.

   Yoshlik paytlarida Muhammad ibn Ismoilning koʻzlari koʻrmay qoldi. Onalari tushlarida Ibrohim alayhissalomni koʻrdilar. Ibrohim alayhissalom aytdilar: “Ey ona! Sening koʻp yigʻing va duolaring bilan Alloh taolo oʻgʻlingga koʻz nurini qaytardi”. Tong otganda qaralsaki, haqiqatan Alloh unga koʻz nurini qaytaribdi.

   Muhammad ibn Abu Hotimdan rivoyat qilinadi:

   «Bir kuni Abu Abdullohdan: “Ilmga tashnaligingiz qanday boshlandi?” – deb soʻradim.

   “Maktabdaligimdayoq menga hadis yodlash ilhomi berildi”, – dedilar.

   Men yana: “Oʻshanda necha yoshda edingiz?” – deb soʻradim.

   Aytdilar: “Oʻn yoki undan kichikroq yoshda edim. Oʻn yoshdan soʻng boshlangʻich maktabdan chiqdim. Ustoz Doxiliy va boshqalarning saboqlariga qatnay boshladim. Bir kuni Doxiliy bizga hadis oʻqib berayotganlarida: “Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan”, – degan sanadni aytdilar. Men u kishiga: “Abu Zubayr Ibrohimdan rivoyat qilmagan”,   dedim. Shunda meni jerkib berdilar. U kishiga: “Asl manbaga qarang”,   dedim. Uyga kirib kitoblariga qarab chiqdilar va mendan: “Aytganing toʻgʻri ekan, ey bola. Buni qanday bilding?” – deb soʻradilar. Men: “Ibrohimdan Abu Zubayr emas, Zubayr ibn Adiy rivoyat qilganlar”, – dedim. Mendan qalamni olib kitobdagi xatoni tuzatib qoʻydilar.

   “U kishining xatolarini tuzatganingizda necha yoshda edingiz?”   deb soʻralganda, Abu Abdulloh: “Oʻn bir yoshda edim. Oʻn olti yoshga yetganimda, Ibn Muborak va Vakiʼning kitoblarini yodladim. Ularning hadis toʻgʻrisida yozgan soʻzlarini bilar edim. Oʻsha vaqtda onam va akam Ahmad bilan Makkaga bordik. Haj qilib boʻlganimizdan soʻng akam onamni olib qaytdilar. Men hadis ilmini oʻrganish uchun qoldim”, – deb javob berdilar».

Manba: “Mashhur daholar siyrati” (Siyaru aʼlamin nubalo) kitobidan

Check Also

OʻZBEKISTONDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNING  IJTIMOIY-SIYOSIY ASOSLARI

Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, …