Home / MAQOLALAR / ANSORLARNI YAXSHI KOʻRISH – IMON ALOMATI

ANSORLARNI YAXSHI KOʻRISH – IMON ALOMATI

Kim ansorlarning darajasini, islomni qoʻllab-quvvatlash, yoyish va ilk musulmonlarga koʻrsatgan yordamini, din yoʻlidagi fidoyiligini bilib, anglab, ularni yaxshi koʻrsa, bu uning imonli ekaniga dalildir. 

Ansor – “yordam beruvchi” degani boʻlib, asli madinalik musulmonlardir. Ular Paygʻambarimiz alayhissalom boshchiligidagi Makkadan koʻchib kelgan muhojirlarga uyi, mol-mulki va qaramogʻidagilar bilan yordam bergan kishilardir.

عَنْ أَنَسٍ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: «آيَةُ الإيمَانِ حُبُّ الأنْصَارِ، وآيَةُ النِّفَاقِ بُغْضُ الأنْصَارِ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ansorlarni yaxshi koʻrish imonning alomati, ansorlarni yomon koʻrish esa munofiqlikning alomatidir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Muhammad alayhissalom Alloh taoloning: “…va joy berib, yordam koʻrsatganlar” (Anfol surasi, 72-oyat), degan soʻzlarini olib, ularni “ansorlar” deb atadilar.

Ansorlar buyuk fazilat va ulugʻ sharafga ega boʻlib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir nechta hadisi shariflarida ularning fazilati haqida toʻxtalib oʻtganlar. Ushbu hadisda Allohga bergan vaʼdasiga vafo qilgani, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlarga panoh bergani, yaxshi qoʻshnilik qilgani, mustahkam doʻstlik va mehr-muhabbatining samimiyligi uchun ularni yaxshi koʻrish imon barkamolligi, ularni yomon koʻrish munofiqlik belgisi ekani taʼkidlanmoqda. Demak, ularni yaxshi koʻrish Alloh va Rasuliga boʻlgan komil muhabbatdandir.

Alloh taolo ansorlarni taʼriflab: “Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa oʻzlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suygaylar va dillarida ularga berilgan narsa (oʻljalar) sababli hasad sezmaslar” (Hashr surasi, 9-oyat), deb marhamat qilgan.

Muhojirlar Madinaga kelganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni ansorlar bilan birodar, aka-uka qilib qoʻyganlar. Ansorlar birodarlikning eng ajoyib namunalarini koʻrsatib, ularga eng goʻzal koʻrinishda yaxshiliklar qilgan, uylaridan joy bergan, mol-mulkini baham koʻrgan edi.

Boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ularni faqat moʻminlargina yaxshi koʻradi, munofiqlar yomon koʻradi”, deganlar (Muttafaqun alayh).

 Ansorlar birodarlik, oʻzaro yordamning takrorlanmas namunasini namoyon etdi. Shuning uchun hadisda ularni yaxshi koʻrishga chorlov va yomon koʻrishdan ogohlantirish bor. Qolaversa, bu ikkisining biri imon va yana biri munofiqlik belgisiga aylandi.

Shunga qiyosan, islom, odamlar va jamiyatga xizmat qiladigan, foydasi tegadigan kishini har zamon, har yerda hurmat qilish, yaxshi koʻrish kerak boʻladi.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTONDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNING  IJTIMOIY-SIYOSIY ASOSLARI

Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, …