Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING “BIRRUL VOLIDAYN” ASARI QOʻLYOZMA NUSXASI

IMOM BUXORIYNING “BIRRUL VOLIDAYN” ASARI QOʻLYOZMA NUSXASI

Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi olimlar, tadqiqotchilar va sharqshunoslar tomonidan keng oʻrganilib kelmoqda. Yurtimizda ham buyuk muhaddisning maʼnaviy merosi va ibratli hayoti jadallik bilan tadqiq etilmoqda. Buyuk vatandoshimiz hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning hayoti va boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganar ekanmiz, uning dunyoqarashi, ichki olami gʻoyat ibratli va koʻp jihatlari bilan har qanday davr uchun ham katta ahamiyat kasb etishini koʻrishimiz mumkin.

Imom Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan boʻlib, ijodiy faoliyati davomida yozgan asarlari – bizga maʼlum boʻlgani – yigirma toʻrttani tashkil etadi. Manbalarda “Jomeʼus sahih”, “Adabula mufrad”, “Tarixus sagʻir”, “Tarixul avsat”, “Tarixul kabir”, “Kitobul ilal”, “Birrul volidayn”, “Asomius sahoba”, “Kitobul kuna” kabi asarlar Imom Buxoriy qalamiga mansubligi taʼkidlanadi.

Barchamizga maʼlumki, Imom Buxoriyning shoh asari boʻlmish “Sahihul Buxoriy” butun islom ummatining ittifoqi bilan Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida eʼtirof etilgan. “Sahihul Buxoriy” va “Adabul mufrad” axloq-odob, ibodat, ijtimoiy mezonlarni belgilovchi manbalar va umuminsoniy qadriyatlar namunalaridir.

Xususan, ota-onaga yaxshilik bashariyat hayotidagi eng asosiy mavzulardan biri hisoblanadi. Chunki, ota-onasiga yaxshilik qilmagan kishi boshqalarga ham saxovat koʻrsatmaydi. Shuning uchun ham hadisi shariflarga oid barcha adabiyotlarda ana shu mavzuga atab alohida asarlar yozilganini yo alohida boblar ajratilganini yoki koʻramiz.

Imom Buxoriy bu mavzuda “Birrul volidayn” kitobini yozgan. Unda ota-onani eʼzozlash, duosini olish, xizmatida qoim boʻlish haqida soʻz yuritiladi. Ota-onasiga yaxshilik qilgan kishining duosi ijobat boʻlishi, ota-ona musulmon boʻlmasa-da silai rahmdan voz kechmaslik, haqorat qilmaslik, koʻziga tik boqmaslik, gap qaytarmaslik, huzurida “uff” tortmaslik zarurati taʼkidlanadi. Ota-onaga oq boʻlish gunohi kabiralardan biri ekani, ularga osiylikning salbiy oqibatlari tilga olinadi. Shuningdek, ota-onaning farzand oldidagi burchlari va farzandning ota-ona oldidagi vazifalari kabi masalalarni yoritib beruvchi hadisi shariflar keltiriladi. Ushbu kitob ixcham, moʻjazgina boʻlib, uni shogirdi Ibn Dilluyah[1] Imom Buxoriydan rivoyat qilgan. Bu asar bir necha asrlar davomida odamlar orasida Ibn Dilluyahdan naql oʻlaroq tarqalgan. Keyinroq hadis rivoyat qilinadigan ilm majlislarida bu asar asta-sekinlik bilan yoʻqola borgan va oqibatda bizga qadar yetib kelmagan asarlar qatoriga kirib qolayozgan edi.

Tadqiqotchi Bassam ibn Abdulkarim Hamzaviyning taʼkidlashicha[2], “Birrul volidayn”ni oʻzida saqlab qoʻygan, shogirdlariga oʻqitgan mutaaxxirin ulamolardan biri – bu, imom, hofiz va sayyid Muhammad Abdulhay Kattoniydir.

Imom Buxoriy ota-onaga yaxshilik mavzusida koʻp hadis rivoyat qilgan. Bu nusxada silai rahm, farzand tarbiyasi va odob-axloq masalalariga doir hadislar ham keltirilgan. Imom Buxoriy “Jomeʼus sahih” va “Adabul mufrad”da ham ota-onaga yaxshilik mavzusiga doir hadislarni keltirgan.

Ota-onaga yaxshilik mavzusida Imom Buxoriydan boshqa ulamolar – Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Isʼhoq Harbiy Bagʻdodiy Shofeiy (vaf. 285/898), Abu Muhammad Qosim ibn Asbagʻ Qurtubiy Molikiy (vaf. 340/952), Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Hayyon (vaf. 369/980), Abu Muso Yumn ibn Ahmad ibn Yamn Tujibiy Tulaytiliy (vaf. 390/1000), Abu Muhammad Hasan ibn Muhammad Xallol Bagʻdodiy (vaf. 439/1048), Abu Bakr Muhammad ibn Valid Turtushiy Molikiy Andalusiy (vaf. 520/1126), Jamoliddin Abulfaraj Abdurahmon ibn Ali ibn Muhammad ibn Javziy (vaf. 597/1200), Taqiyuddin Ali ibn Abdul Kofiy Subukiy (vaf. 756/1355), Jamoluddin Muhammad ibn Abdussalom Noshiriy Zubaydiy (vaf. 906/1501), Abul Futuh Ahmad ibn Muhammad Halabiy Halaviy (vaf. 1195/1781), Qutbiddin Abulvafo Umar ibn Muhammad Yofiy (vaf. 1233/1818), Ahmad ibn Muhammad (vaf. 1380/1960) ham “Birrul volidayn” nomli asarlar yozgan[3].

Imom Buxoriy yozgan asarlar orasida uning oʻzi “Birrul volidayn” deb nomlagan ixcham hadis kitobi borligiga hech qanday shubha yoʻq. Chunki, bu kitob uning qalamiga mansubligidan dalolat beradigan bir nechta dalil bor. Jumladan:

– “Birrul volidayn”ni uning shogirdi Ibn Dilluyah naql qilgan;

– hadis rivoyat qilgan bir guruh roviylarning oʻz silsilasi va shayxlari haqida soʻz yuritganida Imom Buxoriyni ham tilga olgani, buning Imom Buxoriyga yetib boradigan muttasil sanadlari mavjudligi;

– Bir qancha ulamolar Imom Buxoriyning tarjimai holini yozganda mazkur kitob uning qalamiga mansubligini zikr qilgani;

– Ulamolar oʻz asarlarida bu kitobni zikr etganda Imom Buxoriyga nisbat bergani.

Hadis ulamolari ittifoq qilganidek, “Birrul volidayn”ni Imom Buxoriydan naql qilgan shaxs Ibn Dilluyahdir. Zero, ular asardagi isnodlarni aynan u orqali kitobning oʻziga qadar olib boradi va uni rivoyat qilguvchi shaxs sifatida Dilluyahni tilga oladi.

Imom Buxoriyning mazkur asari joriy 2014 yili nashrdan chiqarilgan qadimiy qoʻlyozmalardan hisoblanadi. Uni Bassam ibn Abdulkarim Hamzaviy va Abdulʼatiy Muhyi Sharqoviy tahqiq va tadqiq qilgan[4]. Ular kitobning qoʻlyozmasi toʻgʻrisida fikr yuritganda, bu Muhammad Abdulhay Kattoniyga tegishli Kattoniyya kutubxonasida saqlanayotgan yagona nusxa ekanini aytib, nashrga tayyorlashda aynan shunga asoslanganini taʼkidlagan. Sharqoviy qoʻshimcha ravishda bu yagona nusxa emasligi, Liviyadagi Ilmiy tadqiqot harakatlari markazida 1545-raqam ostida yana bir qoʻlyozma mavjudligi, lekin uni tadqiq qilish imkoni boʻlmaganini aytgan[5].

Qoʻlyozmaning ilk sahifasida

كتاب بر الوالدين تأليف الإمام

 أبي عبد لله كتب إسماعيل إبراهيم البخاري

رواية أبي بكر محمد بن أحمد دلويه عنه

رواية أبي يعلى حمزة بن عبد العزيز المهلبي عنه

 

المكتبة الكتانية لمالكها محمد عبد الحي الكتاني بفاس

“Birrul volidayn” kitobi Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohimning asari.

Bu kitobni undan Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Dilluyah rivoyat qilgan.

Muhammad ibn Ahmad ibn Dilluyahdan Abu Yaʼlo Hamza ibn Abdulaziz Muhallabiy[6] rivoyat qilgan.

Muhammad Abdulhay Kattoniyga tegishli Fos shahridagi Kattoniyya kutubxonasi, yozuvlarini oʻqish mumkin.

Keyingi sahifa:

Bu sahifa “Birrul volidayn” kitobidagi hadislarni Muhammad ibn Ismoil Buxoriy Abu Abdulloh Joʻfiydan 328/940 yilda Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Dilluyah Daqqoq, undan Abu Yaʼlo Hamza ibn Abdulaziz Muhallabiy rivoyat qilgani toʻgʻrisidagi maʼlumot bilan boshlangan.

Asarning asli Damashqda boʻlib, Abdulhay Kattoniy uni Muhammad ibn Muhammad Muborak Hasaniy Jazoiriy Damashqiy[7]dan olgan. Koʻchiruvchi xattot Muhammad ibn Muhammad Husayniy Halabiy[8] boʻlib, kitob oxirida yozilganidek, hijriy 887/1482 yili yozib tugatgan.

Qoʻlyozma nusxaning soʻnggi sahifasi

 “Bu (nusxa)ni ojiz banda Muhammad ibn Muhammad Mansur ibn Ali Husayniy Halabiy 887/1482 yilning 28 shavvolida Qohiradagi Al-Azhar jomesining tepasida oʻzi uchun olib qoʻydi. Alloh bu yurtni himoyasiga olsin. Allohim, sayyidimiz Muhammadga, u zotning olu asʼhoblariga salavotlar yuborgin!” mazmunidagi yozuv bilan nihoyalangan.

Shuningdek, unga Muhammad Abdulhay Kattoniy oʻz qoʻli bilan ushbu iboralarni yozgan:

“Bu kitobni fozil alloma Muhammad ibn Ahmad Ismoiliy Zarhuniy[9] kamina Muhammad Abdulhay Kattoniyning qoʻlida Kattoma[10] qasrida tinglab oldi. Bu 1324/1906 yilning rabius soniy oyida, hajdan qaytayotganimda men bilan koʻrishish uchun oʻsha yerga kelgan vaqtda boʻldi”.

Yuqoridagi maʼlumotlarga asoslanib aytish mumkinki, bu kamyob nusxa biri boʻlib, ehtimol, bugungi kunda islom olamida yagonadir. Undagi hadislarning ayrimlari Hofiz Ibn Hajarning nusxasida ham mavjud. Bu esa mana shu nusxaning aniqligini quvvatlaydi.

Lekin muallif, nusxa koʻchiruvchi va asar oʻqib berilgan shaxslarning tarixlari orasida tafovutlar bor. Bassam ibn Abdulkarim Hamzaviy: “Men oʻqib chiqqanimda anglab yetdimki, undagi iboralar bir-biridan farq qiladi. Masalan, taxminan birinchi yarmi asarning nomiga uygʻun va aloqador. Chunki, ota-onaga yaxshilik haqida gap ketgan. Ikkinchi yarmiga keladigan boʻlsak, garchi, undagi iboralarning aksar qismini shu mavzuga aloqador deyish uchun biroz taʼvil qilish mumkin boʻlsa-da, ular ota-onaga yaxshilik mavzusidan juda ham yiroq. Bu narsa, ayniqsa, nusxa koʻchiruvchining vafot etgan sanasi juda ham keyingi davrga toʻgʻri kelayotgani menda bu nusxaning sobitligi borasida shubha uygʻotdi. Keyinroq asarning birinchi va ikkinchi yarmida Imom Buxoriyning “Birrul volidayn” kitobida kelgan iboralarni ayrim imomlar rivoyat va naql qilganini koʻrdim. Ana shu naqllar bu nusxadagi iboralarga muvofiq kelishini koʻrib, koʻnglim taskin topdi va bu nusxaning sobitligiga ishonchim komil boʻldi”[11].

“Birrul volidayn” bir necha yoʻllar bilan rivoyat qilingan boʻlsa-da, barchasi Ibn Dilluyahga borib taqaladi. Undan bir guruh roviylar, jumladan, birinchilardan boʻlib Muhallabiy “Birrul volidayn” kitobini rivoyat qilgan. Undan Abu Bakr Ahmad ibn Ali ibn Abdulloh ibn Umar ibn Xalaf Sheroziy Nishopuriy (tugʻ.398/1105), Abu Abdulloh Hokim, Hamza Muhallabiy, Abu Bakr ibn Favrak, Abu Abdurrahmon Sulamiy va ularning tabaqalarida boʻlgan kishilar hadis tinglagan. Abu Bakr Sheroziydan Ibn Tohir Maqdisiy, Vajih Shahhomiy va Umar Saffor hadis rivoyat qilgan.

Darhaqiqat, ushbu kitobda rivoyat qilingan hadislar mazmunan har bir kitobxonning ishonchini, eʼtiqodini mustahkamlaydi, shu bilan birga, insonni maʼnaviy kamolotga daʼvat etadi. Shunday ekan, hadislar yoshlarimizning komil inson boʻlib shakllanishida muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, undan oiladagi muhitni sogʻlomlashtirish, ota-onalar haqlarini anglash, yoshlar tarbiyasi, jamiyatimizda ota-ona va farzand munosabatlarini toʻgʻri yoʻlga solish maqsadida foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
  1. Abdulʼatiy Muhyi Sharqoviy. “Birrul volidayn”. Misr. Dorul kutub misriyya.2014.
  2. Bassam ibn Abdulkarim Hamzaviy.“Birrul volidayn”. Magʻrib. Dorul hadisil kattoniyya. 2014.
  3. https://www.ahlalhdeeth.com/vb/showthread.php?t=123772
  4. https://ar.wikipedia.org/
  5. https://kfnl.gov.sa/Ar/RecentlyShelvedBooks/Pages/20180514-1.aspx
[1] Ibn Dilluyah – Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Dilluyah Daqqoq Nishopuriy. Abu Ali Ahmad ibn Hafs ibn Abdulloh Sulamiy, Abul Azhar Ahmad ibn Azhar ibn Maniʼ va Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan hadis tinglagan. Hijriy 329/941 yilda vafot etgan.
[2] Bassam ibn Abdulkarim Hamzaviy.“Birrul volidayn”. Magʻrib. Dorul hadisil kattoniyya. 2014. B.35.
[3] Oʻsha asar. B.28.
[4] Abdulʼatiy Muhyi Sharqoviy. “Birrul volidayn”. Misr. Dorul kutub misriyya.2014.B.21. // Bassam ibn Abdulkarim Hamzaviy.“Birrul volidayn”. Magʻrib. Dorul hadisil kattoniyya. 2014. B.35.
[5] Abdulʼatiy Muhyi Sharqoviy. “Birrul volidayn”. Misr. Dorul kutub misriyya.2014. B.21.
[6] Muhallabiy – ishonchli olim, Abu Yaʼlo Hamza ibn Abdulaziz Muhallabiy Nishopuriy boʻlib, u kishi Muhammad ibn Ahmad ibn Dilluyahdan hadis eshitgan. Xususan, Imom Buxoriyning “Birrul volidayn” kitobini koʻproq taxminlarga koʻra, 328/1008 yili Nishopur shahrida eshitgan. Muhallabiydan Abu Abdulloh Hokim, Abu Bakr Bayhaqiy, Muhammad ibn Ismoil Taflisiy, Abu Bakr ibn Xalaf va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. Muhallabiy hijriy 406/1015 yilda vafot etgan.
[7] Hijriy 1263 yili Bayrutda tavallud topgan va hijriy 1330 yili Damashqda vafot etgan.
[8] Ushbu “Birrul volidayn” qoʻlyozmasining nusxa koʻchiruvchisi – Sayyid Sharif Roziyuddin Abu Bakr va Abu Jaʼfar Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Hoshim ibn Mansur Husayniy, Muvsaviy, Halabiy, Hanbaliy boʻlib, Oʻzining otasiga oʻxshab Ibn Mansur nomi bilan mashhur boʻlgan. 863/1459 yili tavallud topgan. 895/1490 yillarda hayot boʻlgan.
[9] U – buyuk alloma Muhammad ibn Ahmad ibn Idris Alaviy Zarhuniy boʻlib, hijriy 1288/1871 yilning Safar oyida Zarhunda tavallud topgan. Unga sayyid Jaʼfar, uning oʻgʻli sayyid Muhammad, sayyid Abdulkabir va uning oʻgʻli sayyid Abdulhay Kattoniylar, Habib Husayn Habashiy, Tahomiy Kanun va boshqalar “Birrul volidayn” kitobini rivoyat qilishga ijozat berishgan.
[10] Hozirda bu joy “Katta qasr” nomi bilan mashhurdir.
[11] Bassam ibn Abdulkarim Hamzaviy.“Birrul volidayn”. Magʻrib. Dorul hadis al-kattoniyya. 2014. B.36.
Barot AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTONDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNING  IJTIMOIY-SIYOSIY ASOSLARI

Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, …