Home / HADIS / INSON VAFOTIDAN SOʻNG SAVOB YETIB TURADIGAN AMALLAR

INSON VAFOTIDAN SOʻNG SAVOB YETIB TURADIGAN AMALLAR

Bir hadis sharhi

 Hayot insonga tuhfa etilgan eng katta neʼmat va imkoniyatdir. Shunday ekan, hayotlik vaqtida bu imkoniyatdan oqilona foydalanib umrining oxiriga qadar xayrli amallarni koʻp-koʻp qilishi kerak. U vafot etdimi, endi uning uchun imkoniyatlar eshigi yopiladi. Lekin shunday amallar ham borki, inson vafotidan soʻng uning savobi qiyomatga qadar yetib turadi.

 Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etsa, uning amali toʻxtaydi, lekin uch narsadan: manfaat olinadigan ilm, sadaqai joriya yoki haqqiga duo qiladigan solih farzanddan davom etadi”, dedilar”(Imom Muslim rivoyati).  

Ushbu hadis ulkan maʼnoni oʻz ichiga qamrab olgan boʻlib uni kengroq sharhlaymiz.

  1. Foydali ilm.

Insonni ilm yoʻlini tutishi, imon va eʼtiqod bilan jamiyat uchun foydali kitoblar yozishi, shogirdlar yetishtirishi ulkan saodatdir. Qoldirgan foydali ilmi tufayli vafot etganidan keyin ham unga savob yetib turadi.

  1. Sadaqai joriya.

Ilm dargohlari barpo etish, muhtojlarga uy-joy qurib berish, koʻpriklar bino qilish, olis hududlarga suv chiqarib berish ulkan savobdir. Bu ishlar ham islom taʼlimotida sadaqai joriya (savobi doim yetib turadigan xayrli amal) sanaladi. 

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Ular yengillikda ham, ogʻirlikda ham nafaqa qiladiganlardir… Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi”[1]deydi.

Kalbiy bu oyat haqida “Ular qiyinchilik holatida ham, osonlikda ham mollaridan infoq-ehson qiladiganlardir”, degan.

  1. Haqqiga duo qiladigan solih farzand.

Neʼmatlar orasida eng ulugʻi, albatta, farzanddir. Uni chiroyli tarbiya qilib, halol luqma yedirish, kasbli qilib jamiyatga qoʻshguniga qadar, ota-onadan katta sabr-matonat talab etiladi. Bu mashaqqatlarga chidab kelgan yoshi ulugʻ ota-ona endi undan mehr, yaxshiliklar kutib yashaydi. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz!”[2]deydi. Demak, ularga yaxshilik qilish, bemor boʻlsa davolatish, koʻngillariga qarash farzandning zimmasidagi burchlardandir.  

Vaqt-soati yetib ota-ona vafot etsa ham, ularning farzand zimmasida bir qancha haqlari boʻladi:

  1. Alloh taolodan ularni jannatga kiritishni soʻrab duo qilish;
  2. Hayoti dunyoda bilib-bilmasdan qilgan gunohlarini kechirishini soʻrab iltijo qilish;
  3. Ortidan qolgan yaqin qarindosh-urugʻlari, yor-birodarlari bilan yaqin munosabatda boʻlib, silai rahmni mustahkamlash ham ota-onaning ruhlarini shod etadi.

Demak, kim yuqorida keltirilgan hadisni oʻrganib, uni hayotga tatbiq etsa, Yaratganning inoyatiga erishish baxtiga muyassar boʻladi.  Rabbimiz hammamizga doimo ilm yoʻlida sobit boʻlib, xayrli amallarda bardavomlikni saqlashni hamda ota-onalarimizga xizmat qilib, duolarini olib yurishni nasib aylasin!

[1] Oli Imron surasi, 134-oyat.
[2] Niso surasi, 36-oyat.
Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …