Home / FOTO LAVHALAR / BUXORODAGI TADBIRLAR VILOYAT TUMANLARIGA KOʻCHDI

BUXORODAGI TADBIRLAR VILOYAT TUMANLARIGA KOʻCHDI

Avval xabar qilganimizdek, Markaz ilmiy xodimlari ayni kunlarda Buxoro viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari va mahallalarda “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida targʻibot tadbirlarini tashkil etib kelmoqda.

Shunday anjumanlardan biri Kogon tumanidagi “Beklar” MFY yoshlari va faollari bilan oʻtkazildi. Unda ilmiy xodimlar Sh.Umarov va S.Abduvoitov yigʻilganlarga mamlakatimizda vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlash yoʻnalishida olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va samarasi haqida maʼlumot berdi. Uchrashuvda soʻnggi paytlarda internet orqali kuzatilayotgan turli axborot tahdidlari va ularning salbiy ijtimoiy oqibatlari ham tilga olindi.

Buxoro tumanidagi “Saxovat” MFYda mahalla ahliga ijtimoiy tarmoqlarda urchib borayotgan turli daʼvolar va ular ortida turgan kimsalarning buzuq niyati haqida tushunchalar berildi. Maʼruzachilar ogohlikka daʼvat etib, farzandlarni bu kabi xurujlardan koʻproq bilim berish orqali asrashga chaqirdi.

Kogondagi “Oʻzbekiston” MFYda tashkil etilgan tadbirda ilmiy xodimlar J.Jumayev va A.Mamadaliyev yigʻilganlarni jaholatning axborot asrida uchrayotgan zamonaviy koʻrinishlari, dinni niqob qilib, manfur niyatlarini amalga oshirish istagida boʻlgan gʻarazli kuchlardan ogoh etdi. Bunday xurujlarga qarshi faqat ilm bilan, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish yagona yoʻl ekani taʼkidlandi.

Buxoro tumanidagi “Yangiturmush” MFYda ham uchrashuv tashkil etilib, unda davlat va din munosabatlari, yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohot natijalari xususida soʻz bordi. Dinimizni notoʻgʻri talqin qilish, ayniqsa, yoshlarni yoʻldan ozdirish yoʻlidagi ayrim hatti-harakatlar qattiq qoralandi va mafkuraviy immunitetni oshirishning muhim ahamiyati qayd etildi.

Tadbirlarda asosiy eʼtibor xalqimizning azaliy qadriyatlari va milliy mentalitetimizga xos urf-odatlar asosida oʻzlikni asrash, dinning ezgulik va tinchlikparvarlik gʻoyalariga yoʻgʻrilgan asl mohiyatini chuqurroq anglash va jaholatga qarshi munosib kurashish uchun muttasil ilm egallash zaruratiga qaratildi.

Joylarda Markaz tomonidan nashr etilgan yangi adabiyotlar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …