Home / FOTO LAVHALAR / ISLOM – TINCHLIK TARAFDORI

ISLOM – TINCHLIK TARAFDORI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Tunis fan, sanʼat va adabiyot akademiyasining sobiq Prezidenti, Tunis universiteti faxriy professori Abdulmajid Sharfiy tashrif buyurdi.

   

Mehmonni Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev va direktor Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Turayev kutib olib, Markaz va muzey faoliyati bilan tanishtirdi.

Tashrif doirasida ilmiy xodimlar uchun “Qurʼon – dunyoni anglashda insoniyatning buyuk intellektual vositasi” mavzusida ilmiy uchrashuv tashkil etildi. Unda islom tafakkurini oʻrganish boʻyicha yetuk mutaxassis, “Islom va hozirgi zamon” turkumidagi bir necha kitoblar muallifi, koʻplab xalqaro jurnallarning tahrir hayʼati aʼzosi, prof. Abdulmajid Sharfiy mavzu yuzasidan maʼruza qildi.

Maʼruzachi islomni asl holatida saqlashning oʻziga xos jihatlari, dinga siyosiy tus berilishining salbiy oqibatlari hamda bagʻrikenglik gʻoyasining umumeʼtirof etilgan tamoyillariga asosiy eʼtibor qaratib, bugungi kunda islom ummati oldida turgan muhim vazifalarni sanab oʻtdi. Taʼkidlanganidek, inson hur va erkindir. Islomning qatʼiy hukmi ham shu. Bu din barcha zamon va makonda tinchlik tarafdori boʻlib kelgan. Islomni bilmoqchi, haqiqatni anglamoqchi boʻlgan kishi Qurʼoni karimga murojaat qilishi kerak. Qurʼonni bilgan atrof-muhitga, oʻzi yashayotgan borliqqa tinch muomalada boʻladi.

Shimoliy Afrikaning yetuk olimi Tunis davlatida diniy eʼtiqod masalalari, fan va taʼlim sohasiga oid qiziqarli maʼlumotlar bilan ham oʻrtoqlashdi.

Uchrashuv qizgʻin savol-javob va muhokamalar bilan oʻtdi.

Tadbir yakunida mehmonga Markaz nashrlaridan namunalar taqdim etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz olimi – yirik anjumanda

Bugun, 24-aprel kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi …