Home / FOTO LAVHALAR / QOZOGʻISTONLIK OLIMLAR – MARKAZDA

QOZOGʻISTONLIK OLIMLAR – MARKAZDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qozogʻiston Respublikasi Fanlar akademiyasi R.Suleymanov nomidagi Sharqshunoslik instituti Bosh direktori prof. dr. Duken Masimxanuli boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Mehmonlar bilan muloqot chogʻida Markaz direktori dr. Shovosil Ziyodov ushbu muassasaning taʼsis etilish tarixi, maqsad va vazifalari, bugungi kunda olib borayotgan ilmiy faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi. Sharqshunoslik sohasida yurtimizda toʻplangan tarixiy tajriba, shuningdek, Qozogʻistondagi ilmiy muassasa va markazlar bilan hamkorlikda bugungacha amalga oshirilgan qoʻshma loyihalar toʻgʻrisida soʻzladi.

Qozogʻistonlik olimlar yurtimizda soʻnggi yillarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar Oʻzbekiston xalqining hayotida, koʻrk ochib borayotgan shahar va qishloqlarimiz qiyofasida, yangi manzara kasb etayotgan muqaddas qadamjolarda yaqqol aks etayotganini taʼkidladi. Mamlakatimizda ilm-fanga yuksak darajada eʼtibor qaratilayotganiga guvoh boʻlganini qayd etdi.

Tomonlar Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlari taʼlim va fan sohalarida, ajdodlar merosini oʻrganish va targʻib etish borasida ham izchil rivojlanib borayotganidan mamnuniyat bildirib, bu yoʻnalishda hali ishga solinmagan imkoniyatlardan kengroq foydalanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Tashrif davomida ilmiy delegatsiya aʼzolari Markaz muzeyi, kutubxona va uning fondi bilan tanishdi.

Ayni paytda qozogʻistonlik olimlar tashrifi davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …