Home / MAQOLALAR / TARIXIY MANBALARDA BUYUK TЕMUR SIYMOSINING YORITILISHI

TARIXIY MANBALARDA BUYUK TЕMUR SIYMOSINING YORITILISHI

Uni jahon miqyosida ulkan iz qoldirgan buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda ekanligini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. Muhtaram Birinchi prezidentimiz Islom Karimov tashabbuslari bilan 1996 yilning Amir Temur yili deb eʼlon qilinishi va shu yili buyuk bobokalonimiz tavalludining 660 yilligining mamlakatimizda hamda UNESCO tashabbusi bilan butun dunyo miqyosida keng nishonlanishi, jahon ahlining bu zotga, uning ulugʻvor ishlariga bildirgan cheksiz hurmati va eʼzozidir. Temur turkiy barlos urugʻining biylaridan boʻlmish Muhammad Taragʻay va Buxoro shariat qonunlari sharhlovchisining qizi Takina Mohbegimlarning farzandi boʻlib, 1336 yilda Shahrisabzga yaqin Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida tavallud topgan. Uning toʻliq ismi Sohibqiron Amir Temur ibn Amir Taragʻay ibn Amir Burqul (1).

Mazkur davrga oid ilk manbalardan biri bu fiqhshunos olim Gʻiyosiddin Ali ibn al-Islom Yazdiyning “Roʻznomayi Gʻazavoti Hindiston” asari hisoblanadi. Ushbu “Kundalik” oʻzida Amir Temurning Hindistonga yurishi masalalarini qamrab olgan boʻlib, u hukmdorning shaxsiy topshirigʻi bilan 1399-1403 yillar oraligʻida yozilgan. Bu asardagi maxsus bobda Sohibqironning hokimiyatga kelishi, uning harbiy yurishlari, xususan Moʻgʻuliston, Xorazm, Mozandron, Ozarbayjon yerlarining tobe boʻlishi masalalari ham yoritiladi. Amir Temur davrini yoritgan yana bir tarixiy manba Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asari hisoblanadi. U saroy tarixchisi sifatida nom chiqargan edi. “Zafarnoma” asari bizning davrimizga qadar ikki tahrirda yetib kelgan. Undagi voqealar 1404 yilgacha boʻlgan voqealarni qamrab oladi. Asar 1937 yilda F.Tauer tomonidan Yevropada ilk bor chex tilida chop etilgan (2).

Amir Temurning hayot faoliyati, jasorati nafaqat oʻzbek olimlari tomonidan, balki yevropalik tarixchilar tomonidan ham katta qiziqish bilan oʻrganildi. Xususan, XIX asrda yashagan fransiyalik Marsel Brionning “Amir Temur” nomli kitobi 1942 yilda eʼlon qilingan. U Sohibqironni tarixda oʻchmas iz qoldirgan boshqa yurtboshilarga taqqoslaydi: “Yevropalik yoxud Osiyolik muarrixlarning solnomalarini oʻrganar ekanmiz, koʻz oʻngimizda Temurning boshqa fotihlar va saltanatlar asoschilaridan ancha murakkab , ziddiyatlarga toʻla qiyofasi namoyon boʻladi. U oʻz yurishlarida ayrim lahzalarida kuch ishlatadi, rahm-shafqat ham koʻrsatadi. U Aleksandr Makedonskiy kabi oʻzi zabt etgan oʻlkalar fani, madaniyati sanʼatining shaydosi boʻlgan. U oʻzi yuritgan mohir siyosati tufayli uni Ispaniya qiroli Filipp II ga va Fransiya qiroli Karl V ga  taqqoslash mumkin. U Pyotr I va Lyudovik XIV kabi uzoqni koʻra biladigan davlat arbobi boʻlgan va saltanati poytaxtini yuksak did va nafosat bilan bunyod etgan(4).

Brionning fikricha “Temurning poytaxti va saroylarining hashamatli bezaklari ajnabiy hukmdorlar va elchilarni maftun etgan, Sohibqiron ularni boy kiyimboshi, yaltiuroq qurol-yarogʻi, sermaʼno va nafis nutqi bilan lol qoldiradi. U oqsuvar moʻynasidantikilib, javohirlar bilan bezatilgan telpak kiyib yurar, salla oʻrashni amal etmagandi” deya taʼkidlagan(5). Oʻz navbatida Temur olimlar, ulamolar, shoirlar va sanʼatkorlarni oʻz himoyasiga olar, ularga gʻamxoʻrlik qilardi. Yuqorida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Marsel Brion Amir temurning siyosiy faoliyati bilan birga uning tashqi koʻrinishini ham yoritgan.                                                                                                

    Amir Temurga bagʻishlangan manbalardan yana biri Xofizu Abroʻning “Zubdat at-tavorix” asari boʻlib, u “dunyo yaratilganligidan» to 1427 yilgacha boʻlgan tarixiy davrni qamrab oladi. U oʻz asarida Shomiy asari matnlarini ham kiritgan. Unda keltirilgan maʼlumotlar boshqa asarlarda uchramaydi. Masalan, Amir Temurning Samarqand yaqinidagi sugʻorish ishlarini amalga oshirganligi hamda Sohibqironning soʻnggi kunlari haqidagi maʼlumotlarni koʻrishimiz mumkin(6). Shuning bilan birga Amir Temurning oʻzi ham hayot faoliyatiga bagʻishlangan “Temur tuzuklari” asarini yozgan. Unda saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan boʻlgay yana bir qismi esa bilib-bilmaslikka, koʻrib-koʻrmaslikka solish bilan bitur. Tadbirlarda ogoh qilingandan keyin shuni aytish joizdirkim, qatʼiylik, hushyorlik, ehtiyotkorlik va sabr-chidam bilan barcha ishlar amalga oshirilgay, Vassalom(7).

Yuqorida keltirilgan fikrlardan biz Amir Taragʻayning yuksak aql sohibi, qatʼiyatli inson ekanligini bilishimiz mumkin. Hamisha xalq gʻamini, yurt gʻamini oʻylab yashagan Sohibqiron oʻlkamizni dunyoning eng qudratli saltanatiga aylantirdi. Shuning uchun ham uning nomi VII asrdan buyon unutilmay, ulugʻlanib kelmoqda. Mustaqillik yillarimizda shoʻrolar davrida qoralangan Amir Temur nomi tiklandi. Bobokalonimizning “Adolat va ozodlik –dasturingiz, rahbaringiz boʻlsin” degan dono oʻgitlarini doimo yodimizda saqlashimiz, amal qilishimiz kerak!

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Q.Usmonov, M.Sodiqov, S.Burxonova. Oʻzbekiston tarixi. –T.: Iqtisod-moliya”, 2016. 152-bet
  2. B.J.Eshov, A.A.Odilov. Oʻzbekiston tarixi. –T. 2016. 7-bet
  3. Marsel Brion. Amir Temur. –T. 2018. 5-bet
  4. Marsel Brion. Amir Temur. –T. 2018. 6-bet
  5. Marsel Brion. Amir Temur. –T. 2018. 80-81-bet
  6. B.J.Eshov, A.A.Odilov. Oʻzbekiston tarixi. –T. 2016. 9-bet

 

Xursanoy SULTONOVA,
Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika  
universiteti Tarix fakulteti  1-bosqich talabasi

Check Also

OʻZBEKISTONDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNING  IJTIMOIY-SIYOSIY ASOSLARI

Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, …