Home / ALLOMALAR / ZAYNIDDIN ABU FAZOYIL ABU IBROHIM ISMOIL IBN HASAN JURJONIY(1045/1111)

ZAYNIDDIN ABU FAZOYIL ABU IBROHIM ISMOIL IBN HASAN JURJONIY(1045/1111)

Xorazmshohlar saroyidagi fozillar uyida tabobat ilmi bilan shugʻullangan olimlardan biri Abu Ibrohim Ismoil ibn Hasan Jurjoniydir. U 1045 yilda Jurjon (Kaspiy dengizi janubida joylashgan shahar)da tavallud topgan. Jurjoniy 1111 yilda Xorazmshohlar poytaxti Gurganjga koʻchib to umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Xorazmshohlar saroyida shifokor tabib boʻlib ishlash bilan birga saroy qoshidagi fozillar uyida tabobat ilmi boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan. Jurjoniy oʻz ijodida Ibn Sino va Abu Bakr Roziy asarlaridan koʻp foydalangan, ularni oʻziga ustoz deb bilgan. Ustozlarning ilmiy gʻoyalarini oʻz bilimi va tajribasi bilan boyitib, tibbiyotga doir koʻpgina asarlar yozib qoldirgan. Shulardan bizgacha yetib kelgan asari eng mashhur “Zahirai Xorazmshohiy” nomi bilan yuritiladi. Bundan tashqari olimning tibbiyotga doir arab va fors tilida yozilgan “Tabobat vazifalari va oliy tadqiqotlar (“Al-agʻroz at-tibbiya val mabohis al-alohiya”), “Tabobat fanining qaymoqlari” (“Zubdat fit tibb”), “Tabobat sanʼatida eng sharafli esdalik kitob” (“at-Tazkirat al-ashrafiya fi sinoat at-tibbiya”) va boshqa asarlari bor. Olimning fors tilida yozilgan “Xorazmshoh zahirasi” (“Zahirayi Xorazmshohiy”) asari oʻz mazumuniga koʻra qomusiy asar boʻlib, u kirish soʻzi va 9 bobdan iborat. Kitob Qutbiddin Muhammad (1097-1127) ga bagʻishlab yozilgan.

“Zahirayi Xorazmshohiy” kitobining soʻz boshida muallif Xorazmning oʻsha davrdagi tabiiy iqlim sharoiti, tabiat bilan insonning oʻzaro munosabatlari, ekologik muhitning sogʻliqqa taʼsiri haqida ilmiy asoslangan fikrlarni bayon qilgan. Ismoil Jurjoniy ushbu asarni faqat tabobat mutaxassislari uchun emas, oddiy fuqarolarning foydalanishini ham hisobga olib, sodda va tushunarli tarzda yozgan.

Asarning birinchi va ikkinchi boblarida tibbiyot fani va uning ahamiyati, inson organizmi anatomiyasi, inson badanidagi har bir aʼzoning oʻziga xos faoliyati, insonda sodir boʻladigan kasalliklar hamda ularni aniqlash usullari haqida soʻz yuritiladi.

Uchinchi va beshinchi boblarida insonlarda yuz beradigan kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlari, atrof muhit musaffoligini saqlash, kasallikni aniqlash usullari, tutqanoq kasali, uning belgilari va bu kasalga chalingan bemorlarni davolash usullari va boshqa masalalar haqida maʼlumotlar va maslahatlar beriladi.
Kitobning qolgan boblarida inson organizmidagi turli xil ogʻriqlar, shuningdek chiqish, sinish, turli yaralar va boshqa jarohatlar, ularni davolash usullari, zaharlanishga qarshi chora-tadbirlar haqida nazariy va amaliy maʼlumotlar keltirilgan.

Olimning “Zahirayi Xorazmshohiy” asari Sharq mamlakatlaridagi tibbiyot xodimlari orasida juda keng tarqalgan. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida ushbu asarning XVII-XIX asrda koʻchirilgan qoʻlyozma nusxasi mavjud. “Zahirayi Xorazmshohiy” va boshqa asarlari Sharq mamlakatlari tibbiyot xodimlari qoʻlida hozirgi kunda ham nodir qoʻllanma sifatida xizmat qilib kelmoqda. 1965 yil Tehronda Jurjoniyning “Zahirayi Xorazmshohiy” asarining birinchi jildi nashrdan chiqarilgan. Tabobat ilmining noyob asari boʻlgan “Zahirayi Xorazmshohiy” ning oʻzbek tilidagi izohli tarjimasini tayyorlash Respublikamiz olimlari oldida turgan dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

I.Daurbekova, D.Halimova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”dagi
maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …