Home / ALLOMALAR / ABU NAJIB SHIHOBIDDIN AMIQ BUXORIY

ABU NAJIB SHIHOBIDDIN AMIQ BUXORIY

(vaf.543/1149)

Buxoriy nisbasi bilan tarixda qolgan shaxslardan biri shoir Amiq Buxoriydir. Allomaning toʻliq ismi Abu Najib Shihobiddin Amiq Buxoriy. U dastlabki ilmni Buxorodagi ulamolardan tahsil olgan. Falsafa, matematika, astronomiya va adabiyotning yetuk bilimdoni boʻlgan. Amiq Buxoriy 1068 yil Samarqandga boradi. Nuktadon shoir bu yerda Qoraxoniy xonlaridan Hizrxon (1080-1081 y) saroyida katta ehtiromga sazovor boʻlib, “Amirush shuaro” unvonini olgan shoirlardan biriga aylanadi.

Shuningdek, alloma saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjarning ham iltifotiga sazovor boʻlgan. Sulton Sanjar 1129 yilda vafot etgan qizi Mohmalak Xotunga atab marsiya yozdirish uchun Movarounnahrdan Amiq Buxoriyni saroyga chaqiradi. U hukmdorning taklifini bajarib, qiziga atab marsiya yozib beradi. Qasidadan mutaassir boʻlgan Sulton Sanjar unga yuksak darajada ehtirom koʻrsatadi.

Uning keyingi hayoti va vafoti haqida maʼlumotlar manbalarda uchramaydi.

Bundan xulosa qilish mumkinki, alloma keyinchalik noʼmalum sabablarga koʻra jamiyatdan uzoqlashib, yolgʻiz yashagan.

Shoirning yetti ming tashbehlardan iborat devoni va sheʼrlaridan faqat baʼzi parchalargina saqlanib qolgan. Uning sheʼrlarini Said Nafisiy 1960 yil “Devoni Amiq Buxoriy” nomi bilan nashr ettirgan. Devon 806 baytdan iborat, shundan 614 bayt Amiq Buxoriyga tegishli deyiladi. Chunki u yerda keltirilgan qasidalardagi tarixiy shaxslar shoir yashagan davrga toʻgʻri kelgan. Qasidalarda Shamsulmulk Nasr ibn Tamgʻachxon, Ibrohim ibn Nasr, Hizrxon ibn Ibrohim, Ahmad ibn Hizrxon, Mahmudxon ibn Shamsulmulk Nasr, Rukniddin Abu Muzaffar Tamgʻachxon Masʼud ibn Hasan, Qodirxon Jabroil ibn Umar ibn Ahmad, Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon, Abu Maoliy Hasan Takin Qilich Tamgʻach ibn Ali ibn Dovud va Sulton Sanjar singlisining oʻgʻli Rukniddin Mahmud ibn Muhammad ibn Sulaymon kabi bir necha hukmdor va davlat arboblarining nomlari madh etilib keltirilgan. U Qoraxoniylar hukmdorlarining hurmat va eʼtiboridagi shoir boʻlgani uchun boshqa shoirlar uni ehtirom qilishlari shart boʻlgan.

Amiqiyning Sharq adabiyotida keng tarqalgan sanʼatlardan biri “oʻxshatish” sanʼatini qoʻllashda yuksak mahoratga ega boʻlgan. Shuning uchun ustozi Anvariy uni “Ustozu suhon” deb atagan.

I.Daurbekova, D.Halimova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”dagi maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …