Home / MAQOLALAR / ISLOM SIYOSAT ILMI RIVOJIDA IBN MUQAFFA ASARLARINING ROLI

ISLOM SIYOSAT ILMI RIVOJIDA IBN MUQAFFA ASARLARINING ROLI

Islom dini, uning muqaddas manbalari goʻzal boshqaruv va odilona siyosat yuritishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Azal-azaldan davlat va jamiyatni adolat qonun-qoidalari asosida idora qilish, odil hukmdor gʻoyasi islom mutafakkirlari ijodida asosiy bahs mavzusi boʻlib kelgan. Chunki jamiyat hayotida vujudga kelishi mumkin boʻlgan aksariyat muammolar toʻgʻri siyosat yuritmaslik, boshqaruvda yoʻl qoʻyiladigan xatolar natijasi sifatida eʼtirof etib kelinadi. Shu nuqtai nazardan islom siyosat ilmi jamiyat tepasida turuvchi boshqaruvchilarni adolatga, halollikka, oqillikka chorlab kelgan. Musulmon olimlari ham oʻzlarining bebaho, durdona asarlari orqali islom siyosat ilmi rivojiga bemisl hissa qoʻshganlar.

Shunday mutafakkirlardan biri, keyingi davr tadqiqotchilari tomonidan islom siyosat ilmining bilimdon vakillaridan biri sifatida eʼtirof etib kelinuvchi olim, tarjimon va islohotchi faylasuf Abu Muhammad Abdulloh ibn Muqaffadir. Ibn Muqaffaning hayot va faoliyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, islom tarixining eng notinch, oʻtish bosqichida yashaganligiga guvoh boʻlamiz. Zero, u yashagan VIII asr islom davlatchiligi tarixida siyosiy voqealarga, xilma-xilliklarga boyligi bilan xarakterlanadi. Aynan shu asrning oʻrtalariga kelib davlatning siyosiy hayotida turli ixtiloflar, ziddiyatlar avj oldi, jamiyat qatlamlari orasidagi ziddiyatlar kuchaydi. Buning natijasida hukmron Umaviylar sulolasining hukmronligi barham topdi. Tarix sahnasiga yangi sulola, Paygʻambar Muhammad alayhissalom avlodlari – Abbosiylar chiqib keldi. Davlat va jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi bu kabi oʻzgarishlar ibn Muqaffa dunyoqarashining shakllanishiga katta taʼsir qildi. Maʼlumki, ibn Muqaffaning asosiy faoliyati kotiblik boʻlib, dastlab umaviy hukmdorlar saroylarida, keyinchalik esa abbosiylar xonadoni vakillarining saroylarida xizmat qildi[1]. Ibn Muqaffaning kotiblik faoliyati uning siyosat ilmini chuqur oʻrganishiga, davlat hayotidagi siyosiy jarayonlarga xolisona baho berishiga yordam berdi. Shuningdek, hokimiyat almashinuvining jonli guvohi sifatida hokimiyat tanazzuliga sabab boʻluvchi holatlar, davlat taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi chora-tadbirlarni tahlil qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Kotiblik faoliyatidan tashqari ibn Muqaffa fors tilidagi kitoblarni arab tiliga mahorat bilan tarjima qiluvchi oʻz davrining mahoratli tarjimonlaridan biri sifatida tanildi. U oʻz davrida fors tiliga tarjima qilingan Aristotelning mantiq va siyosat ilmiga doir asarlarini, hindlarning mashhur donishmandlik durdonasi “Kalila va Dimna” dostonini, forslarning davlatchilik tarixidan hikoya qiluvchi “Xudoynoma”, “Kitob at-toj” kabi asarlarni arab tiliga tarjima qildi. Oʻz navbatida bu asarlarning arab tiliga tarjima qilinishi islom siyosat ilmining boshqa xalqlar siyosiy bilimlari, davlatchilik asoslari, boshqaruv sanʼatiga doir yutuqlari bilan boyishiga xizmat qildi. Jumladan, davlatni devonlar orqali boshqarish tizimi fors davlatchiligi tajribasi asosida islom davlatchiligiga joriy qilingan boʻlib, keyinchalik davlatni devonlar orqali idora etish islom davlatchiligining ajralmas xususiyatlaridan biriga aylandi[2].

Umuman olganda, saroy muhitiga yaqinlik, davlatni idora qiluvchilar bilan oʻrnatilgan doʻstona munosabatlar, tarjima sanʼatidagi mahorat ibn Muqaffaga siyosat sanʼati borasidagi durdona gʻoyalarga boy boʻlgan “al-Adab al-kabir”, “al-Adab as-sagʻir”, “Risola as-sahoba” kabi asarlar yozishiga yordam berdi. “Al-Adab al-kabir” asari birinchi navbatda sulton va voliylar, amaldor va mulozimlar amal qilishi lozim boʻlgan maslahatlar majmuasidan iborat asar boʻlib, uning hukmdorlar uchun oʻziga xos oyna vazifasini bajaruvchi nasihatlar toʻplami sifatida talqin qilish maqsadga muvofiqdir. “Al-Adab al-kabir” asarini tahlil qiladigan boʻlsak, asarni islom siyosat ilmining durdonasi sifatida talqin qilish mumkin. Mazkur asar ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qism “Boshqaruv odobi” deb nomlanadi. Ushbu qismda mutafakkir davlatni idora qiluvchilar, voliylar, saroy mulozimlari va amaldorlari rioya qilishi lozim boʻlgan masalalar yuzasidan oʻz tavsiya va takliflarini bayon etadi. Eʼtibor beradigan boʻlsak, ibn Muqaffa ushbu asari orqali siyosat ilmining axloq ilmi bilan chambarchas aloqador ekanligini, davlatni idora qilishga talabgor inson siyosat ilmi bilan bir qatorda, axloq ilmini ham mukammal darajada bilishi lozimligini koʻrsatib berishga harakat qilganligini koʻramiz. Jumladan, mutafakkir sultonni baxillik, maddohlikdan yiroq, yolgʻon, gʻazab, shoshqaloqlik, adolatsizlik kabi illatlardan xoli boʻlishi lozim boʻlgan shaxs sifatida tasavvur qiladi. Hukmdor hokimiyatining mustahkamligiga raxna soluvchi asosiy illatlardan biri sifatida maddohlikni keltirgan mutafakkir hukmdorga ushbu nuqsonga yoʻl quymaslikni maslahat beradi:

“Xudo haqqi, agar sen hukmdor boʻlsang hamda maqtov va laganbardorlikni sevuvchi boʻlsang, xalqing esa bu haqida bilib qolsa, ularda senga nisbatan boʻlgan ishonchda yoriq paydo boʻla boshlaydi, senga nisbatan turli tuhmat, igʻvo soʻzlar tarqalib, odamlar sening ustingdan kula boshlaydilar. Bilginki, maqtovni xush koʻruvchi inson xuddi oʻzini oʻzi maqtayotgan kishi kabidir. Maqtovga uchmaydigan, uni rad etishga harakat qiladigan inson haqiqiy maqtovga loyiqdir. Shunday ekan, maqtovni rad etuvchi inson — unga haqiqiy maʼnodagi munosib inson, maqtovni xush koʻruvchi, uni qabul qiluvchi esa nuqsonli, odob-axloqida kamchiligi bor insondir”[3].

Siyosat ilmi tarixidan maʼlumki, aynan maddohlik, yaʼni hukmdorga xos boʻlmagan sifatlarni nisbat bergan holda maqtash boshqaruvchining davlatni toʻgʻri idora etishiga xalaqit qiluvchi illatdir. Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy taʼbiri bilan aytganda: “poraning eng xavfli koʻrinishlaridan biri ham maddohlik”dir[4].

Ibn Muqaffaning siyosat sanʼati borasidagi diqqatga sazovor gʻoyalaridan biri davlat boshqaruvida din omilining muhimligiga eʼtibor qaratilganligidir. Zero, din oʻzining integrativlik funksiyasidan kelib chiqib, davlat birligiga, jamiyat birlashuviga xizmat quluvchi hodisadir. Din omilining siyosiy jarayonlardagi taʼsirini toʻgʻri anglagan olimning bu mavzudagi quyidagi fikrlari diqqatga molik:

“Din arboblari, olijanob insonlarning har bir viloyat, qishloq va qabiladagi obroʻ-eʼtibori, hurmatini yaxshi bilgan holda, ularni oʻzingning birodarlaring, yaqin doʻst va yordamchilaringga, ishonchli insonlaringga aylantirishga harakat qilgin. Sen ularni oʻzing uchun xavf-xatar deb bilma. Chunki buning natijasida odamlarda senga maʼqul tushmaydigan turli fikrlar paydo boʻladi. Cening fazilat ahlidan maslahat soʻrashing xalqda boshqalar fikriga muhtoj ekanliging borasidagi turli fikrlar keltirib chiqarishidan qoʻrqma”[5].

Ibn Muqaffaning siyosiy fikrlari, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotini isloh qilishga qaratilgan gʻoyalari uning “Risola as-sahoba” nomli moʻjaz risolasida ham jamlangan. Ushbu risola hajman kichik boʻlsada, maʼno-mazmun jihatidan nihoyatda bebaho gʻoyalarga boyligi bilan bugungi kunga qadar koʻplab tadqiqotlar uchun asos boʻlib xizmat qilib kelmoqda. Risolada ibn Muqaffa islom jamiyati rahbari – amir ul-moʻmininga murojaat qilib, uni davlatni munosib tarzda boshqarishga, qoʻshinni ham harbiy, ham axloqiy jihatdan isloh etishga, huquq tizimidagi ixtiloflarni qonunlarni kodifikatsiya qilish orqali bartaraf qilishga, soliq tizimini isloh qilishga, yerdan foydalanish tizimini tartibga solishga chaqiradi[6].

Ibn Muqaffa asarlaridagi siyosiy tavsiyalarning markazida turuvchi gʻoyalardan biri davlat muassasalari, boshqaruv organlari uchun munosib nomzodlarni tanlay bilish zaruriyatidir. Aynan toʻgʻri tanlangan xizmatchi davlat taraqqiyotiga, unda barcha sohalar rivojiga xizmat qiladi. Zero, toʻgʻri va oqilona tarzda tanlangan bitta xizmatchi yuzaki ishonchga asoslanib tanlangan mingta xizmatchi bilan barobardir. Kimki toʻgʻri tanlangan mulozimlardan boʻlsa, uning oʻzi ham kelgusida xizmatchilarni toʻgʻri tanlay oladi. Natijada siyosiy hokimiyat tizimida toʻgʻri tanlangan xizmatchilar soni yuqori darajaga koʻtariladi. Kimki xizmatchilarni faqatgina yuzaki ishonchga yoki aniq meʼyorlarga asoslanmagan holda tanlasa, uning hokimiyati asosi mustahkam boʻlmaydi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, ibn Muqaffa islom jamiyati ijtimoiy-siyosiy jabhalarda duch kelgan muammolarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan holda, bu borada ishonchli xulosalar chiqardi. Natijada davlat siyosatini tartibga solishda dasturulamal boʻlib xizmat qiluvchi bir qancha nodir asarlar va risolalar yozdi. Bu asarlar esa keyingi davr olimlari tomonidan qizgʻin bahs va munozaralar mavzusi boʻlib xizmat qildi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Abdulloh ibn al-Muqaffa. Al-Adab as-sagʻir va al-adab al-kabir. – Bayrut: Dor Bayrut, 1977. – 139 b.
  2. Abdulloh ibn al-Muqaffa. Asar ibn al-Muqaffa. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1989. – 344 b.
  3. Abu Abdulloh Muhammad Gahsiyari. Kitob al-vuzaro va al-kuttob. – Bayrut: Dor al-fikr al-hadis, 1988. – 216 b.
  4. Kristensen Artur. Eron dar zamoni Sosoniyon. Rashid Yosimiy tarjimasi. – Tehron: Sadoi maosir, 1965. – 464 b.
  5. Said Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy. Maorif. – Tehron: Tehron universiteti, 1967. – 235 b.

Sarvar SAIDOV
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Abu Abdulloh Muhammad Gahsiyari. Kitob al-vuzaro va al-kuttob. – Bayrut: Dor al-fikr al-hadis, 1988. – B. 71.
[2] Kristensen Artur. Eron dar zamoni Sosoniyon. Rashid Yosimiy tarjimasi. – Tehron: Sadoi maosir, 1965. – B. 106.
[3] Abdulloh ibn al-Muqaffa. Al-Adab as-sagʻir va al-adab al-kabir. – Bayrut: Dor Bayrut, 1977. – B. 69.
[4] Said Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy. Maorif. – Tehron: Tehron universiteti, 1967. – B. 127.
[5] Abdulloh ibn al-Muqaffa. Al-Adab as-sagʻir va al-adab al-kabir. – Bayrut: Dor Bayrut, 1977. – B. 70.
[6] Abdulloh ibn al-Muqaffa. Asar ibn al-Muqaffa. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1989. – 344 b.

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …