Home / MAQOLALAR / OBID NAMANGONIY ZAMONASI HAQIDA (“Tuhfat ul-obidin va anis ul-oshiqin” bayozi asosida)

OBID NAMANGONIY ZAMONASI HAQIDA (“Tuhfat ul-obidin va anis ul-oshiqin” bayozi asosida)

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, madaniy oʻzgarishlar oʻzbek adabiyotiga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Oʻzbek adabiy harakatiga yangi yoʻnalishlar, yangi rux, yangi mavzular kirib keldi. Bu davrda oʻzbek adabiyotida yangi nomlar paydo boʻldi va ularning ijodi vaqtli matbuotda yoritilib borildi. Ularning koʻplari bayozlar, toʻplamlar, devonlar holida chop etildi. Ana shu davr mahsuli boʻlgan “Armugʻoni Xislat”, “Turkiy Guliston yoxud axloq”, “Bayozi Haziniy”, “Tuhfai Shavkat”, “Majmuai shoiron”, “Bayozi Miriy”, “Bayozi Nodim”, “Bayozi Kamiy”, “Haft shuaro”, “Bayozi Tabibiy”, “Tazkirai shuaro” kabi koʻpgina bayozlar va toʻplamlar qatorida hali nashr etilmagan va oʻrganilmagan “Tuhfat-ul obidin va anis ul-oshiqin” (“Obidlar tuhfasi va oshiqlar ulfati”) bayozi ham alohida ahamiyatga ega[1].

Bizning qoʻlimizda mavjud boʻlgan “Tuhfat-ul obidin va anis ul-oshiqin” (quyida qisqartirib: “Tuhfat ul-obidin” deb ataymiz) bayozi 1326 hijriy – 1908 melodiy yilda Toshkentda Mulla Hasan Orifjonov litografiyasida (toshbosmasida) chop etilgan.

Bayozning oxirida oʻsha davrning xarakteristikasini ifodalovchi Obid Namangoniyning “Muxammas ul-Obid ʻala-l-Majrux fiy ahvoli ahli zamon (Zamon ahlining ahvoli haqidagi Majruhning gʻazaliga Obidning muxammasi)” deb nomlanuvchi muxammasi alohida eʼtiborga molikdir. Muxammasning nomlanishi ham “Zamon ahlining ahvoli” deb yuritiladi. Ushbu muxammasda Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy ahvol mahorat bilan bayon etilgan va sharhlab berilgan boʻlib, aruzning goʻzal namunasi desa boʻladi. Jumladan, Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy ahvol, turlicha tartib va nizomlarning gʻayrimilliy va gʻayridiniy koʻrinishdaligi hamda ularning oqibatlari haqida gap boradi. Muxammas shunday boshlanadi:

Boʻldilar bizlarga nosih befarosatlar chiqib,
Amri maʼruf aylashurlar betahoratlar chiqib,
Maslahatdon boʻldi necha bezakovatlar chiqib,
Boʻldi Fargʻona elikim gʻayri sunʼatlar chiqib,
Turfa tartibu nizomu oʻzga bidʼatlar chiqib[2].

Turfa tartib va qoidalar hamda shariatdan tashqari bidʼatlar joriy etilib, oʻzlari befarosat boʻlgani holda, bizga nasihat beruvchilar koʻpaydi, deb noliydi shoir. Betahoratlar (bu yerda gʻayrimusulmonlar nazarda tutilgan – M.S.) kelib bizga amru maʼruf qiluvchilar, “adab oʻrgatuvchilar” koʻpayganini, aqlsiz nodonlar kelib aql oʻrgatishini va Fargʻona eli shunday kishilar qoʻli ostida qolganini afsus bilan bayon etadi.

Oʻsha davrda mahalliy millatlarni boʻysundirish uchun ularni diniy eʼtiqodidan va milliy maʼnaviyatidan mahrum qilish kerakligi chor Rossiyasi siyosatining Markaziy Osiyoga nisbatan bunday yoʻli amalda joriy etilganligini muxammasdagi fikrlar tizimi orqali bilib olamiz. Muxammasni oʻqiganimiz sari islom dinining qadriga putur yeta boshlagani, odamlarda hamiyat, yaʼni din uchun or-nomusni    saqlash, uning rivoji uchun mashaqqat chekish qolmagani, kishilarda bir-birovga birodarlik nishonalari kamayib borayotganligi haqidagi manzaralar tasavvurimizda gavdalanadi:

Baʼzilar masjid aro ermas xudo uchun muqim,
Madrasa ichra mudarris vaqfi uchun mustaqim,
Gar oʻzi lutf aylamas boʻlsa xudovandi Karim,
Mavja kelturdi zinovu fisqni bahrigakim,
Zohiri zohidsifat ahli sharoratlar chiqib[3].

Bu misralarda Obid Namangoniy tashqi koʻrinishdangina taqvodor odamlar, yaʼni munofiqlar chiqib, masjidga qatnash ham shunchaki, koʻz-koʻz uchun, madrasalarda mudarrislar tolibi ilmlarga saboq berish uchun emas, balki madrasaning yeri va undan keladigan daromad uchun domlalik qilib yurganliklarini achinish bilan qalamga olgan. Shu tufayli, zinokorlik va fisqu-fasod dengizi mavj urib boshladi. Bu esa millat taqdirining inqirozga yuz tutishiga olib keladi.

Muxammasda milliy musulmon maktabida tahsil olmagan savodsiz, maʼrifatsiz johillar paydo boʻlib, ular dinu diyonat, shariat, maʼrifat kabi qadriyatlarimiz tanazzuliga sabab boʻlganligini, yaʼni kishilar dilida gunoh ishlarga moyillik paydo qilgani, odamlarda ichi qoralik, hasad, fisqu-fasod kabi yaramas illatlar avj olgani, natijada islom dini anqoning urugʻidek, yoʻqolib ketish darajasiga kelib qolganini tanqid ostiga olingan.

Oʻzi munofiq, mazhabining tayini yoʻq, kishining haqidan qoʻrqmaydigan, tashqi koʻrinishi imomu aslida ichki dunyosi gʻarib, bediyonat, oʻgʻri odamlar shariatga peshvo boʻlganligidan afsuslanadi Obid Namangoniy. Oʻsha zamonda shunday bir toifa odamlar paydo boʻladiki, oʻzlarini goʻyoki Iskandar Zulqarnayn deb biladilar. Aslida bularning qilmishlari xayru saxovat qilish oʻrniga sudxoʻrlik orqasidan boylik orttirish, amallari faqat yulgʻunchilikdan iborat ekanligining real manzarasi beriladi muxammasda:

Aylagung ixlos toʻxtovsiz koʻrib diydorini,
Qaysi mazhabdin xalifa deb munofiq oʻgʻrini,
Haqi mardumdin hazar qilmas, nadur bilmam dinini,
Xonaqohda raqs urub oldi nechani kafshini,
Botini kizbu xiyonat ahli suhbatlar chiqib[4].

Oʻsha davrda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahvoli shu darajaga yetdiki, pulparastlik barcha muqaddas narsalardan, hattoki, ota-onadan, ilmdan, el ichra eʼzozda boʻlgan paygʻambar avlodlarini hurmatlashdan yuqori turar edi. Balki pul uchun ilmli, fozil kishilarni haqoratlash, ota-onalarni behurmat qilish, gʻayridinlarni eʼzozlash ustun boʻlib qolganligini muxammas ruhiyatidan bilib olamiz. Obid Namangoniy imon-eʼtiqod, axloq, diyonat va maʼrifat bilan uygʻunligini, din asrlar osha kishilarni halollikka, rostgoʻylikka, kamtarlikka, mehr-muruvvatga, saxovatga chorlab kelganligini aytib oʻtadi:

Xoja, mulloni haqorat aylagaylar pul uchun,
Ilm odobini gʻorat aylagaylar pul uchun,
Volidaynni tarki izzat aylagaylar pul uchun,
Kesmagan hinduni izzat aylagaylar pul uchun,
El arosida otangan ahli izzatlar chiqib[5]

Diniy qadriyatlarning tanazzulini koʻrgan Obid Namangoniy musulmonlarni undan saqlanishga daʼvat etadi, hamisha xudo yoʻlida boʻlishga, qalbni xudoning maʼrifati bilan bezashga chaqiradi, gunoh ishlardan parhez qilishga daʼvat etadi.

Maʼlumki, XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida butun Turkiston oʻlkasida xudosizlik (ateizm – M.S.) dunyoqarashining kishilar ongida jadal ildiz ota boshlagan davrdir. Bu davrda hokimiyat tepasiga Xudodan qoʻrqmaydigan “ahli donishlar” kelib, koʻngliga kelgan nomaʼqul ishlarni islom dini nomidan targʻib qilar, yangi tartib-qoidalar oʻylab topar va xalqqa zulm qilar edi. Muxammasda ushbu jarayonning tadrijiy rivojlanish bosqichlarini koʻrishimiz mumkin:

Bu Ali Sino erur hayron zamon tazvirigʻa,
Kor eturlarkim, yetib boʻlmas ani taʼbirigʻa,
Aldabon shayton elin band aylagay zanjirigʻa,
Hech nayrang oʻxshamas bu xalqning tazvirigʻa,
Ushlatur shayton yaqosin ahli sanʼatlar chiqib.
 
Yaxshiliq qilsang kima qayda sanga sud aylagay,
Qaydagi ulfatlaring dilshodu xushnud aylagay,
San vafo qilsang, jafolar birla nobud aylagay,
Yetmagan aqli shayotin ishni mavjud aylagay,
Qoʻrqmagan qahri Xudodan ahli hikmatlar chiqib[6].

Nihoyat, muxammas oxirida muallif ajalga hiyla va boshqa tadbirlar (pora berib, mansab berib uzr soʻrash va b. – M.S.) kor qilmasligini, har kim oʻz aʼmoliga yarasha ajrim olishi, gunohkorlar ham, moʻmin bandalar ham xudoning nazaridan chetda emasligi va oxir-oqibat barchaning bu foniy dunyodan bir-bir ketishi muqarrarligini uqtiradi. Oʻlim – haq, demak bu foniy dunyoda kishilar ezgulikni koʻpaytirishi kerak, degan xulosaga keladi Obid Namangoniy. Ushbu muxammasda mustamlakachilikning ilk paytlarida musulmonlar yurtini oʻzgalar oyoq osti qilganlari va xalqni dinu diyonatdan, milliy qadriyatidan, maʼnaviyatidan mahrum qilinganining badiiy ifodasi oʻz aksini topgan. Shoir diniy qadriyatlarni saqlab qoluvchi vatanparvar inson sifatida gavdalanadi.

Foydalanilgan adabiyot:
  1. Tuhfat ul-obidin va anis ul-oshiqin. – Toshkent: Orifjonov toshbosmasi, 1908. – 192 sahifa.
Madrahim SAFARBOYEV,
falsafa fanlari nomzodi, dotsent

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …