Home / ALLOMALAR / UBAYDULLOH IBN MASʼUD BUXORIYNING FIQH ILMIGA QOʻSHGAN HISSASI

UBAYDULLOH IBN MASʼUD BUXORIYNING FIQH ILMIGA QOʻSHGAN HISSASI

IX-XII asrlarga kelib, Movarounnahr shaharlari barcha sohalarda oʻz rivojining yuksak pogʻonalariga koʻtarildi. Manbalarda uni “Uygʻonish davri” deb ham eʼtirof etildi. Islom dinining yuksak taʼlimot ekanini koʻrsatuvchi nodir manbalarning aksari ham ana shu asrlarda yaratildi.

Biroq XIII asr boshida moʻgʻullar butun Movarounnahrni egalladilar. Shaharga oʻt qoʻyilishi, daryo havzalari ochib, aholi mavzelariga suv bostirilishi, olimlarning qatl etilishi, hunarmandlarning uzoq Moʻgʻulistonga ishchi kuchi sifatida haydab ketilishi, urushga yaroqli kishilarning majburan oʻz qoʻshinlari safiga jalb etilishi sabab, mintaqada aholi sonining keskin kamayib ketishiga olib keldi. Bu holat hududda ijtimoiy rivojlanishga asos boʻladigan ilmlarning va aholining kundalik turmushini maʼlum mezonlarga solib turuvchi fiqhiy asarlarning taqchilligi sabab boʻla boshladi. Islom ilmlari ichida ayni fiqh ilm esa bu mezonlarni tartibga solib, aholi oʻrtasida ijtimoiy ziddiyatlarni oldini olish va iqtisodiy tabaqalanishni oldini olishga sabab boʻluvchi omil edi. Shu boisdan mazkur sohaga aholining eʼtibori oshdi. Biroq aholining ziyoli yaʼni ilmli alloma va olimalari hamda ularning asarlari moʻgʻil bosqini tarafidan zarar yetkazilgan yoinki oddiy xalq oʻqiy olmaydigan holatda edi. Davr va makonning oʻzi esa bu sohada moʻjaz asarlarni tatbiq etuvchi fiqh allomalari va urush oqibat hamda uning ortidan tushayotgan soliqlarni toʻlovchi oddiy xalq uchun kamroq vaqt sarflab mutolaa qiladigan fiqhiy nodir asarlarni talab qila boshladi.

Qadimdan ilm –maʼrifat markazi boʻlgan Movarounnahr yana oʻz salohiyatini tiklay boshladi. Mana shunday ilmiy salohiyati yuqori qomusiy olimlardan biri Ubaydulloh ibn Masʼud Buxoriy edi. Bu zot fiqh sohasiga oʻz davri uchun taʼriflab boʻlmas hissa qoʻshdi desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Imomni bobosi imom Tojush-shariyʼa boʻlmish Mahmud bin Sadrush- shariyʼadan olgan. Sadrush-shariyʼa otasidan olgan, otasi ham Sadrush shariyʼa laqabli boʻlib, bu zot ham ilmni otasi Jamoluddin al-Mahbubiydan olgan. Bu esa, Shayxul-imom, Muftiy Imomzodadan olgan, u zot Imaduddin ismli ustozdan, u esa otasi Shamsul-aimma az-Zarnujariydan olgan, bu zot esa, as-Saraxsiydan, imom as-Saraxsiy al-Hilvoniydan u esa, Nasaflik Aliyning otasidan, bu zot Muhammad ibn Fazldan, u esa, as-Subazmuniydan, u esa, Abu Abdulloh ibn Abu Hafs al-Kabirdan olgan[1].

Ubaydulloh ibn Masʼud ajdodlaridan qolgan ilmiy asarlarni jamlab, nafis yodgorliklarni toʻplash bilan shugʻullanib keldi va bobosi taʼlif etgan asarni keyinchalik qisqartirib, muxtasar xolga keltirdi.Uning oila aʼzolari fiqh ilmini oʻz zamonasining eng zabardast olimlaridan olganlar. Bu avlodning fiqh ilmini oʻrganish silsilasi buxorolik atoqli faqih Abu Abdullo ibn Abu Hafs Kabirga borib etadi[2].

U kishining toʻliq ismlari Ubaydulloh Sodrush shariyʼa al-Asgʻar ibn Masʼud ibn Tojush shariyʼa Maxmud ibn Sodrush shariyʼa Ahmad ibn Jamoluddin Ubaydulloh al-Mahbubiy al-Buxoriydir. Bu allomaga bevosita oqilona baho berish albatta fiqh ilmi bilan bogʻliq. Xususan, Fiqh ilmining taʼrifiga kelsak.

“Fiqh” soʻzi lugʻatda daqiq fahmni, yaʼni bir narsani nozik joy-larigacha tushunishni anglatadi. Shariyʼat istilohida esa, “Sharʼiy dalillardan farʼiy hukmlarni chiqarishga fiqh deb aytiladi”.

Ushbu taʼrifdagi “sharʼiy dalil” deganimizda, asosan, Qurʼoni karim va Nabiyyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tushunamiz.

“Farʼiy hukmlar” esa, asliyning teskarisi, yaʼni shahobcha, kichik ahamiyatli, demakdir. Shariyʼatda esa, ibodatlar va muomalotni oʻz ichiga oluvchi hukmlardir. Shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham oʻz hadisi shariflarida dinda faqih boʻlishni yuqori baholaganlar.

عَنْ مُعاوِيَةَ رَضِيَ الله عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ يُرِدِ الله بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ ففي الدِيْنِ. رَوَاهُ الأَرْبَعَةِ

Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi”,- dedilar”.

Toʻrtovlari rivoyat qilishgan.

“Fiqh” soʻzidan kelib chiqqan holda shariyʼat hukmini daqiq joylarigacha tushunishni taʼminlaydigan ilm ham “fiqh” deyiladi. Ana shunday ilmiy malakaga ega boʻlgan odamni esa “faqih” deyiladi. Yuqoridagi taʼrif va hadislardan koʻrinib turibdiki, dinda faqih boʻlgan inson juda teran va dunyo qarshi keng inson ekan. Shundan maʼlumki nafaqat oʻz davrining balki bugungi aholining ijtimoiy munosabatlari hamda iqtisodiy muomalotlarida qoʻshgan hissasi beqiyos. Shu bilan birgalikda islom ilmlarida oʻz davri va bugungi kunda ham ilmiy bahslar hamda muammoli savollarga yechim boʻluvchi asarlari bilan xizmat qilmoqda.

Allomaning hayoti haqida juda koʻp maʼlumotlar yoʻq ilmiy ijodiga qaraganda. Bunga sabab chigʻatoy ulusining oʻsha davrdagi siyosiy va ijtimoiy tarqoqlik hamda baʼzi bir tarixiy sabablardir. Shunga qaramay olimning ilmiy ijodi va yozgan asarlari vositasi oʻlaroq bir soʻz aytish mumkin: Bobolari imom Tojush shariyʼa Mahmud ibn Sodrush shariyʼaning tarbiyalari natijasida mashhur alloma boʻlib etishdilar. Oʻsha davrda Buxoroda hukm surgan tahlikali vaziyat Sodrush shariya oilasini Xuroson tomonga, yaʼni Kirmon shahriga koʻchib kelishga majbur qildi. Ubaydulloh ibn Masʼud u yerda bobolari qoʻllarida taʼlim va tahsilni davom ettiradilar. Manbalardagi maʼlumotlarga koʻra bobolari Kirmon shahrida vafot etganlar. Keyinchalik u zot Kirmonni tashlab, oʻsha davrda Xurosonning yirik markazlaridan biri boʻlmish Hirot shahriga keladilar va ilmiy faoliyatlarini shu yerda davom ettiradilar. U kishining qalbi doimo ona vatan Buxoroga qaytish ilinjida boʻlgan.

Imom Sodrush shariyʼa Ubaydulloh ibn Masʼud al-Buxoriy (r.a) Buxoro shahrida, ilmu maʼrifat bulogʻi boʻlgan, oʻz bagʻrida yetuk faqih ulamolarni tarbiya etgan oilada tavallud topdilar. Sababiki: Ubaydulloh ibn Masʼud rahmatullohi alayhning nasablari ulugʻ sahobiy Uboda ibn Somit roziyallohu anhuga borib taqaladi. U kishiga “Ubodiy” nisbatining berilishi ham shu sababdandir. Ubaydulloh ibn Masʼudning nasabi haqida hindistonlik mashhur olim Abdulhay Laknaviyning yozishicha, Sayyid Ahmad-at-Tahoviyning shogirdi al-Mavlo Abdulmoʻmin ad-Dimyotiy “Taoliqu-l-anvor ala durri-l-muxtor” (“Durru-l-muxtor kitobiga yorqin hoshiyalar”) nomli asarida, uning nasabini sahoba Uboda ibn as-Somitga bogʻlaydi. U jumladan, bunday deb yozadi: “Ustozimiz Sayid Murtazo Husayn silsilasida” Sadrush-shariyʼaning nasabini quyidagidek zikr etilganini koʻrdim: Ubaydulloh ibn Maʼsud ibn Tojush-shariyʼa Mahmud ibn Sadrush-shariyʼa Ahmad ibn Jamoluddin Abdulkarim Ubaydulloh ibn Ibrohim ibn Ahmad ibn Abdulmalik Umar ibn Abdullaziz ibn Muhammad ibn Mahbub ibn al-Valid ibn Uboda ibn as-Somit al-Ansoriy al-Mahbubiydir. Shuningdek, ustozimiz uning nasabini “Buxoro tarixi”da koʻrganman degan.[3] ”Mahbubiy” nisbati ham bobolaridan birlariga borib taqaladi.

Sadrush-shariyʼa laqabi bilan mashhur boʻlib kelgan Ubaydulloh ibn Masʼud hanafiylar fiqhining porloq yulduzi hisoblanadi. Bobolari Tojush-shariyʼa laqabi bilan shuhrat qozongan Mahmud ibn Sadrush-shariyʼa edi. Bizga maʼlumki baʼzi manbalarda “Sodrush-shariyʼa al Asgʻar” “Kichik Sodrush-shariyʼa” laqablari bilan keladi. U kishining katta bobolarining laqabi ham Sodrush-shariyʼa boʻlib keladi nasablari sababidan. Shu sababdan farqlash uchun katta bobo “Sodrush-shariyʼa al Akbar” – “Katta Sodrush-shariyʼa”, nabira esa “Sodrush-shariyʼa al Asgʻar” – “Kichik Sodrush-shariyʼa” deb atalgan.

Baʼzi manbalarda ikkovlari “Sodrush-shariyʼa birinchi” va “Sodrush-shariyʼa ikkinchi” deb ham farqlangan. Ammo Sodrush-shariyʼa laqabi asosan Ubaydulloh ibn Masʼud al-Buxoriy rahmatullohi alayhga nisbatan ishlatilgan.

  U bobosi tarbiyasida kamol topib, Sharq falsafasi, kalom ilmi va tabiatga oid fanlarni oʻzlashtirib, fiqh ilmida katta alloma sifatida tanildi va hanafiy mazhabining atoqli va sermahsul olimlaridan biri boʻlib ijod qildi.

Imom sodrush shariyʼa Ubaydulloh ibn Masʼud Buxoriyning ustozlar silsilasi jihatidan Abu Hanifa rahmatullohi alayhga etib boradi. Quyidagi tartibda:

  1. Bobolari Tojush shariyʼa Mahmud ibn Sodrush-shariyʼa.
  2. Katta bobolari Ahmad ibn Jamoluddin.
  3. Jamoluddin Ubaydulloh al Mahbubiy.
  4. Shayx imom Muftiy Imomzoda.
  5. Shayx Imoduddin.
  6. Shamsul Aimma Zaranjariy.
  7. Imom Saraxsiy.
  8. Imom Halvoniy.
  9. Abu Ali Nasafiy.
  10. Imom Mahmud ibn Fazl.
  11. Imom Subazmuniy.
  12. Abdulloh ibn Abu Hafs Kabir.
  13. Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy.
  14. Imom Abu Hanifa.

Ustozlar silsilasidan koʻrinib turibdiki, Imom Sodrush-shariyʼa Ubaydulloh ibn Masʼud al-Buxoriy zamonasining koʻzga koʻringan allomalaridan boʻlib, ayniqsa usulul fiqh, furuʼul fiqh, xilof, jadal, hadis, nahv, lugʻat, adabiyot, ilmi kalom, mantiq kabi ilmlarda peshqadam boʻlganlar.

Imom Sodrush-shariyʼa Ubaydulloh ibn Masʼud al-Buxoriy bir qancha kitoblar taʼlif qilganlar. Ular quyidagilar:

  1. “Al-Vishoh”.
  2. “Taʼdilul ulum”.
  3. “Sharhul Viqoya”.
  4. “Al Muqaddimotul Arbaʼa”.
  5. “Ash-Shurut val Mahozir”.
  6. “At-Tanqiyh”.
  7. “At-Tavziyh”.

Imom Ubaydulloh ibn Masʼud hanafiy mazhabidagi mashhur usulul fiqh olimlaridan biridirlar. Bu imomning “At-Tanqiyh” deb atalgan kitoblari usulul fiqh sohasidagi moʻtabar kitoblardan hisoblanadi. Imom ibn Masʼud bu kitoblarini yozishni boshlashlari bilan imomning doʻst va birodarlari uning qoʻlyozmasidan ketma-ket koʻchirib bordilar. Natijada asar yozib tugallanishidan oldin tarqaldi. Koʻchirishda baʼzi xatolarga yoʻl qoʻyilgan edi. Imom ibn Masʼud bundan ogoh boʻlgach, “At-Tanqiyh”ga “At-Tavziyh fiy halli gʻavomiz at-Tanqiyh” nomli sharh yozdilar. Ushbu kitob usul ilmi boʻyicha shofiʼiy va hanafiy yoʻnalishlarini birlashtirib yozilgan muhim asar boʻlib, yirik olimlar tomonidan sharhlangan.

  1. “Niqoya Muxtasari Viqoya”.

Fiqh ilmida mashhur hamda hozirda madrasalarda darslik sifatida oʻqitilishga urf boʻlgan “muxtasar al-viqoya” asari “Nuqoya muxtasari viqoya” asaring ikkinchi mashhur boʻlgan nomlaridan. Hozir shu haqida biroz maʼlumot oʻrnida toʻxtalamiz. U zot bobosi yozgan “Viqoyatu-r-rivoya”ni arab tilida sharhlab, uni “Sharhu-l-viqoya” deb atadi. Bu kitob eng yaxshi va toʻliq sharh hisoblanadi. Shundan keyin baʼzi oʻquvchilarning “Viqoyatu-r-rivoya” kitobini oʻzlashtirib olishga qurbi etmayotganligini sezib, undagi eng zaruriy masalalarni tanlab olib, uni “An-Nuqoya” (“Qisqacha bayon”) yoki “Muxtasaru-l-viqoya” deb atadi.

Asarning muqaddimasida muallifning oʻzi bu haqida shunday deb yozadi:

 “Bobom Mahmud ibn Sadru-sh-shariyʼa mening fiqh ilmini yaxshi oʻrganishim uchun “Viqoyatu-r-rivoya fi masoili-l-Hidoya” kitobini tuzdi. Bu kitobdek soʻzlari moʻjaz, mazmuni aniq va toʻla ikkinchi bir kitobni zamon ahli koʻrgan emas. Men baʼzi bir toliblar himmati bu kitobni oʻrganib oʻzlashtirishga qodir emasligini sezib, zaruriy masalalarni tanlab olib, ushbu “Muxtasar” (“Qisqartirilgan kitob”)ni chiqardim. Har kim “Al-Hidoya”da keltirilgan masalalarni oʻrganib, oʻz xotirasida saqlamoqchi boʻlsa, “Viqoya” kitobini (bobom taʼlif etgan kitobni) oʻrganib olishga uringay. Shoshilib turgan, vaqti oz boʻlgan kishi men taʼlif etgan bu “Muxtasar” (“Muxtasaru-l-viqoya”)ni oʻrganishga tavajjuh qilgay”.

Shuningdek, “Al-Muqaddimotu-l-arbaʼa” (“Toʻrtta muqaddima”), “Taʼdiylu-l-ulum va-sh-shurut…” nomli asarlari ham katta eʼtibor va shuhrat kasb etib kelgan.

Zarkaliy bergan maʼlumotga koʻra, “Maʼoniy”(Adabiyotga oid) fanlar sohasida “Al-Vishoh”(“Boʻyinga taqiladigan bezak”)nomli kitob ham uning qalamiga mansubdir[4].

Hindistonlik mashhur olim Abdulhay Laknaviy “Muxtasaru-l-viqoya” muallifi Ubaydullo ibn Masʼudni “Barcha tomonidan qabul qilingan imom, shariyʼat qonunlarining soqchisi, asliy va farʼiy (juzʼiy) muammolar ustozi va qisqartiruvchisi, aqliy va naqliy (sharʼiy) fanlar olimi, faqih (huquqshunos), fiqh usullarining bilimdoni, mantiqiy, muhaddis (hadisshunos), mufassir, tilshunos, adib, mutakallim, buyuk qadru manzilat va yuksak maqom egasi, ilmu adab bilan toʻlib toshgan, majdu azamatni ota-bobolaridan meros qilib olgan zot edi”[5], – deb tanitadi.

Sadru-sh-shariyʼa ikkinchi Ubaydulloh ibn Masʼud 1346 yil hayotdan koʻz yumdi. Uning qabri ota-bobolarining abadiy makoni – Buxoroning Sherobod degan joyidadir.

Foydalanilgan adabiyotlar
  1. “Islom huquqshunosligi” Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniy. Hanafiy mazhabi va Oʻrta Osiyo faqihlari. “Toshkent islom universiteti” nashriyoti – 2002.
  2. “Kifoya sharhi muxtasorul viqoya”. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent – 2008.
  3. Abdulhasanot Muhammad Abdulhay al-Laknaviy. “Favoidul bahiyya fiy tarojim al-Hanafiyya”, Qozon: “Matbaatul xizona”. 1903, B. 57.
  4. Burhonuddin Margʻinoniy. Al – Hidoya. Abdulhay Laknaviy muqaddimasi bilan. Laknu, Hindiston: “Asaxxul-matobiʼ”, 1304 h.y.
  5. Joʻzjoniy A.Sh. Abu Mansur Motrudiy: gʻoyaviy birlik dargʻasi Sharq mashʼali, 2000, № 1-2.
  6. Joʻzjoniy A.Sh. Buxorolik faqihlar silsilasi Hayot va Qonun, 1994, №3.
  7. Joʻzjoniy A.Sh. Majmaul maqsud – nodir huquqiy manba: Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. 1996, 27 avgust.
  8. Joʻzjoniy A.Sh. Margʻinoniy va uning izdoshlari. Toshkent: TIU, 2000
  9. Joʻzjoniy A.Sh. Movarounnahr fiqh maktabi anʼanalari tarixidan. Oʻzbekiston ijtimoiy fanlar, 1994, №8.
  10. Ubaydulloh ibn Masʼud. Muxtasar. Tatarcha tarjimada oʻzbekcha tilida nashrga tayyorlovchilar: Rashid Zohid, Akram Dehqon. Toshkent: “Choʻlpon”, 1994.
  11. http://www.fiqh.uz.
Sirojiddin NABIJONOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining
islom sivilizatsiyasi (tarixi) yoʻnalishining 1-kurs magistranti

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …