Home / ALLOMALAR / BIZ BILGAN BOBURNING BIZ BILMAGAN JIHATLARI

BIZ BILGAN BOBURNING BIZ BILMAGAN JIHATLARI

Davlatimiz rahbari 2017 yil Andijonga qilgan tashrifida tarixiy-madaniy boyliklarimizni asrab-avaylab saqlash, uni ilmiy tadqiq etish borasida, xususan, ulugʻ shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratdi. Prezident 2017 yilni Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur yili deb eʼlon qildi[1]. Respublikamizda Bobur Mirzo hayoti va boburshunoslikka oid turli xil yoʻnalishlarda tadqiqotlar olib borilmoqda.

Xalqimiz oʻzining buyuk tarixi va ajdodlari bilan hamisha gʻururlanib keladi. Dunyoning qaysi burchagiga bormang, ajdodlarimiz merosiga roʻbaroʻ kelasiz. Ayniqsa, XIV-XV-asrlarda Markaziy Osiyoda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy muhit, jahon tamaddunida alohida sahifa boʻlib qoldi. Sohibqiron Amir Temur barpo etgan buyuk saltanatda ilm-maʼrifat, riyoziyot, astronomiya, adabiy muhit yanada ravnaq topdi. Temuriy shahzodalarning ilm-maʼrifatga katta eʼtibor qaragani tarixdan maʼlum. Astronomiya va falakiyotshunoslikda Mirzo Ulugʻbek oʻzidan katta meros qoldirgan boʻlsa, Temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzbek mumtoz adabiyoti, jugʻrofiya, tarix voqeligini muhrlashda katta mavqega erishdi. Yurtimizda Bobur hayoti va ijodini oʻrganish va uning merosini qayta jahonga tiklash boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Xalqaro “Bobur” jamoat fondining izlanishlari tahsinga loyiq.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan kunlardan boshlab ulugʻ ajdodimiz merosini tiklashga kirishdi. Aytish mumkinki, fond vakillari Temuriylar va Boburiylar oʻtgan yoʻllardan yurib katta ilmiy-madaniy boyliklarimiz boʻyicha aniq maʼlumotlarni toʻpladi. Afgʻoniston, Eron, Hindiston, Iroq, Rossiya, Xitoy mamlakatlari hududlarida mangu qoʻnim topgan ayrim buyuk ajdodlarimizning maqbaralari qayta tiklanib obod goʻshaga aylantirildi. Ekspeditsiya aʼzolari yillar mobaynida amalga oshirilgan izlanishlari natijasida Andijonda “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi barpo etildi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturida xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan oʻzbek davlatchiligiga oid dalillar va mumtoz adabiyotimiz namunalarining asl nusxalarini qaytarish asosiy ishlarimizdan biri ekanini taʼkidlagan edi. Davlat rahbarining oʻzbek xalqining tarixiy va madaniy boyliklari namunalarini Vatanga qaytarish toʻgʻrisidagi topshirigʻini bajarish doirasida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya Hindistonga tashrifi davomida Dehli shahrida Hindiston Milliy muzeyiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif davomida Hindiston Milliy muzeyi Bosh direktori Budha Rashmi Mani Oʻzbekiston delegatsiyasiga yuqorida qayd etilgan qoʻlyozma va miniatyura nusxalarini rasman topshirdi.

Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy-adabiy jamoatchilikka koʻproq shoir, adib, adabiyotshunos, zabardast sarkarda, jurʼatli davlat arbobi, noziktaʼb jamoat, madaniyat va ruhoniyat homiysi sifatida mashhurdir. Hammasi boʻlib qirq yetti yilgina yashash nasib etgan bir insonga shuncha fazilatu salohiyat qirralarini namoyish qilish muyassar boʻlganligining oʻzi undagi yuksak ilohiy marhamat va inoyatdan soʻzlaydi. “Bobur” – Zahiriddin Muhammadning adabiy taxallusi. Arab tilidan olingan bu soʻzning oʻzagi “babr” boʻlib, “yoʻlbars” ni anglatadi. Hayvonot olamida yoʻlbars zohiriy koʻrkamligi, botiniy qudrati va jurʼati bilan ajralib turadi.

Qadriyatlarimiz tarixida Zahiriddin Muhammad Boburning murakkab shaxs sifatida tilga olinishiga koʻnikib qolganmiz. Har gal adib nomini mashhur etgan “Boburnoma” asarini, dilbar gʻazallarini, mehr bilan tarjima qilgan Xoʻja Ahror Valining “Volidiya” asarini oʻqiganda shaxsiyatidagi zamondosh hukmdorlardan ustun jihatlarini koʻramiz, maqola, kitob va boshqa izlanishlarimizda Bobur shaxsining buyukligiga oid fikrlarni bildirib boramiz va bu qarashlarimizni toʻldirib borishga intilamiz. Ammo uning shaxsiyati naqadar murakkabligi, hali ayrim jihatlari xolisona aniqlanishi lozimligini ham sezamiz va bunga kirishishdan gohida andishaga boramiz.

Hind xalqining ulugʻ farzandi, katta davlat arbobi Javoharlaʼl Neru Bobur Mirzo va boburiylarning Hindistondagi faoliyati haqida toʻxtalib, “Bobur-dilbar shaxs, Uygʻonish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam boʻlgan. U sanʼatni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi koʻrardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq boʻlib, koʻp yaxshi fazilatga ega boʻlgan”[2] -deya baho bergan edi. Yaxshiroq mushohada qilib koʻraylik: Bobur Mirzo hind eli uchun bosqinchi edi. Ibrohim Loʻdiylarning boburiylarga qarshi jangi-vatanparvarlik tuygʻusining amaldagi nishonasidir. Bobur Mirzoning buyukligi shundaki, ana oʻsha tuygʻu mohiyatini yurakdan va toʻgʻri his qila oldi. Bosqinchilik hirsini olovlantira emas, balki soʻndira bordi. Jaholatga emas, ezgulikka, adolatga zoʻr berdi. Tagjoy aholining milliy gʻururi, udum va eʼtiqodiga monelik qilmadi. Imkon qadar vayronalikdan saqlanib, obodonlik yoʻlini kengaytirdi, muhtasham obida va bogʻlar bunyod etishni boshlab yubordi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Hindiston yerlarida oʻz davlatini qurgach, bu zaminda islom tamaddunining oʻziga xos taraqqiyoti kuzatildi. Olimlarning fikricha, Bobur va uning avlodlari temuriylar sulolasining munosib davomchilari sifatida ilm-fan rivoji yoʻlida ulkan ishlarni amalga oshirdilar. Xususan, bu davrda islom ilmlari yangi bosqichda rivojlana boshladi. Hanafiylik barobarida moturidiylik taʼlimoti ham hind musulmonlari tomonidan keng qabul qilindi. Hindiston diyori yirik hanafiy-moturidiy olimlarni oʻz bagʻrida kamolga yetkazdi.

Hind musulmonlari ilk davrlardanoq hanafiy mazhabiga amal qilib kelganlar. Ular islom dinini mazkur mazhab asosida taniganlar. Manbalarda qayd etilishicha, abbosiy xalifa Vosiq Hindiston musulmonlari haqida maʼlumot olib kelish uchun oʻz odamlarini yuborganda, unga bu yerdagi musulmonlarning barchasi hanafiy ekani haqida xabar berilgan. Boburiylar ham fiqhda hanafiy boʻlganlari uchun ularning davrida hanafiylik hind musulmonlari orasida rasmiy mazhab darajasiga koʻtarildi. Boburiylar tomonidan qozilik va muftiylik lavozimlariga hanafiy faqihlarning tayinlanishi hind diyorida hanafiylikning yanada chuqur ildiz otishini taʼminladi.

Boburiylar davlatidagi madrasalarda hanafiy mazhabiga oid fiqhiy kitoblar oʻqitilgan. Bular qatorida eng mashhurlari Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya”, Abul Barakot Nasafiyning “Manor”, Abul Usr Pazdaviyning “Usul”, Ubaydulloh ibn Masʼudning “Sharhul viqoya” kitoblarini sanab oʻtish mumkin. Mazkur asarlarning bari Movarounnahr faqihlari qalamiga mansub. Bu esa yurtimizda asos solingan ilmiy maktablarning Hindistonda islom ilmlari rivojiga taʼsiri qay darajada yuqori boʻlganiga yorqin dalildir.

Bobur Mirzoning ilohiyotga sidqu sadoqati tasodifiy emas. Shunday xulosani uning naqshbandiyaga eʼtiqodi xususida ham aytish mumkin. Hayot va taqdir chorrahalarida tang ahvolda qolgan, ruhiy yoxud jismoniy jihatdan nochor holatga tushgan sarkarda yuzni samoga buradi, munojot ila gʻaybiy qudratdan madad va najot tilaydi. Muhammad qiblasini topadi, sidqiy sajdaga tushadi, peshonasini tabarruk zaminga tekkizib, janobi Rasuli akramning marhamatiga umid bogʻlaydi. Xoʻja Axror Valiy nuroniy siymosini koʻz oldiga keltirarkan, hazrat bashoratlarining koʻmagiga mushtoqligini maʼlum qiladi.

Tarixiy kitoblarda Zahiriddin Muhammad Boburning shohlik, sarkardalik va olimlik isteʼdodidan tashqari islom diniga nisbatan qarashlari yaʼni fiqh ilmini mukammal bilgani ham keltiriladi. Jumladan, Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” (sevimli zotlar yodnomasi) asarida Bobur haqida bunday soʻzlar bor: Fiqh masalalarini yana bir risolada mubayyan qilganki, yozuvchisi donishmandligidan nishonadir. Turkiy va forsiyda yaxshi sheʼrlari bordir. Oʻshal fiqh risolaning nomi “Mubayyin” dir.

1521 yil Hindistonga yurishlari davrida Zahiriddin Muhammad Bobur “Mubayyin” asarini yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bagʻishlangan bu asarda Movarounnahr va Hindistonga oid oʻsha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti boʻyicha qiziqarli maʼlumotlar ham jamlangan. Valiahd Humoyun va Komron Mirzolarga dasturulamal sifatida moʻljallangan “Mubayyin”da, ayni zamonda, namoz, zakot va haj ziyorati toʻgʻrisida ham sharʼiy mezonlar bayon qilingan. Shu yillarda Bobur Sharq sheʼriyatining asosiy masalalaridan biri aruz vazni, uning nazariyasi va amaliyotiga oid ilmiy risolasini yakunlaydi.

Bobur Mirzo “Mubayyin”da eng muhim islomiy ilmlarni saralab oʻzining din olimi, faqih ekanini ham koʻrsatgan. Sovetlar davrida “Mubayyin” asari xalqdan yashirildi, faqat istiqlol yillari izohlar bilan nashr etildi. “Mubayyin” Hindiston yurishlari davrida, hijriy 928 (mil. 1521) yili sheʼriy yoʻlda tasnif etilgan. Asarda ahli sunnat val jamoat aqoidi ravshan bayon qilingan. Bobur bu asarni farzandlariga bagʻishlagan va butun kitobxonlarga yetkazishni orzu qilgan.

“Mubayyin” asari “Hamd” — Alloh taologa hamdu sano, “Naʼt” — Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning taʼriflari, “Kitob nazmining sababi” kabi kirish qismlardan va “Eʼtiqodiya”, “Kitobus salot” (“Namoz kitobi”), “Kitobuz zakot”, “Kitobul haj” kabi besh ruknga doir boblar hamda “Kitob xotimasi” boʻlimidan iborat.

Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari roʻyxatida bir sarlavhada taʼkid etganimiz nomning yoʻqligi sezgir oʻquvchilarni taajjubga solishi tayin. Darhaqiqat, “Kitob ul-haj” mustaqil asar sifatida hech yerda eslanmaydi. U “Mubayyin” tarkibida yashab keladi. Zahiriddin Bobur boshqa noyob fazilatlari qatorida komil musulmon ham edi. Bu zoti bokaram shaxsi atrofida qizgʻin janglar davom etgan qizil mafkura hukmronligi zamonida uning dinga munosabati va ilohiyotga doir asarlari xususida gapirish imkoniyatlari cheklangan edi. Yuqorida taʼkidlaganimdek, “Mubayyin” besh qism yoxud kitobdan tuzilgan boʻlib, “Kitob ul- haj” uning oxirgisidir. Asarning har bir kitobi musulmonchilikning bir rukni sharhiga bagʻishlangan.

Biz bilamizki, musulmon unvoniga sazovor boʻlmoq uchun uning kalimayi shahodat (Allohdan oʻzga iloh, ibodat qilishga loyiq zot yoʻqligiga va Muhammad (s.a.v) Alloh taoloning bandasi (toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish uchun yuborilgan) elchisi ekaniga guvohlik beraman), namoz, roʻza, zakot va haj kabi ruknlarini bajarmoq shart. Shulardan toʻrttasi farz (zaruriy), beshinchisi- haj esa jismoniy va iqtisodiy omillarga uzviy bogʻliqdir. Islom dinida adolat kuchli. Uning barcha farzu sunnatlari inson va uning sharafini himoya qilish, jismoniy hamda maʼnaviy kamolotni taʼminlashga qaratilgan, johillargina ana shu meʼyorni buzishlari , majburiylikka urgʻu berishlari mumkin. Zikri oʻtgan jihatlar taqozosiga koʻra salomatligi yoʻl azoblariga dosh beradigan, mablagʻi yetarli muslimu muslimalarga Kaʼba tavofini ado etadilar. Qurʼoni Karimda “Baqara” surasining oʻnta va “Haj” surasining oʻn ikkita oyati karimasida yetarli ifodasini topgan.

Ulugʻ maʼnaviy arbob Zahiriddin Muhammad Bobur ming karra haq. U oʻzidan muslimu muslimalar uchun katta xazina qoldirdi. Dilida qavat-qavat armonlari bilan foniy alamdan ketgan, ulkan maʼnaviy arbobning gardi endi mahzun va mushtoq diydalarga toʻtiyodir. Bugun ona yurtda uning shaxsi va asarlariga munosabatning tubdan oʻzgarganligi ulugʻ bir shukronaga boisdir.

Bugun zamonaviy Oʻzbekiston yangi yuksalish bosqichiga qadam qoʻygan ushbu davrda xalqimiz ulugʻ ajdodlari boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, uni dunyoga tarannum etish asnosida eng soʻnggi ilm-fan hamda kasb-hunar sirlarini oʻrganishga katta eʼtibor qaratmoqda. Ishonamizki, ushbu yoʻnalishdagi davlatimiz investitsiyasi yurtimizda Uchinchi Renessans davrining boʻy koʻrsatishiga poydevor boʻlajak. Shu maʼnoda, davrning turli talotoʻplari, ixtiloflariga duch kelsa-da, yuksak insoniy tuygʻularni saqlab qola olgan, dunyo ilm-fani, madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan shoh va shoir – Zahiriddin Muhammad Bobur nomi umrbod unutilmaydi. Shoir qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy meros, muhtasham meʼmoriy obidalar asrlar osha yosh avlodlarni ulugʻ maqsadlarga daʼvat etib, maʼnaviy kuch-quvvat manbai boʻlib qoladi.

Yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tariximizni, buyuk ajdodlarimiz merosini oʻrganish va ularni yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yoshlarni buyuk ajdodlar qoldirgan meros va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilyapti. Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari tomonidan qoldirilgan bebaho ilmiy va maʼnaviy-madaniy meros esa buyuk bobokalonlarimiz bilan faxrlanish, yurtni, Vatanni sevish tuygʻularini yanada joʻsh urdiradi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Bobur va uning ajdodlari bilan bogʻliq hali ochilmay qolayotgan masalalar, ularga tegishli tarixiy dalillar oz emas. Boburiylarning moddiy merosi sanalgan “Bobur devoni”ning esa qaytarilgani xalqimiz uchun ajoyib sovgʻa boʻldi. Boburning avlodlariga qoldirgan boy va bebaho merosi Markaziy Osiyo, hind, afgʻon xalqlari oʻrtasidagi uzviy halqa boʻlib keldi va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi.

Foydalanilgan adabiyotlar
  1. Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. T.: Oʻzbekiston, 2016. 53b
  2. Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan quramiz. T.: Oʻzbekiston, 2017 484 b
  3. Yangi Oʻzbekiston gazetasi 2022 yil 19 mart
  4. Vohidov R. Biz bilgan va bilmagan Bobur. Toshkent. 2008 yil.
  5. Olimov M. Oʻzbek boburshunosligi tarixidan. Oʻzbek tili va adabiyoti, 1989.
Foydalanilgan sayt
Gulhayo ISMOILOVA,
Oʻzbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi
Islomshunoslik fakulteti
Islom huquqi yoʻnalishi
3-kurs talabasi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …