Home / ALLOMALAR / SHAYX FAXRIDDIN IROQIY TAʼLIMOTI VA ALISHЕR NAVOIY

SHAYX FAXRIDDIN IROQIY TAʼLIMOTI VA ALISHЕR NAVOIY

Ulugʻ alloma, tasavvuf olimi va islom shoiri Faxriddin Iroqiy (1213-1289) Alisher Navoiyning maʼnaviy ustozlaridan biri sanaladi. Chunki Navoiy bu ulugʻ zotning “Lamaʼot” asarini katta ishtiyoq bilan mutolaa qilgan. Binobarin, Navoiyning iltimosi bilan Jomiy tomonidan yozilgan “Ashiʼat ul-lamaʼot” asari ham aynan Faxriddin Iroqiyning “Lamaʼot” nomli risolasiga maxsus sharhdir: “…“Ashiʼa” durkim, barqining taloloyidin xira koʻzlarga ochigʻliq va ulfat shamoili quds gulshanidin ruh dimogʻigʻa yetkurur”. “Maxdumi Nuran(Jomiy) bu xoksor(Navoiy) iltimosi bila ul kitob sharhida (“Lamaʼot”) “Ashiʼat”ni bitdilarki, mutolaa qilib maonidin fayz olgʻaylar va aning anfositin bu bilimda bilgʻaylar”.[1]

Chunonchi, Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asaridagi Shayx Faxriddin Iroqiyga bagʻishlangan maqolasini “Lamoʼat” sohibiridur”, degan taʼkiddan boshlagani ham bejiz emas. Negaki, oʻrta asrlarda bu kitob shayxning nomi kabi juda mashhur boʻlgan. Hatto “Majolis un-nafois”da yozilishicha, Bobur Qalandar nomi bilan tanilgan temuriy mirzo Abulqosim Bobur singari hukmdorlar ham ““Lamoʼat” mutolaasi bilan mashgʻul boʻlishgan.[2]

Sohibdevon Shayx Faxriddin Iroqiy katta shoir boʻlgan. Faxriddin Iroqiyning sheʼrlari ham oʻz davrida xalq orasida mashhur boʻlgan:

Dil shavqidan gul kabi ochilsa ishqdir,
Zehning yana ishq ramzini bilsa ishqdir.
Oʻzingga oʻzingni begona qilsa ishqdir,
Boshingdan uning lutfi sochilsa ishqdir.[3]

Navoiy “Mahbub ul-qulub”da ham shayxni “benazir va yagona, millat va dinning faxri boʻlmish Shayx Iroqiydirkim, soʻzlarida maʼnolar, jumlalarida fikrlar porlab turgan asarlar egasidir”,[4]deb taʼriflagan.

Ulki fano kuyida boqiy edi,
Faxri zamon Shayxi Iroqiy edi.
Koʻngli aning maxzani asrori ishq,
Nutqi aning abri guharbori ishq.
Ishq oʻtidin anga muxammar sirisht,
Ishq hurufidin anga sarnavisht.
Lek bu ishq oʻtini daʼvo bila,
Yopib edi pardai taqvo bila.[5]

 Shayx bolaligidan Qurʼoni Karimni yod olgan. U ilohiy kitobni oʻqiganda, hamshaharlari-hamadonliklar hayratga tushishgan: “Kichik yoshida Qurʼoni hifzi qilib erdi va asru xuyu oʻqur erdi…Barcha Hamadon ahli aning sheftasi edi.”[6] 17 yoshidan boshlab u Hamadon madrasalarida dars bergan. Keyinchalik tariqat yoʻlini tanlab, soʻfiylar safiga qoʻshilgan. Moʻlton shahriga borib, Shayx Bahouddin Zakariyo suhbatiga yetishib, unga murid tushgan: “Derlarki, chun Shayx ani xilvatqa oʻlturtti va oning chillasidin bir vajh oʻtti. Anga vajde (ilohiy jazava) yetishtiki, holi mustavli boʻldi va bu gʻazalni dediki,

Bayt: Vaqtiki, qadahga sharob qoʻydilar,
Avvalo mast soqiy koʻzidan qarz oldilar.[7] 

 Shayx ushbu sheʼrni baland ovoz bilan oʻqir va yigʻlar edi. Bu holni xonaqoh ahli koʻrib, bu holat “darveshlar tariqining xilofi toptilarki, Shayx tariqi xilvatda zikru muroqaba ishtigʻolidin oʻzga ish boʻlmas erdi. Ani inkor suratida Shayx (Bahouddin Zakariyo) arzigʻa yetkurdilar. Shayx dediki, sizlarga bulardin manʼdur. Anga manʼ yoʻqdur. Necha kun mundir oʻtti, Shayxning muqarriblaridin birining guzari xarobotqa tushti. Eshittiki, ul gʻazalni xarobatiylar changu chagʻona bila oʻqur erdilar. Shayx dedi: Ne eshitting, ado qil! Bu gʻazal adosida tafahhusqa chun yettikim,

Bayt: Oʻz sirlarini oʻzlari fosh etib,
Iroqiyni nega badnom qildilar?[8]

Shundan soʻng Bahouddin Zakariyo Iroqiyning manzili-Xarobatga yoʻl oladi. Iroqiy tashqariga chiqib, ulugʻ shayxning oyogʻiga boshini qoʻyadi. Shayx muborak qoʻli bilan shogirdining boshini tuproqdan koʻtarib, xirqa kiygizadi. Faxriddin Iroqiy yigirma besh yil Shayx Zakariyoga xizmat qiladi. Ustozi vafotidan soʻng uni oʻz oʻrniga xalifa qilib qoldiradi. Biroq, “riyoyi  soʻfilar Shayxning iltifotin bu martabada aning jonibi koʻrdilar. Hasad irqlari harakatga kelib, vaqt podshohigʻa yetkurdilarki, aning aksar avqoti sheʼr bila oʻtar va sohibjamol yigitlar bila suhbat tutar. Anga shayx xilofati istihqoqi yoʻqdur. Chun  shayx Iroqiygʻa bu maʼlum boʻldi. Haramayni sharafayn (Haj) safari ixtiyor qilib, ul davlatqa musharraf boʻlgʻondin soʻngra Rum sori tushti.”[9] Faxriddin Iroqiy Makka ziyoratiga borib, Bagʻdodda Shahobiddin Suhravardiy suhbatidan bahramand boʻlgan. Keyin Rumda Sadriddin Qunaviy huzuriga borgan va u yerda esa “Lamoʼat”  asarini yozgan: “Shayx Sadriddin Qunaviy suhbatigʻa yetib, tarbiyatlar topti va jameʼki Shayx xizmatida “Fusus” oʻqiydur erdilar, istimoʼ qildilar (tingladilar) va aning istimoʼi asnosida “Lamoʼat” bitidi va Shayx nazarigʻa kelturdi. Shayx pisand qilib, qabul raqamin ul sharif risolagʻa tortti.”[10] “Lamaʼot” (“Shuʼlalar”) risolasi Ahmad Gʻazzoliyning “As-savoneh fi maoniy ul-ishq” (“Ishq maʼnolari va voqealari”) hamda Muhyiddin ibn Arabiyning “Fusus ul-hikam” (“Hikmatlar gavhari”) asarlari taʼsirida yozilgan, 28 lamʼaga boʻlingan bu asarda ishq jarayoni va oshiq holatining muayyan koʻrinishi aks etgan. Abdulla Aʼzam Ye.Bertelsning fikriga tayanib, “Faxriddin Iroqiyning sof falsafiy asari “Lamaʼot” Ibn al-Arabiyning “Fusus ul-hikam” risolasining nazmdagi bayonidan iborat”,[11] degan.

Faxriddin Iroqiy umrini oxirida avval Misr va Shomga borib, keyin Damashqda muqim yashab qoladi.  

Navoiy Abdurahmon Jomiy huzuridagi kitobxonlik kechalarida “Lamoʼat”ni katta eʼtibor bilan oʻqib, oʻrgangan. “Xamsat ul-mutaxayyirin”da yozilishicha, “ul vaqtdakim, faqir (Navoiy) alar (Jomiy) xizmatida sufiya ramuz-u ishorat va alfozu iborot istilohin oʻtkarur erdim. Hazrati qutb us-solikin Shayx Faxriddin Iroqiy (quddisa sirruhu)ning “Lamoʼat”i orzusi xayolga koʻp evrulur erdi. Bir kun taqrib bila bu maʼnini izhor qildim. Alar (Jomiy) dedilarkim: “Tariqat mashoyixining forsiy kutub va rasoili oz mutolaa qililibdur, ammo chun havasing bor, andoq boʻlsin”.

To ulkim, ul sharif kitobni faqirgʻa (Navoiyga) sabaq ayturgʻa murtakib (kirishdilar)  boʻldilar, har kun sabaqda xushhol boʻlib taʼrif qilurlar erdikim, hazrat musannaf “Bar sunani “Savonih” ba zaboni vaqt imo raft” debturlar. Biz “Savonih” (Ahmad Gʻazzoliy asari) mutolaasida dagʻi muncha xushhol boʻlmaydur, erdukki, munda deb ayturlar erdi.

Bir necha sabaqdin soʻngra soʻz mushkulroq boʻlib, shuruhgʻa (sharhga) ehtiyoj izhori qildilar va Shayx Yorali sharhin va yana baʼzi shuruhni muborak nazarlarigʻa qoʻyib, ul sabaqni ayturlar erdi, to ulkim, koʻp mavoziʼda(oʻrinda) shorihlargʻa taʼnlar qila boshladilarkim, “bu soʻzning va ul soʻzning arosida koʻp farq bor. Hamonoki, maʼnisigʻa yetmay sharh bitibturlar” va bu soʻz takror topqondin soʻngra faqir arz qildimkim: “Mundoq nafis va mushkul kitobdin faqire bahra topay desa va sharh bu sharhlar boʻlsa, oyo, ne chora qilgʻay? Magar ham hazrati Maxdum (Jomiy) shafqat yuzidin toliblargʻa bu mushkulni oson qilgʻaylar”.

Andin soʻngra alar(Jomiy) “Ashiʼat ul-lamaot”ki bu toifa kutub va rasoili arosida maʼlum emaski, hargiz andoq sharh qalamgʻa kelmish boʻlgʻay – bunyod qildilar”.[12]

Asarning tili ogʻir, uslubi murakkab, ramzlarga boy boʻlgani uchun Navoiy ushbu risola mazmun-mohiyatini unga yozilgan sharhlar orqali tushunishga harakat qilgan. Ayniqsa, Jomiy tomonidan yozilgan sharh – “Ashiʼat ul-lamaʼot” (“Yorqin shuʼlalar”) orqali “Lamoʼat” sir-sinoatlari va yashirin maʼno qatlamlari ochila boshlagan:“…Hazrati shayx ul-mashoyix Faxr ul-millati vad-din Iroqiyning “Lamaot”idurkim, Hazrati Mahdum(Jomiy) ul kitobni bu faqir(Navoiy)gʻa sabaq ayturda aytur erdilarkim, “Bu kitobni nodon va beandom tavrligʻ (qoʻpol xulqli) va nohamvor (nomuvofiq) ravishliq elning koʻproq mashgʻulluq qilgʻoni xavos (xoslar) ahlida badnom qilgʻon ermishkim, baʼzi oʻqimas ermishlar. Bu jihatdin bu kitobning xoʻbliqlari yashurun qolgʻon ermish”. Asru izhor xushholliq va surur qilurlar erdi, sharh bitmagiga dagʻi bu bois boʻldi. Va ul sharhning fihristini bu ruboiy bila ibtido qilib turarlarkim:

Ruboiy: “Doimiy karam va doimiy saxovat kabi

Agar qadimiylik sirrining nuri boʻlgan “Lamaot” boʻlmaganda edi, Yomonlik zulmatlaridan kim bizni chiqarib olardiyu,

Kim bizni qadamlar toyilishidan qutqarardi?!”

Va ul sharhni bitirda “Fusus” va “Futuhot” va “Nusus” va “Fukuk” va aksar qavm(tasavvuf allomalari)ning umda kutubi muborak nazarlarida erdi, agarchi hech qaysigʻa boqgʻali ehtiyojlari yoʻq erdi. To ulkim, bu sharh bila “Lamaot”ni alar qoshida faqir(Navoiy) tugattim, birovki ul kitobni oʻqusa, faqir bu varaqda bitilgan soʻzlardin nishonligʻ soʻzlar topar va mundoq davlatgʻa abnoyi zamondin oz kishi, balki hech kishi musharraf boʻlmaydir”.[13]

M.Imomnazarovning yozishicha, “Navoiy Ibn al-Arabiy (1165-1240) irfonini Iroqiy talqinida (“Lamaʼot” asari asosida) Jomiy yordami bilan chuqur oʻzlashtirgach, keyin qushlar tilida (“Lison ut-tayr”) doston yozishga kirishdi. Shu sababli aytish mumkinki, Alisher Navoiy asari zohiran, Attor asariga tayangan boʻlsa, botanan, mazmun-mohiyatiga koʻra, Iroqiy qarashlarini rivojlantirgan.

Ye. E. Bertels 1941 yilda “Navoiy dunyoqarashiga doir” deb nomlangan maqola yozib, unda shoir ijodiga Ibn al-Arabiy va Faxriddin Iroqiylar taʼsirini alohida taʼkid etgan va bu masalani jiddiy oʻrganishga chaqirgan edi. Ammo hanuzgacha na navoiyshunoslar, na jomiyshunoslar ushbu muhim muammoga eʼtibor bergani yoʻq.”[14]

Albatta, “Asl soʻfiylar insonlarni “majoz”ga (suratga) mahliyo boʻlmay, Haqiqatni qidirishga, “maʼno”ga intilishga chaqiradilar. Haqqa yetishgan inson – Komil inson, Orifdir. Ammo XIII asrga kelib Avhadiddin Kirmoniy (vafoti 1298 yil), Faxriddin Iroqiy kabi soʻfiylar ijodida muammoning idroki teranlashdi. Ibn al-Arabiy gʻoyalari taʼsirida “Lamaʼot” asarini yozgan Iroqiy “haqiqat” va “majoz” nisbatini dengiz va tuzga qiyos etadi. Tuz dengiz suvi tarkibida boʻlgani uchun bu suvning har qatrasida ham tuz taʼmi bordir. Alisher Navoiy Jomiy rahbarligida Iroqiy irfonini maxsus oʻrgangach, u Amir Xusrav (Dehlaviy) va Hofiz (Sheroziy)lar izidan borib, “majoz”da “Haqiqat asrori”ni (sirlarini) koʻradi.”[15]

Muxtasar aytganda, Faxriddin Iroqiyning “Lamoʼat” asari Alisher Navoiyga tasavvuf ilmini teran anglashiga xizmat qilgan. Asar gʻoyalari buyuk shoir dunyoqarashini boyitib, asarlarida aks etgan, deyish mumkin.

[1]  Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. TAT. Oʻninchi jild.T.:Gʻ.Gʻulom nomidagi NMIU,2012.-B.472.
[2] Alisher Navoiy. Majolisun-nafois. Asarlar. Oʻn yuyesh tomlik. Oʻn ikkinchi tom. T.: Gʻ.Gʻulom nomidagi BAN,1966.-B.171-172.
[3] Donishmandlar tuhfasi. Ruboiylar. Tarjimon, nashrga tayyorlovchi, soʻzboshi va izohlar muallifi E.Ochilov. T.: Oʻzbekiston, 2009.-B.195.
[4] Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub.T.:Yangi asr avlodi-2019.77-b.
[5] Alisher Navoiy. Hayratul-abror. Xamsa. MAT. Yettinchi tom. T.: Fan, 1991.-B.198.
[6] Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. TAT. Oʻninchi jild.T.:Gʻ.Gʻulom nomidagi NMIU,2012.-B.471.
[7] Koʻrsatilgan asar.-B.471.
[8] Koʻrsatilgan asar.-B.471-472.
[9] Koʻrsatilgan asar.-B.472.
[10] Koʻrsatilgan asar.-B.472.
[11] Abdulla Aʼzam. Abrorlar hayrati// Jahon adabiyoti. Toshkent. 2021 yil, iyul.–№6 (289) son. -B.4.
[12] Alisher Navoiy. Xamsat ul-mutahayyirin. TAT. Oʻn jildlik. Beshinchi jild. T.: Gʻ,gʻulom nomidagi NMIU, 2012.-B.773.
[13] Koʻrsatilgan asar.-B.773-774.
[14] Imomnazarov M. Milliy maʼnaviyatimizning takomil bosqichlari. T: “Sharq” NMAK BT-1996.107-b.
[15] Koʻrsatilgan asar.112-113-b.
Sherxon QORAYEV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori,
SamDU tadqiqotchisi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …