Home / MAQOLALAR / NAJMIDDIN KUBRONING “ODOBUS SUFIYYA” ASARIDA SOF TASAVVUF BORASIDAGI QARASHLAR

NAJMIDDIN KUBRONING “ODOBUS SUFIYYA” ASARIDA SOF TASAVVUF BORASIDAGI QARASHLAR

Hozirgi kunda tariqatga ergashish kerak, musulmon kishi u siz yashab boʻlmaydi, deya koʻplab insonlarni oʻz yoʻliga ergashtirayotgan kimsalar mavjud. Tariqat haqiqatdan ham musulmon kishi ergashiladigan, musulmon kishi hayotining mazmuni boʻlgan, hamda odob-axloq dasturi sanaladigan yoʻldir. Ammo bu kim tariqatga ergashish daʼvosi bilan chiqsa unga ergashish kerak degani emas. Zero bu targʻibotni qilayotganlarning hammasi ham tariqatning asl mohiyatini anglab yetgan emas. Shuning uchun bu borada komil murshidni topish darkor. Undan tashqari asl tariqat mohiyati nimadan iborat ekanini bizlarga oʻrgatadigan, ahli tasavvuf ustozlar tomonidan yozilgan moʻtabar kitoblarni mutolaa qilib, oʻrganib borish maqsadga muvofiq.

Bu borada oʻrnak boʻladigan bobokalonlarimiz hamda ular yozib qoldirgan manbalar talaygina. Shulardan biri buyuk tasavvuf namoyandasi Najmiddin Kubro (r.a.)dir. U kishi biz musulmonlarga oʻrnak boʻladigan bir qancha manbalarni bitgan boʻlib, ularning hammasi oʻz oʻrnida moʻtabar, ahamiyatli manbalardir. Ana shulardan biri u kishining “Odobus sufiyya” (Soʻfiylik odoblari) asari boʻlib, bu asar ayni tasavvuf, tariqat, suluk sohiblari haqida boʻlib, haligacha tadqiqotchilar tomonidan keng oʻrganilib jamoatchilikka taqdim qilingani yoʻq.

Shunday ekan tasavvuf va tariqat borasida asl manba sanaladigan shu kabi asarlarni oʻrganish, uni tadqiq qilish hamda uning mazmun mohiyatini keng jamoatchilikka taqdim qilish biz kabi islomshunos tadqiqotchilarning zimmasidagi vazifadir. Zero bu kabi asarlar yurtdosh olimlarimiz tomonidan bir ikkitagina bitilmagan. Agar ular tomonidan yozilgan asarlar manbalar xazinasidan qidirilsa biz hali nomini ham eshitmagan bir qancha asarlar bitilganini aniqlash mumkin. Kubroviyya tariqati asoschisi, buyuk mutasavvif Najmiddin Kubroning Odobus sufiyya asari ham ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Chunki u kishining biz uchun eng mashhur va eʼtirof qilingan “Usulul ashar” (Oʻn asos) asaridir.

Najmiddin Kubroning “Odobus sufiya” asari bizning diyorlarda nashrdan chiqmagan. Izlanishlar natijasida u kishining bu asari Eron islom respublikasining poytaxti Tehron shahrida “Kutubxonayi Majlisi shoʻroyi milliy” nomli kutubxonada 78058\7741 invertar raqam ostida saqlanayotganligi aniqlandi. Ilmiy izlanishlar olib borish, asarni tadqiq qilish maqsadida kutubxonaning rasmiy veb sayti “كتابخانة إسلامي وتصوف” (islomiy va tasavvufga doir kitoblar kutubxonasi)dan kitobning elektron shakli yuklab olindi.

Ushbu qoʻlyozma asar faqat Najmiddin Kubroning Odobus sufiyya asari bilangina kifoyalanmay Saʼduddin Xurosoniyning “Tafsiri irfoniy”, hamda “Muntaxobut tavrot” asarlarini ham qamrab olgan

Asar tasavvuf ilmiga doir boʻlib, fors tilida yozilgan. U oʻz ichiga yettita bobni qamrab oladi. Har bir bobda solikning odoblari bosqichma-bosqich yoritib boriladi. 

  1. الباب الأول فى لبس الخرقة Soʻfiylik xirqasini kiyish[1]
  2. باب دوم در نشست وخاست صوفی Soʻfiyning oʻtirib turishi haqida[2]
  3. باب سیم در رفتن خانقاه Xonaqohga borish odobi haqida[3]
  4. باب چهارم در طعام خوردن Ovqatlanish odobi[4]
  5. باب پنجم در دعوات Mehmonga borish va mehmon kutish odobi[5]
  6. باب ششم در سماع Simo (eshitish) toʻgʻrisida[6]
  7. باب هفتم در سفر کردن Safar odoblari[7]

Najmiddin Kubro birinchi bobni bayon qilar ekan, gapni bunday boshlaydi:

“هر كرا إرادت إين راه پدید آید وخاهدکه خرقه  پوشد بایدکه از دست پیری پوشد”[8]

Yaʼni: “Har kim bu yoʻlni iroda qilsa va tariqat xirqasini kiyishni xohlasa uni pirning qoʻlidan kiysin”.

Bundan xulosa qilinadiki tariqat yoʻli mustaqil izlanishlar bilan yoki kitob mutolaa qilish bilan oʻzlashtiriladigan yoʻl emas. Balki, har bir solik buning uchun bir piri komil, murshid ustozni topishi va uning etagini tutish lozimdir. Undan tashqari har xil ijtimoiy tarmoqlari ham ilm manbai yoki bu yoʻlni tutish vositasi emas. Solikning yoʻlning avvalida qiladigan birlamchi ishi unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadigan ustoz topishdir. Hozirgi kunda tasavvuf yoʻlini tutishda koʻp yanglishishlar shu ustozsizlikdan yoki ustozni toʻgʻri tanlay bilmaslikdan deyish mumkin.

Najmiddin Kubro asarni davom ettirar ekan yana quyidagi iboralarni keltiradi:

“که اورا علم طریقت وشریعت وحقیقت باشد وعالم باشد باصول دین وعارف بود بآداب شریعت وواقف بود بر اسرار طریقت وحقیقت که تا چون مرید را اشکالی  افتد در شریعت بعلم خویش بیان کند[9]

 “Oʻsha pir shariat, tariqat va haqiqat ilmlari sohibi boʻlsin hamda usuli dinda olim, tariqatda orif boʻlsin. Shariat odoblarini tariqat va haqiqat sirlari orqali anglagan boʻlsin. Tokim muridda shariat masalalarida biror mushkulotga uchrasa oʻz ilmi orqali uni uni muridga yechib bera olsin”.

Demak komil murshid, haqiqiy orif Allohga yetishish kerak boʻlgan barcha vositalarni jamlagan, oʻzlashtirgan boʻladi. Buning uchun u uchta: shariat, tariqat va haqiqat yoʻllarining sohibi boʻlishi kerak. Afsuslanarli joyi shuki hozirgi kundagi aksariyat oʻzlaridan murshid yasab olgan shaxslar borki, ular ushbu uch yoʻlni jamlash u yoqda tursin ularning bittasini ham mohiyatini toʻliq tushungan emas. Shunday ekan tariqat yoʻlini tutmoqchi boʻlgan solik oʻz ustozining mana shu yoʻllar sohibi egasi ekaniga ham eʼtibor qilishi kerak boʻladi. Murshid tariqatdaman desayu shariat ilmlaridan bexabar boʻlsa, yoki haqiqatga erishgan orif boʻlmasa, uning murshidlik daʼvosi puchdir. Aslini olganda murshidlik daʼvo qilinadigan ish emas. Zero murshidni insonlarning oʻzi qidirib boradilar.

Undan tashqari Najmiddin zikr qilgan jumlalardan murshid ilmi hol egasi boʻlishi oʻz muridlarining holini bilib shunga yarasha tavsiya va koʻrsatma bera olishi zarur ekani ham tushuniladi. Chunki murshidning oldiga har xil saviya, har xil kasb, har xil dunyo qarash  egasi boʻlgan muridlar keladi. Tabiiyki ularning holati bir xil emas. Shunday ekan ular uchun beriladigan vazifa va koʻrsatmalar ham ularning holatiga bogʻliq boʻladi. Murshid ularning holatini toʻliq ihota qilmas ekan, oʻz muridlari uchun kerakli tavsiyalarni bera olmaydi.

“وچون در حقیقت سری پیدا شود به بصیرت خویش تحقق آن باز نماید[10]

Yaʼni: “Murid haqiqatni anglashda duch kelgan sirlarni oʻz basirati orqali tushuntira olsin”.

Demak murid oʻz ichidan oʻtayotgan barcha holatlardan oʻz ustozini voqif qilib turishi, bu ishlarni undan sir saqlamasligi lozim ekan. Zero bu ishlarni bajarmaslik uning yuksalishi, darajasini koʻtarilishiga toʻsqinlik qiladi.

Undan tashqari ustoz shogirdlik shu qadar mustahkam aloqa ekanki kishi ota-onasiga, ahli oilasi, bola-chaqasiga ayta olmaydigan sir asrorlarni oʻz ustoziga oshkor qiladi. Hamda ustoz uning dardiga malham boʻladigan tavsiyani beradi.

Eʼtibor qilinsa sof tariqatda ikki tomon (murshid va murid)ga ham mukammal, juda ham nozik talablar qoʻyilgan. Ikki tomon oʻz masʼuliyatlarini toʻliq bajarsalargina sof, toʻgʻri tariqat shakllanadi. 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar
  1. Najmiddin Kubro. Odobus sufiyya. – Tehron: “Kutubxonayi Majlis shoʻroyi Milliy”. №= 78058/7741. B.326.
  2. Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyari aʼlamin nubalo. – Bayrut: “Muassasatur risala”, 1990. 22\111.
  3. Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad al-Jomiy. Nafahotul uns. – Bayrut, “Dorul kutubil ilmiyya”, 2010. 2\574
  4. Voiz Haraviy Husayn ibn Ali Koshifiy. Rashahotu aynil hayot fi manaqibi mashayixit toriyqotin naqshbandiyya va adabuhum an-nabaviyyatu va asroruhum ar-robbaniyya. – Bayrut, “Dorul kutubil ilmiyya”, 2008. – B. 570.
  5. Ali Akbar Dehhudo. Lugʻatnoma. 104-jild. – Tehron, “Tehron universiteti” nashri, 1965. – B. 365.
  6. Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviy maʼnaviy, muqaddima. – Qobul. – B. 8.
  7. N.Ibragimov. Ibn Battuta I yego puteshestviya po Sredney Azii. – Moskva, “Nauka”, 1988. – B. 74.
  8. Ruboiynoma. Guzidan ruboiyot az Rudakiy Samarqandiy. Tehron, 1372. – B. 19.

 

Aʼzamjon TOSHBOYEV,
Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi
va manbashunosligi IRCIKA” kafedrasi tayanch doktoranti,
Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …