Home / XALQARO YANGILIKLAR / Yangi kitobni Misrning bir yoʻla uchta nashri eʼtirof etdi

Yangi kitobni Misrning bir yoʻla uchta nashri eʼtirof etdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda “Hilol-nashr” matbaa-nashriyoti hamkorligida chop etilgan Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” asari oʻzbek tilidagi sharhi kitobi haqida Misrning Cairo 24.com elektron nashri, elbalad.news sayti hamda Al-Azhar universitetining “Al-Azhar ovozi” gazetasida chop etildi.

Maqolalarda buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelayotgani, xususan Movarounnahr hududidan chiqqan buyuk muhaddis allomalarning hadis ilmi borasidagi boy ilmiy-maʼnaviy tajribasi islom sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qoʻshgani eʼtirof etilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Cairo 24.com elektron nashrida “Ilk marotaba… Sahihi Buxoriyning oʻzbek tiliga tarjimasi” nomi ostida chop etilgan maqola “Islom tarixi buyuk alloma va mutafakkirlarga boy. Islom kutubxonasini turli ilmlar bilan boyitgan olimlarning aksariyatini Osiyo qitʼasining daryodan narigi tomonidagi mamlakatlaridan topamiz. Bugungi kunda Oʻzbekiston davlati oʻz mamlakatida jahon sivilizatsiyasi va ilmiy taraqqiyoti hamda islom ilmlari rivojiga hissa qoʻshgan muhaddislar, tarjimonlar, ilohiyotshunos va huquqshunoslar hayoti va qoldirgan merosini ilmiy tadqiq etish yoʻli bilan oʻrganishga kirishgan”, degan soʻzlar bilan boshlangan.

Maqolada “Sahihi Buxoriy” asariga oʻzbek tilida berilgan sharhning xususiyatli jihatlariga keng oʻrin berilgan. elbalad.news saytidagi “Qurʼondan keyingi eng muqaddas kitob: “Sahih al-Buxoriy”ning oʻzbek tiliga ilk bor tarjimasi” nomli maqolada ushbu koʻp jildli sharh dunyo ulamolari bilan hamnafas boʻlish, oʻzbek xalqining “Sahih al-Buxoriy” tadqiqiga hissasi borligini isbotlash maqsadida yaratilgani taʼkidlangan. “Al-Azhar ovozi” gazetasi eʼlon qilgan “Yangi nashr. “Sahih al-Buxoriy”ning oʻzbek tilida batafsil izohi” nomli maqolada oʻzbek tilida taqdim qilingan mazkur nashr hadis ilmi borasidagi bilimlarni yanada mustahkamlash hamda Imom Buxoriyning boy maʼnaviy merosini toʻlaroq anglashga asos boʻlib xizmat qilishiga urgʻu berilgan.

Maqolalarning barchasida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov hamda Markaz direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyevning yangi nashr yuzasidan bildirgan fikrlaridan iqtiboslar keltirilgan. elbalad.news sayti hamda Cairo 24.com elektron nashri taʼbiri bilan aytganda “Kitob nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo xalqlari uchun qimmatli maʼnaviy meros sifatida baholanishiga ishonamiz”.

Manba: OʻzA

Check Also

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng …